9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Soʻnggi yilda Oʻzbekistonda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari soni keskin oshdi. Ular tomonidan QQS hisobotlari taqdim etilayotgan boʻlsa-da, ba’zi holatlarda mazkur hisobotlarda nomutanosibliklar kuzatilmoqda. Soliq organlari bunday kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrmoqda. Vaziyatga DSQning Kameral nazorat boshqarmasi boshligʻi Aziz Xoshimov oydinlik kiritdi.
– Aziz Ozodovich, tadbirkorlar QQSni hisoblash va toʻlash bilan bogʻliq qanday xatoliklarga koʻproq yoʻl qoʻymoqda?
– Soliq organlari koʻpgina holatlarda QQS “zanjirining uzilishi” boʻyicha qoʻshimcha soliqlarni hisoblashiga toʻgʻri kelmoqda.
– QQS “zanjirining uzilishi”da qoʻshimcha soliq hisoblanishini tushuntirib oʻtsangiz?
– “Zanjirning uzilishi” – ikkita soliq toʻlovchi boʻlgan biznes-hamkor kontragentlarning QQS hisobotida bitta amaliyot boʻyicha kiritgan ma’lumotlarining bir-biriga mos kelmasligidir. Bu esa tomonlardan birining QQSni kam toʻlashiga olib keladi.
Bunday vaziyatda soliq organlari ogohlantiruvchi tegishli tadbirlarni amalga oshirganidan soʻng, toʻlanmagan QQS summalarini mustaqil ravishda hisoblaydilar. Ya’ni qoʻshimcha QQS hisoblanib, byudjetga toʻlanadigan soliq summasi undiriladi.
– “Zanjir uzilishi” bilan bogʻliq jarayon haqida batafsil ma’lumot bersangiz.
– Ma’lumki, hisobvaraq-fakturada 2 tomon – sotuvchi va xaridor ishtirok etadi. Binobarin, tovarlarni QQS bilan sotgan tomon uni byudjetga toʻlashi kerak, xaridor tomon esa uni hisobga olishga haqli.
Koʻpgina holatlarda “zanjir uzilishi”ning uchta turi mavjud:
Birinchi holat – xaridor tomonidan QQS summasini asossiz hisobga olish bilan bogʻliq. Ya’ni bu sotuvchidan QQS bilan olinadigan hisobvaraq-fakturasi mavjud emasligi yoki tovarlar (xizmatlar) yetkazib beruvchisi QQS toʻlovchisi emasligida namoyon boʻladi.
Ikkinchi holat – sotuvchi oʻzining QQS hisobotida sotishdan tushgan daromadini aks ettirmay joʻnatishga hisobvaraq-fakturani rasmiylashtiradi. Xaridor korxona esa soliq hisobotida yetkazib beruvchidan olingan hisobvaraq-fakturalarni koʻrsatadi va ushbu hisobvaraq-fakturalarda aks etgan QQS miqdorini hisobga oladi.
Uchinchi holat – sotuvchi sifatida “bir kunlik firmalar” deb ataladigan firibgar korxonalarga taalluqli. Bunday firmalar tovarsiz operatsiyalarni amalga oshirib, aslida hech qanday ish yoki xizmatlarni bajarmagan holda, soxta hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtiradi. Boshqa tomon (xaridor) esa soxta hisobvaraq-fakturalarda aks etgan QQS summasini hisobga oladi va toʻlanishi kerak boʻlgan soliq miqdorini kamaytiradi.
Hozirgi kunda soliq organlari QQSni hisoblashda bunday qonunbuzarliklarni aniqlamoqda va ularni bartaraf etish choralarini koʻrmoqda. QQS ma’muriyatchiligi kameral nazorat vaqtida “zanjirdagi uzilishlar”ni zudlik bilan aniqlash imkonini bermoqda.
– Soliq organlari bunday tafovutlarni qanday aniqlamoqda?
