Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
QHTBT portalida Vazirlar Mahkamasining Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan coliqlarni toʻlash muddatlarini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqidagi qarori loyihasi joylashtirilgan. U Soliq kodeksining 99-moddasiga muvofiq ishlab chiqilgan.
Soliqlarni toʻlash muddatlari toʻlashni kechiktirish yoki soliqlarni teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash koʻrinishida oʻzgartirilishi mumkin. Mahalliy davlat hokimiyati organlari aylanmadan olinadigan soliq, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, mol-mulk soligʻi va yer soligʻi toʻlov muddatlarini 24 oygacha boʻlgan muddatga oʻzgartirishga haqli.
Yuridik shaxslarga toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati soliq toʻlovchining sof aktivlari qiymatidan oshmaydigan summaga nisbatan beriladi.
Soliqlarni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati manfaatdor shaxsga quyidagi asoslardan loaqal bittasi boʻlganda berilishi mumkin:
- manfaatdor shaxsga tabiiy ofat, texnologik falokat yoki boshqa bartaraf etib boʻlmaydigan holatlar natijasida zarar yetkazilganda;
- manfaatdor shaxsni byudjetdan (davlat maqsadli jamgʻarmalaridan) moliyalashtirish kechiktirilganligi yoki ushbu shaxs tomonidan bajarilgan davlat buyurtmasi, davlat ehtiyojlari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining ehtiyojlari uchun bajarilgan ishlar va (yoki) koʻrsatilgan xizmatlar haqini toʻlash kechiktirilganda;
- manfaatdor shaxs soliqni bir yoʻla toʻlashi oqibatida uning nochorligi (bankrotligi) alomatlari paydo boʻlishi xavfi yuzaga kelganda;
- jismoniy shaxsning mulkiy holati (qonun hujjatlariga muvofiq undiruv qaratilishi mumkin boʻlmagan mulk hisobga olinmaganda) soliqni bir yoʻla toʻlash imkoniyatini istisno etganda;
- manfaatdor shaxs tomonidan tovarlar yoki xizmatlarni ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish mavsumiy xususiyatga ega boʻlganda va boshqalar.
Soliqlarni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati dastlabki uchta asos boʻyicha berilganda foizlar hisoblanmaydi. Agar boshqa asoslar boʻyicha berilsa – qarz summasiga MBning kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash davrida amal qilgan qayta moliyalashtirish stavkasiga teng stavkadan kelib chiqib foizlar hisoblanadi.
Manfaatdor shaxs soliqlarni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berish toʻgʻrisidagi arizani tegishli vakolatli organga berishi kerak. Unga muayyan davr uchun biznes-reja va soliqlarni toʻlash grafigi, soliqlar boʻyicha penyalar va jarimalar, barcha hisobvaraqlar toʻgʻrisida ma’lumotlar va boshqa hujjatlar ilova qilinadi. Barcha hujjatlar 3 nusxada topshiriladi.
Agar ariza beruvchiga nisbatan soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishi bilan bogʻliq jinoyat alomatlari boʻyicha jinoiy ish, bankrotlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa va boshqa holatlarda soliqlar toʻlash muddatlarini oʻzgartirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi mumkin.
Soliq toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berish yoxud uni berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ariza olingan kundan e’tiboran 30 kun ichida qabul qilinadi. U xalq deputatlari shahar va tuman Kengashi raisi yoki oʻrinbosari tomonidan imzolanadi. Qarorda qarz summasi, soliq qarzi summasi va hisoblangan foizlarni toʻlash tartibi hamda muddatlari, garov toʻgʻrisidagi hujjatlar va bank kafolati koʻrsatiladi. Agar toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati uchinchi shaxs kafilligi yoki mulk garovi evaziga beriladigan boʻlsa, muddatni oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qaror mulk garovi toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilgandan keyin kuchga kiradi.
3 kun ichida qaror nusxalari tegishli soliq organiga yuboriladi, u ham ushbu qarorni olgandan keyin 3 kun ichida soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetida toʻlovni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisida xabarnoma joylashtiradi.
Loyiha 2020 yil 26 martga qadar muhokama qilish, fikr-mulohaza va takliflarni kiritish uchun joylashtirilgan.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Lola Abduazimova.