Loyiha ishlari endi qat’iy vaqt doirasida cheklandi

preview

2019 yil 9 sentyabrdan qurilish ob’yektlari uchun loyiha-tadqiqot ishlari qiymatini aniqlashning yangi tartibi joriy etildi (roʻyxat raqami 3180, 9.09.2019 yil). Ilgari amal qilgan tartib oʻz kuchini yoʻqotdi.

Yangi Nizom talablari, xuddi avvalgidek, markazlashtirilgan manbalar, davlat boshqaruv organlari va davlat korxonalari mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan qurilish ob’yektlari uchun loyiha-tadqiqot ishlari qiymatini aniqlashda qoʻllaniladi, boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladigan qurilish ob’yektlari uchun tavsiyaviy xarakterga ega.

Buyurtmachi tomonidan loyiha-tadqiqot ishlarining (keyingi oʻrinlarda – loyiha ishlari) qiymati loyiha-tadqiqot hujjatlarini (loyiha, ishchi loyiha va ishchi hujjatlar) ishlab chiqish, shuningdek ishchi loyihalashdan oldingi texnik-iqtisodiy asoslar va texnik-iqtisodiy hisob-kitob bosqichlarida buyurtmachi tomonidan aniqlanadi. Loyiha ishlarining joriy narxlarda belgilangan qiymati ushbu ishlarning ijrochisini aniqlash uchun davlat xaridlarini amalga oshirishda boshlangʻich qiymat sifatida qoʻllaniladi.

Loyiha ishlarining qiymatini aniqlash mexanizmi oʻzgarmadi. Summa qurilish ob’yektining murakkablik darajasidan va belgilangan roʻyxat boʻyicha alohida xarajatlarni kiritgan holda ob’yekt qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi. Hisob-kitoblar tasdiqlangan formulalar boʻyicha amalga oshiriladi.

Shu bilan birga loyiha ishlarini amalga oshirish muddatlari belgilandi:

  • kapital ta’mirlash ob’yektlari boʻyicha - 1,5 oy;
  • rekonstruksiya ob’yektlari boʻyicha - 3 oy;
  • namunaviy loyihalar va bazaviy loyihalar asosida yangi qurilayotgan ob’yektlar boʻyicha - 3–4 oy.

Buyurtmachi va loyiha tashkilotlari oʻrtasida tuziladigan shartnomada loyiha-tadqiqot hujjatlarini ishlab chiqish muddatlari koʻrsatiladi.

Bundan tashqari, loyihalashtirishni murakkablashtiruvchi omillar roʻyxatiga tuzatishlar kiritildi, ushbu omillarga qarab tuzatish koeffitsiyentlari belgilanadi. Roʻyxatdan yer uchastkasi seysmik bardoshligining 7-8 ballik hisobi chiqarib tashlandi (faqat 9 ballik hisobi saqlanib qolindi), murakkab yer uchastkalarida (hududning zichligi, sizot suvlar darajasi yuqori boʻlgan va boshqalarda) ob’yekt qurilishi, arxitektura, texnika va muhandislikka oid qarorlarni qoʻllash borasida yangiliklar kiritildi. Ularning oʻrniga loyihalarni BIM (Building Information Management) texnologiyalari asosida bajarish va «Fast track» usulida loyihalashtirish (bir vaqtda loyihalashtirish, xarid qilish va qurilish ishlari) joriy etildi.

Shuningdek quyidagilarni belgilash tartibiga tuzatishlar kiritildi:

  • ishchi loyihani ishlab chiqish qiymatining hisob-kitob darajasi;
  • turli bosqich va jarayonlarda loyihaoldi-asoslovchi hujjatlarni va ishchi hujjatlarni ishlab chiqish qiymati miqdori;
  • hisobga olinmagan ishlar qiymati.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 9.09.2019 yildan kuchga kirdi.    

Lenara Xikmatova.


Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text153743_loyiha_ishlari_endi_qatiy_vaqt_doirasida_cheklandi