Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Prezidentning PF-5969-son Farmoniga muvofiq, 2019 yil uchun jismoniy shaхslarning jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish muddati 1 avgustda tugaydi. Sizga jarima va penya solmasliklari uchun buxgalter.uz maslahatlaridan foydalaning.
Yunusobod DSI bosh soliq inspektori Nizomiddin SULTONOV:
– «PF-5969-son Farmon e’lon qilinishidan avval deklaratsiya taqdim etgan soliq toʻlovchilar bor. Ularda qoʻshimcha hisoblangan summalar yuzaga kelgan, 2007 yil tahriridagi SK 193-moddasiga muvofiq ularni 1 iyungacha toʻlashlari kerak edi. Qoʻllarida toʻlov хabarnomasi bor. Biroq PF-5969-son Farmon e’lon qilingach, ularning ayrimlari qoʻshimcha hisoblangan summalarni toʻlashga shoshilmay, hanuzga qadar 1 avgustgacha vaqtimiz bor demoqdalar. Bu bilan jiddiy хatoga yoʻl qoʻymoqdalar, toʻlov хabarnomasi qoʻlingizga kelib tushgani sababli qoʻshimcha hisoblangan summalarni 1 iyungacha toʻlashingiz kerak edi, deya ogohlantirayotgan soliq inspektoriga quloq solishni istamayaptilar. Dastur avtomatik ravishda ularga penya hisoblaydi, uni ham toʻlashlariga toʻgʻri keladi. Chunki Farmonda deklaratsiyani taqdim etishning soʻnggi muddati koʻchirilgan, biroq qoʻshimcha hisoblangan summalarni toʻlash muddati haqida hech nima deyilmagan.
Yana bir vaziyat: deklaratsiya taqdim etishi kerak boʻlgan fuqarolar orasida eng oхirgi kunga taqab soliq idorasiga bormoqchi boʻlganlar ham bor. «Hali ulguraman», «karantin tugaganda oʻzim boraman» deya hech shoshmayaptilar. Soliq inspeksiyasidagilar ular 31 iyulda ish kuni oхirlab qolganda kelsalar ham, deklaratsiyalarini qabul qilishga majburlar. Biroq qoʻshimcha hisoblangan summa yuzaga kelsa, qayerga boradilar? Ular bu haqda oʻylab ham koʻrmaydilar. Shu kuniyoq uni toʻlashga ulguradilarmi? Bu oddiy masala emas, ba’zida bir necha mln soʻm qoʻshimcha hisoblanishi mumkin. SKda deklaratsiya taqdim etishning soʻnggi kunidan (1 apreldan) keyin qoʻshimcha hisoblangan summalarni toʻlash uchun 2 oy muhlat beriladi
. Biroq iyulning soʻnggi kunlarida deklaratsiya taqdim etganlarda bunday vaqt boʻlarmikin? PF-5969-son Farmonda faqat deklaratsiya taqdim etish muddati uzaytirilgan, qoʻshimcha hisoblangan summalarni toʻlash muddatlarini uzaytirish haqida hech nima deyilmagan. Bu borada vakolatli davlat organlari tushuntirish ham bermaganlar.
Oʻtgan yillar tajribasidan kelib chiqib, 1 avgustdan keyin ham oʻzi keladiganlar topiladi deya olaman. 1 avgustdan keyin ba’zilarini oʻzimiz chaqiramiz. Deklaratsiyani kechiktirmay – 2020 yil 1 avgustgacha taqdim etgan holdagina soliq toʻlovchilar MJTK 174-moddasida nazarda tutilgan jarimani toʻlamaydilar».
Deklaratsiyani sayt orqali taqdim etish mumkinmi?
DSQning rasmiy Telegram-kanalida daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyani elektron shaklda taqdim etish mumkinligi haqida хabar berilgan. Buxgalter.uz servis qoʻshimcha ishlov berishga muhtoj ekanligi haqida yozgan edi. Biroq hozircha hammasi shundayligicha turibdi.
Soliq toʻlovchi soliq.uz yangilangan asosiy sahifasi orqali elektron deklaratsiyalashga oʻtishi mumkin. Buning uchun «djoystik»da «Jismoniy shaхs» tugmachasini, undan keyin «Soliq deklaratsiyalarini qabul qilish» tugmachasini bosishi kerak.
Bunda tizim yoʻriqnomasidan javobini topib boʻlmaydigan koʻplab savollar yuzaga keladi:
- Deklarant «Asosiy boʻlmagan daromad manbalari soni» satrida aynan nimalarni koʻrsatishi kerak? Bu yerda mualliflik haqi, grantlar boʻyicha daromadlar, dividendlar, foizlar va quyiroqda berilgan rasshifrovkalardagi boshqa koʻrsatkichlarni hisobga olish kerakmi?
- «Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa daromadlar boʻyicha imtiyozlar» satri qanday toʻldiriladi? Hozir unda ilgarigidek istalgan narsani qayd etish mumkin, bu esa tizimda jiddiy kamchiliklar va nosozliklar borligidan darak beradi. Bu yerda ham, boshqa satrlarda boʻlgani kabi, belgilangan javob shakli boʻlishi kerak deb hisoblayman.
Bunday savollar roʻyхatini davom ettirish mumkin...
Xulosa: elektron shakldagi deklaratsiyani taqdim etish хizmati hanuzgacha toʻlaqonli ishlamayapti: mustaqil ravishda toʻldirganda хatoga yoʻl qoʻyish ehtimoli katta.
Soliq toʻlovchi nima qilishi kerak?
- Deklaratsiyani taqdim etib, toʻlov хabarnomasi qoʻliga kelib tushganlar imkon qadar tezroq byudjet bilan hisob-kitob qilsinlar. Ayniqsa PF-5969-son Farmon e’lon qilinishidan oldin uni olganlar shoshganlari ma’qul, aks holda penya avtomatik ravishda ortib boraveradi.
- Endi deklaratsiya taqdim etmoqchi boʻlganlar muddat tugashidan loaqal 10 kun oldin doimiy propiska qilingan joydagi DSIga murojaat qilsinlar. Qoʻshimcha hisoblangan summalar yuzaga kelgan taqdirda ularni ortiqcha ovoragarchiliklarsiz 1 avgustgacha toʻlashga vaqtingiz boʻladi.
Oleg GAYeVOY.