9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan mablagʻ ajratish tartibi haqidagi nizom tasdiqlandi (VMning 27.05.2019 yildagi 433-son qarori).
Eslatib oʻtamiz, davlat investorlarni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlamoqda:
a) basharti 2022 yil 1 yanvargacha foydalanishga topshirilsa, 3 yulduzli toifaga va 50 ta xonadan kam boʻlmagan xonalar fondiga ega yoki 4 yulduzli toifaga va 100 ta xonadan kam boʻlmagan xonalar fondiga ega boʻlgan yangi mehmonxonalarni qurish va jihozlash xarajatlarining bir qismi mehmonxona toifasi tasdiqlanganidan keyin qoplanadi. Qoʻshimcha ravishda tashkil etilayotgan xonalar fondi 50 mingtaga yetguniga qadar moliyalashtirish davom ettiriladi. Subsidiya miqdori 3 yulduzli mehmonxonadagi har bir xona uchun 40 mln soʻmni va 4 yulduzli mehmonxonada 65 mln soʻmni tashkil etadi;
b) franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma kuchga kirgan paytdan boshlab (5.01.2019 yildan soʻng) 3 yil davomida dunyoning taniqli va nufuzli mehmonxona brendlaridan (top-50 mehmonxona brendlari reytinglariga koʻra) foydalanish boʻyicha tashkilotlar – Oʻzbekiston rezidentlarining royalti qisman moliyalashtiriladi:
- 3 yulduzli toifaga ega boʻlgan dastlabki 50 ta mehmonxona – har bir mehmonxonaning bitta xonasi uchun yillik 200 AQSh dollari ekvivalentida;
- 4 yulduzli toifaga ega boʻlgan dastlabki 30 ta mehmonxona – har bir mehmonxonaning bitta xonasi uchun yillik 400 AQSh dollari ekvivalentida.
Royaltini moliyalashtirishning umumiy hajmi koʻpi bilan 10 mln AQSh dollari ekvivalentiga teng boʻladi.
Investorlar va tashkilotlar ariza topshirish sanasiga quyidagi asosiy talablarga javob berishi zarur:
- Soliq kodeksiga muvofiq toʻlanishi lozim boʻlgan soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzi boʻlmasligi;
- tugatish va bankrotlik jarayonida boʻlmasligi;
- Davlat byudjetidan Prezident va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari asosida moliyaviy ta’minot va xarajatlarni qoplash maqsadlariga mablagʻlarni jalb qilmasligi, mazkur hujjat asosida olingan mablagʻlar bundan mustasno.
Subsidiya olish yoki qisman moliyalashtirish uchun arizalar Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasida koʻrib chiqiladi, u tegishli qaror qabul qiladi. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda Moliya vazirligi – Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hisobvaraqlariga, u esa investorlarning banklardagi hisobraqamlariga mablagʻ oʻtkazadi. Butun tartib-taomil 30 kundan koʻp vaqtni olmaydi. Hujjatlardagi kamchiliklarni bartaraf etish va ularni takroran koʻrib chiqishga tegishincha 2 oy va 5 ish kuni ajratiladi.
Mehmonxonaning toifaga egaligi (3 yoki 4 yulduzli) subsidiya ajratilganidan keyin kamida 5 yil ta’minlanishi lozim, aks holda toʻlangan mablagʻlar Davlat byudjetiga qaytariladi. Biroq 4 yulduzli mehmonxona 3 yulduzli boʻlib qolsa, subsidiyalarning tegishli summalari oʻrtasidagi farq, ya’ni har bir xona uchun 25 mln soʻm qaytariladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.05.2019 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.