– Bunday holatlarni aniqlash uchun soliq xizmati organlari tomonidan sotuvchi va xaridorning hisobvaraq-fakturalarini avtomatik ravishda solishtiradigan maxsus “Taxlika-tahlil” dasturi ishlab chiqilgan.
– Tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, ba’zida soliq toʻlovchilar QQS boʻyicha hisobotida xatoga yoʻl qoʻyganliklarini bilishmaydi. Ular bu haqda bilib, qoʻshimcha toʻlovlardan qanday qilib holi boʻlishlari mumkin?
– Soliq organlari soliq toʻlovchilarning my.soliq.uz portalidagi “shaxsiy kabinetlari” orqali oldindan xabarnomalarni yuboradilar. Bunda tadbirkorlar ixtiyoriy ravishda QQSni qayta hisob-kitob qilishlari, yangilangan soliq hisobotlarini taqdim etishlari yoki aniqlangan tafovut (nomutanosiblik)ni asoslab berishlari kerak.
Aks holda, soliq organlari soliq toʻlovchining shaxsiy kartochkalarida byudjetga toʻlanadigan QQS summasini hisoblash choralarini koʻradilar. Ammo bu eng oxirgi chora ekanligini ta’kidlash kerak.
Shunga e’tiborli boʻlish kerakki, qayta koʻrib chiqilgan soliq hisoboti soliq toʻlovchi tomonidan QQS xatoligi aniqlangan oy uchun taqdim etilishi shart. Ushbu davrdan boshlab penya har kechiktirilgan kun uchun 0,045 foiz stavkada hisoblanadi.
– QQS boʻyicha qoʻshimcha toʻlov hisoblanmasligi uchun tadbirkorlar qanday ehtiyot choralarini koʻrishlari kerak?
– Birinchidan, har bir tadbirkor barcha hisobvaraq-faktura hisobini yuritishi, uni saqlashi va soliq idoralariga ular toʻgʻrisida hisobot taqdim etishi kerak.
Ikkinchidan, lozim darajada ehtiyotkor boʻlish va insofli biznes-hamkorlarni tanlash kerak.
Bitim tuzishdan avval oʻz kontragentingiz QQS toʻlovchisi ekanligini DSQning rasmiy veb-sayti www.soliq.uz orqali “QQS toʻlovchilarini aniqlash” boʻlimidan tekshirib olish lozim. Xususan, kontragentingizda QQS toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtganlik haqidagi guvohnomasi mavjudligi yoki u bekor qilinganligini aniqlab olish mumkin.
Uchinchidan, QQS boʻyicha hisobotni topshirgandan keyin e’tiborli boʻlish talab etiladi. Soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali davlat soliq xizmati organlarining xabarnomalari (talabnomalari)ni tekshirish kerak. Shunga muvofiq, soliq organlarining soʻroviga binoan QQS sumasini hisobga olish uchun huquq beruvchi yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi.
– Bugungi kunda QQS toʻlovchilarining soni 71 mingdan oshganligini hisobga olsak, QQS boʻyicha qoʻshimcha hisoblangan soliq toʻlovchilar soni qanchani tashkil etmoqda?
– Bunday choralar faqat turli sabablarga koʻra soliq hisobotlarida nomutanosiblik kelib chiqqan va soliq organlarining soʻroviga binoan aniqliklashtirilgan QQS hisobotlarini qayta taqdim etmagan soliq toʻlovchilarga nisbatan qoʻllaniladi. Qoʻshimcha soliqlar hisoblangan sub’yektlar soni 1417 tani tashkil qilib, bu umumiy toʻlovchilar sonining 2 foizidan oshmaydi.
Agar bunda tadbirkorlar soliq organiga hisobotdagi tafovutlarsiz QQS summalarini aks ettiruvchi asoslovchi hujjatlarni taqdim etsalar, soliq organlari darhol toʻlangan summalarni toʻliq hajmda qaytarib beradilar.
DSQ matbuot xizmati
Bu-muhim