Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
May oyi uchun QQS hisob-kitobini toʻldirayotganda tizim 18 iyungacha imzolanmagan hisobvaraq-fakturalarning «avtomat-provodkasi» uchun ishlamadi. Shu sanagacha hisobot joʻnatgan buxgalterlar qanday qilib boʻlsa ham vaziyatdan chiqish va realizatsiyaning toʻgʻri koʻrsatkichlarini aks ettirish uchun bir tomonlama hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishga majbur boʻldilar. Natijada endi, EHF tizimi xaridorga yuborilgan hisobvaraq-fakturalar koʻrsatkichlarini, hatto ularni imzolamagan boʻlsa ham, hisobga olayotganda tizimda may oyi uchun ikki xil realizatsiya koʻrsatkichlari aks etmoqda. Bunday vaziyatda buxgalter nima qilishi kerak? Buxgalter.uz tushuntiradi:
Tabiiyki, «may oyidagi» hisobot davri QQS hisob-kitobiga – 4 va 5-ilovalarga hisobvaraq-fakturalardagi ma’lumotlarni qoʻlda kiritish imkonisiz xarid qilingan va realizatsiya qilingan tovarlar va xizmatlar boʻyicha reyestrlarni avtomatik toʻldirishga oʻtish qismida barcha uchun «eksperimental» boʻlganiga buxgalter aybdor emas.
May oyi uchun bir tomonlama hisobvaraq-fakturani endi bekor qilib boʻlmaydi, sababi EHF tizimi uni qayd etib ulgurgan. Vaziyatdan chiqishning bitta yoʻli bor: endi buxgalterlar hosil boʻlgan tovarlar, xizmatlarning ikki xil realizatsiya summasini «ayirish» maqsadida 2020 yil may oyi uchun bir tomonlama hisobvaraq-fakturaga tuzatish kirituvchi (ayiruvli) hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishlariga toʻgʻri keladi.
Soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA tizim ishidagi boshqa muammoli jihatlarga ham e’tiborni qaratdi:
– «Vositachilik va transport-ekspeditorlik tashkilotlari, shuningdek ijaraga beruvchilar va ularning kontragentlarida koʻp qiyinchiliklar yuzaga keldi. Vositachilar va ijaraga beruvchilar komitent – kommunal xizmatlarni (elektr energiyasi, issiqlik energiyasi va h.k.) yetkazib beruvchi nomidan uch tomonlama EHFni qayta taqdim etdilar, bu ularda koʻrsatilgan komitentlar uchun kutilmagan holat boʻldi. Sababi ularning reyestriga hatto ular shartnoma tuzmagan shaxslardan EHF kelib tushdi!
Joriy yilning yanvar–aprel oylarida bunday operatsiyalar toʻgʻri sozlangan edi, biroq may oyidan boshlab komitentlar va tashuvchilarda realizatsiya summasi ikki marta aks eta boshladi. Endi ular ham xizmatlarning ikki xil realizatsiyasini yoʻqotish uchun harakat qilishlariga toʻgʻri keladi.
Nihoyat, yana bitta muammo: EHF tizimi «bojxonadagi» QQS kechiktirilishini hisobga olmaydi. Tizim QQS hisob-kitobiga 4-ilovada BYuD boʻyicha QQS summasini IM–40 rejimida koʻrsatib, SK 266-m. 1-q. 3-b. muvofiq byudjetga soliq summasi kelib tushishini hisobga olmaydi. Axir bu salmoqli summa, u hali byudjetga kelib tushmagan».
P.S.: EHF tizimi test rejimida ishlayotganini, soliq toʻlovchilar xatolar bilan shakllangan EHF reyestriga qoʻlda tuzatish kirita olmasliklarini hisobga olgan holda, bunday vaziyatda rahbarlar va buxgalterlarga nisbatan jarima sanksiyalari qoʻllanmasligi, kameral nazorat oʻtkazish uchun vaj yuzaga kelmasligi kerak, deb oʻylaymiz.
Tatyana LIMAREVA tayyorladi.