9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Hukumatning 25.03.2019 yildagi 244-son qarori bilan Oʻzbekistonga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.
Nizom bilan belgilanishicha, ish beruvchilar bir yil muddatga beriladigan ruxsatnoma asosida Oʻzbekistonga xorijdan ishchi kuchini jalb qilishlari mumkin.
Chet el fuqarolari tasdiqnoma olganda Oʻzbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshiradilar.
Ruxsatnoma va tasdiqnoma olish uchun ish beruvchi davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat qiladi yoki xorijdan ishchi kuchini jalb qilish maqsadida ruxsatnoma olish uchun YaIDXP yoki onlayn-maydonchada roʻyxatdan oʻtadi.
Ruxsatnoma olish uchun ariza elektron shaklda toʻldiriladi, unga ish beruvchi pasportining nusxasi ilova qilinadi va ERI bilan tasdiqlanadi.
Arizani koʻrib chiqqanlik uchun 1 EKIH (202 ming 730 soʻm) miqdorida yigʻim undiriladi.
Oʻzi kelib murojaat etganda Davlat xizmatlari markazi 1 soat ichida arizani Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga yuboradi.
Agentlik 15 ish kuni ichida ruxsatnoma berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va bu haqda ish beruvchini xabardor qiladi.
Ish beruvchi ruxsatnoma olish uchun 5 ish kuni ichida 50 EKIH (10 mln 130 ming 500 soʻm) miqdorida yigʻim toʻlaydi.
Agentlik yigʻim toʻlangandan keyin 1 ish kuni ichida ruxsatnomani rasmiylashtiradi va uni ish beruvchiga yuboradi.
Tasdiqnoma olish uchun arizaga chet el fuqarosi toʻgʻrisidagi barcha ma’lumotlar ilova qilinadi.
Ariza bir soat ichida Agentlikka va hududiy mehnat organiga yuboriladi.
Hududiy mehnat organi 5 ish kuni ichida chet el fuqarolarini jalb qilish maqsadga muvofiqligi yoki maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida xulosa beradi.
Agentlik 15 ish kuni ichida tasdiqnoma berish yoki uni berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Ish beruvchi 5 ish kuni ichida tasdiqnoma olish uchun quyidagi miqdorda yigʻim toʻlashi kerak:
- vatandoshlar, yuqori malakali va malakali mutaxassislar, Prezident maktablari va oliy oʻquv yurtlarida ishlash uchun jalb etilayotgan oʻqituvchilar va mutaxassislar uchun – 2 EKIH (405 ming 460 soʻm) miqdorida;
- boshqa chet el fuqarolari uchun – 30 EKIH (6 mln 81 ming soʻm) miqdorida.
Toʻlov amalga oshirilgandan keyin 1 ish kuni ichida tasdiqnoma rasmiylashtiriladi va ish beruvchiga yuboriladi.
Lola Abduazimova.