Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Ijara shartnomalari boʻyicha JShDS asossiz hisoblanishi muammosi qanday hal etiladi
Kompaniya uzoq vaqtdan beri jismoniy shaxsdan binoni ijaraga olmayapti, ijara shartnomasi boʻyicha JShDS esa proaktiv hisobotda hisoblanishda davom etmoqda. Ushbu muammoning yechimi 2026 yil 19 noyabrda Soliq qoʻmitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi majlisida muhokama qilindi. Oʻzgarishlarning bir qismi allaqachon E-ijarada amalga oshirilgan, bir qismi esa qonunchilikka tuzatishlar kiritishni talab qiladi.
Majlis natijalari haqida Soliq qoʻmitasi va Jamoatchilik kengashi a’zosi Irodaxon ABBOSXONOVA xabar berishdi.
E’tibor bering
Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormaslik uchun Telegram-kanalimizga obuna boʻling.
2026 yildan boshlab ijaradan olingan daromadlar qismida JShDS boʻyicha proaktiv hisobot E-ijara ma’lumotlari asosida shakllantiriladi. Biroq, tizimda ijara munosabatlari tugatilgan shartnomalar hali ham hisobda mavjud.
Masalan, jismoniy shaxs binoni sotdi, lekin ijara shartnomasini E-ijarada hisobdan chiqarmadi. Kompaniya binodan foydalanmayapti, ijara haqini toʻlamayapti va sobiq ijaraga beruvchini topa olmayapti. Bunda ijaraga oluvchi shartnomani mustaqil ravishda hisobdan chiqara olmaydi. JShDS esa unga soliq agenti sifatida hisoblanishda davom etmoqda.
Muammoni hal qilish uchun ikkita mexanizm nazarda tutilgan.
Agar ijaraga beruvchi endi mol-mulk egasi boʻlmasa
Irodaxon ABBOSXONOVAning ma’lum qilishicha, Soliq qoʻmitasi allaqachon E-ijaraning yangi ishlash algoritmini ishga tushirgan. Agar ijaraga berilgan mol-mulk ijaraga beruvchi jismoniy shaxsning mulki sifatida hisobda turmasa, shartnoma avtomatik ravishda tizimdan oʻchiriladi va u boʻyicha proaktiv hisobotda JShDS hisoblanmaydi.
Buxgalterlarga yangi algoritm ishlaganligini tekshirishni tavsiya etamiz: bunday shartnomalar E-ijarada hisobdan chiqarilganmi va ular boʻyicha hisoblashlar proaktiv hisobotdan chiqarilganmi.
Agar shartnoma muddatidan oldin bekor qilinsa
Ijara shartnomasi bekor qilingan, ammo E-ijarada hisobdan chiqarilmagan, mulk esa avvalgidek ijaraga beruvchiga tegishli boʻlgan vaziyat murakkabroq.
Bunday holatlar uchun Jamoatchilik kengashi Vazirlar Mahkamasining 02.04.2022 yildagi 150-son qarori (1-ilova) bilan tasdiqlangan reglamentga qoʻshimcha kiritishni taklif etdi.
Shartnoma muddatidan oldin bekor qilingandan soʻng, sobiq ijaraga beruvchi uni E-ijarada hisobdan chiqarmasa, sobiq ijaraga oluvchi ushbu tartib-taomil tashabbusi bilan chiqishi mumkin. Buning uchun u soliq organiga shartnoma bekor qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak boʻladi.
Soliq qoʻmitasi Jamoatchilik kengashining tashabbusini qoʻllab-quvvatladi. Biroq, ijaraga oluvchilar yangi mexanizmdan faqat 150-son VMQga oʻzgartirishlar kiritilgandan keyingina foydalanishlari mumkin.
Jamoatchilik kengashi majlisida soliq qarzini soliq toʻlovchining debitorlari hisobidan undirish amaliyoti ham muhokama qilindi. Qonunchilik normalarini aniqlashtirish taklif etildi. Tafsilotlar hali e’lon qilinmagan.
Tavsiya
«Mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlardan JShDS boʻyicha hisobot proaktiv tartibda qanday toʻldiriladi» tavsiyasida ekspertlar quyidagilarni tushuntirdilar:
– jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara toʻlovining eng kam miqdori boʻyicha ma’lumotnoma-hisob-kitob qanday toʻldiriladi;
– shartnomalar boʻyicha ma’lumotlar «E-ijara» tizimi ma’lumotlari bilan qanday solishtiriladi;
– soliq hisoboti avtomatik tarzda shakllantirilgandan soʻng nima qilish kerak;
– ijaradan JShDS bitta toʻlov topshiriqnomasi bilan qanday toʻlanadi.
![]()