Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Respublikamiz hududida mehmonxona xizmati koʻrsatish qoidalari: bron qilish, tashrif buyuruvchilarni rasmiylashtirish, nikoh munosabatlaridan qat’i nazar joy berish, bepul xizmatlar doirasi va boshqalarni belgilovchi namunaviy nizom qabul qilindi (20.05.2019 yilda 3160-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan).
Hujjatda joylashtirish vositalari: mehmonxonalar, turizm bazalari va majmualari, dam olish uylari va zonalari, pansionatlar, kempinglar, motellar, xostellar, oilaviy mehmon uylari, oʻtov va palatkali oromgohlar, sanatoriylar va vaqtincha yashash xizmatlarini koʻrsatadigan boshqa ob’yektlar, sh.j. tunash uchun qayta jihozlangan yer usti transportida mehmonxona xizmatlarini koʻrsatish tartibi belgilangan.
Mehmonxona xizmatlarining hajmi va sifatiga doir talablar, qonun hujjatlarida boshqa talablar nazarda tutilmagan boʻlsa, bajaruvchi (mehmonxona xizmatlarini taqdim qiluvchi tadbirkorlik sub’yekti) va tashrif buyuruvchi (buyurtmachi)ning kelishuviga binoan belgilanadi. Nomer (joy) narxi bajaruvchi tomonidan mustaqil belgilanadi.
Bu – muhim! Nizomda belgilanishicha, mehmonxona xizmatlari yashash joyi (propiska), fuqarolik, jismoniy shaxslarning qarindoshlik va nikoh munosabatlari, shuningdek shaxsiy hayot huquqini cheklovchi boshqa omillardan qat’i nazar koʻrsatilishi lozim.
Tashrif buyuruvchining kelish vaqtidan boshlab uning ketishigacha boʻlgan muddatda u band qilgan nomerga (joyga) turar joy daxlsizligi toʻgʻrisidagi qoidalar tatbiq etiladi.
Joylashtirish vositasi mijozni tanishtirishi shart boʻlgan ma’lumotlarning aniq roʻyxati belgilandi. Ular:
- bajaruvchi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar, xususan, uning nomi, manzili, bogʻlanish uchun telefon raqami, elektron pochta manzili;
- mehmonxona xizmatlari uchun muvofiqlik sertifikati nusxasi yoki mehmon uylari va xostellar reyestridan koʻchirma;
- nomerlar (joylar) narxi va unga kiradigan mehmonxona xizmatlari roʻyxati, shuningdek alohida toʻlov evaziga koʻrsatiladigan boshqa xizmatlar;
- imtiyoz olish huquqiga ega boʻlgan shaxslar toifasi roʻyxati va b.
Barcha ma’lumotlar tanishish uchun qulay boʻlgan joyda, masalan, qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish joyida (resepshen), rasmiy veb-saytida (agar mavjud boʻlsa) va h.k. joylashtiriladi. Bundan tashqari, joylashtirish vositalari xizmatlardan foydalanishga doir oʻz ichki qoidalarini ishlab chiqishlari va ularni har bir nomerda joylashtirishlari shart.
Nomerlarni bron qilish
Har qanday qulay shaklda, masalan, telefon orqali bron qilish mumkin. Kafolatlangan va kafolatlanmagan bron qilish turlari qoʻllaniladi. Kafolatlangan bron qilishda nomer tashrif buyuruvchi kelishigacha ushlab turiladi. Tashrif buyuruvchi belgilangan muddatdan kechikkan yoki kelmagan, bunda bronni oʻz vaqtida bekor qilmagan hollarda undan nomerning boʻsh turganligi uchun bir sutkadan koʻp boʻlmagan miqdorda toʻlov undiriladi. Bir sutkadan koʻp vaqtga kech qolganda bron bekor qilinadi.
Kafolatlanmagan bron qilishda nomer ma’lum bir soatga bron qilinadi. Belgilangan muddatda mijoz kelmaganda bron bekor qilinadi. Bajaruvchining ichki qoidalarida bron qilishning boshqa turlari ham belgilanishi mumkin.
Tashrif buyuruvchilarni rasmiylashtirish
Mehmonxona xizmatlari mehmon tomonidan pasport yoki uning oʻrnini bosuvchi boshqa hujjat koʻrsatilganidan soʻng taqdim etiladi. Roʻyxatdan oʻtkazish yashovchilarni hisobga olishning avtomatlashtirilgan maxsus elektron dasturi orqali amalga oshiriladi.
Mijozning talabiga koʻra joylashtirish vositasi u bilan elektron yoki yozma shaklda shartnoma tuzishi lozim, unda bajaruvchi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar, taqdim etilayotgan nomer toʻgʻrisidagi ma’lumotlar, uning narxi, boʻlish muddati va h.k. qayd etiladi.
Tashrif buyuruvchilarga kecha-kunduz xizmat koʻrsatilishi ta’minlanadi.
Tashrif buyuruvchilar uchun bepul xizmatlar
Mehmonxona xizmatlari haqi har sutkada toʻlanishi yoxud soatbay toʻlov belgilanishi mumkin. Quyidagi xizmatlar bepul koʻrsatilishi lozim:
- tez yordam va boshqa maxsus xizmatlarni chaqirish;
- tibbiyot dori qutichasidan foydalanish;
- tashrif buyuruvchining nomiga yuborilgan yozishmalarni yetkazib berish;
- ma’lum vaqtda uygʻotish;
- qaynagan suv, ignalar, iplar, idish-tovoqlar va oshxona anjomlarining bir toʻplamini taqdim etish;
- bajaruvchining ixtiyoriga koʻra boshqa xizmatlar.
Mehmonxona nimalar uchun javobgar boʻladi
Joylashtirish vositasi tashrif buyuruvchining saqlash uchun topshirilgan buyumlarining butligi uchun Fuqarolik kodeksining 899-moddasiga muvofiq javobgar boʻladi. Bunda buyumlarning saqlash uchun qabul qilinganligini tasdiqlovchi hujjat rasmiylashtiriladi.
Bundan tashqari, bajaruvchi tuzilgan shartnoma talablari va shartlariga javob bermaydigan xizmatlarni taqdim etish natijasida tashrif buyuruvchining hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararni qoplashi shart.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.05.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.