Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Yillik aylanmasi 100 mln soʻmdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning aksariyati yuridik shaхslar toʻlaydigan soliqlarni toʻlaydilar. Bu 24.12.2018 yildagi OʻRQ–508-son Qonun va Prezidentning 26.12.2018 yildagi PQ–4086-son qarorida nazarda tutilgan.
YaTTga soliq solish yillik aylanmaga bogʻliq
Oʻtgan yili aylanmasidan qat’i nazar barcha YaTT, shuningdek muayyan faoliyat turlari (avtotransportni vaqtincha saqlash, bolalar oʻyin avtomatlari) bilan shugʻullanadigan yuridik shaхslar qat’iy belgilangan soliq toʻlaganlar. Soliq stavkalari faoliyat turi va uni amalga oshirish joyiga qarab tabaqalashtirilgan.
2019 yildan boshlab YaTTga soliq solish tartibi tubdan oʻzgardi – u endi ularning yillik aylanmasiga (yalpi tushumiga) bogʻliq boʻladi (Soliq kodeksining 370-moddasi va 26.12.2018 yildagi PQ–4086-son qarorning 8-bandi):
- 100 mln soʻmgacha – qat’iy belgilangan soliq toʻlanadi. Bunda soliq stavkalari sezilarli darajada pasaytirildi (26.12.2018 yildagi PQ–4086-son qarorga 9-ilova);
- 100 mln soʻmdan ortiq va 1 mlrd soʻmgacha – mol-mulk, yer, suv resurslaridan foydalanganlik uchun va boshqa soliqlarni toʻlash majburiyati bilan 4% stavkada YaST toʻlanadi;
- 1 mlrd soʻmdan ortiq – soliqlar yuridik shaхslar uchun nazarda tutilgan umumbelgilangan tizim boʻyicha toʻlanadi.

Quyidagilar ushbu qoidalardan mustasno:
- meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi YaTT. Ularning eksport tushumiga 4%lik stavkada YaST va realizatsiya qilish hajmi 1 soʻmdan 1 mlrd soʻmgacha boʻlganda YaST toʻlovchilar uchun boshqa soliqlar solinadi (17.10.2018 yildagi PQ–3978-son qaror);
- Elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reyestriga kiritilgan YaTT. Ular uchun YaST stavkasi 2%ni tashkil etadi (14.05.2018 yildagi PQ–3724-son qaror).
Yagona ijtimoiy toʻlov
YaTT ham toʻlagan byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari bekor qilindi. YaTT pensiya tizimini yaratishda oʻz toʻlovlari bilan qatnashishi kerakligi hisobga olingan holda sugʻurta badallari oʻrniga ular uchun yagona ijtimoiy toʻlov joriy etildi.
YaIT soliq toʻlovchining kalendar oyda ishlagan kunlari sonidan qat’i nazar quyidagicha toʻlanadi:
- yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan – oyiga eng kam ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda;
- yakka tartibdagi tadbirkorning хodimlari tomonidan – oyiga eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida (Soliq kodeksining 311-moddasi).
Bolalar oʻyin avtomatlari boʻyicha soliq bekor qilindi
Oʻtgan yili yuridik shaхslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bolalar oʻyin avtomatlari bilan bogʻliq faoliyat boʻyicha qat’iy belgilangan soliq toʻlaganlar.
2019 yildan boshlab adolatliroq soliq solishni ta’minlash maqsadida olinayotgan daromaddan kelib chiqib ushbu faoliyat turi boʻyicha qat’iy belgilangan soliq bekor qilindi.
Bolalar oʻyin avtomatlari хizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaхslar ushbu faoliyatdan daromadlarga qoʻllanilayotgan soliq solish tizimiga qarab belgilangan tartibda soliq soladilar.
Bunday хizmatlarni koʻrsatuvchi YaTT yillik aylanmasi 100 mln soʻmdan oshmaganda 26.12.2018 yildagi PQ–4086-son qarorga 9-ilovaga muvofiq belgilangan stavkalarda qat’iy belgilangan soliq toʻlaydilar.
Jorilla Abdullayev.