9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Uzoq davom etgan karantin cheklovlari sharoitida tadbirkorlarda buxgalteriya hisobini autsorsingga topshirish imkoniga boʻlgan qiziqish tobora ortmoqda. Yuridik masalalar boʻyicha «Norma» ekspertlari – advokat Eleonora MAZUROVA va yurist Albert SAFIN buxgalter.uz iltimosiga koʻra bunday yechimning ijobiy va salbiy jihatlari haqida gapirib berdilar:
Autsorsing nima oʻzi?
– Oddiy qilib aytganda, autsorsing – kompaniyangiz funksiyalarining bir qismini tashqi ijrochi – buxgalteriya hisobini yuritishga ixtisoslashgan chet tashkilotga topshirish. Bunday kompaniyalar shtatida soliqlar va buxgalteriya hisobi boʻyicha mutaxassislar boʻlib, ular korxonangiz uchun hisob siyosatini oʻzlari ishlab chiqadilar.
Mohiyatan olganda, autsorsing – uzoq muddatli tusga ega boʻlgan xizmatlarni koʻrsatish shartnomasi. Ijrochi xizmat koʻrsatilayotgan kompaniyaning buxgalteriya hisobi uchun uning rahbariyati bilan tengma-teng javobgar boʻlib, soliq organida uning manfaatlarini himoya qilishi mumkin.
Autsorsing afzalliklari
1. Yirik korxonalarga tejash imkonini beradi
Buxgalterlar shtatini saqlagandan koʻra, yirik kompaniya buxgalteriyasini autsorsingga topshirish deyarli har doim moliyaviy jihatdan foydaliroq boʻladi. Buxgalteriya hisobini yuritish uchun autsorsing tariflarini siz buxgalteriya xizmati – bosh buxgalter, moddiy buxgalter, buxgalter-iqtisodchi, kassir, buxgalter yordamchisi va boshqalarga toʻlaydigan ish haqi summasi bilan solishtirishning oʻzi kifoya.
Autsorsingda qat’iy belgilangan tarif boʻyicha summani toʻlaysiz, kompaniyaning oʻzi siz uchun kerakli mutaxassislarni ajratadi.
2. Ish haqi bilan bogʻliq soliqlarni toʻlash kerak emas
Buxgalteriyani autsorsingga topshirgach, faqat xizmat haqini toʻlaysiz, ya’ni oddiy yetkazib beruvchilar bilan boʻlganidek ishlaysiz. JShDS va ijtimoiy soliq haqida esa qaygʻurmaysiz.
3. Ish joyini jihozlashga hojat qolmaydi
Oʻzingizga qarashli yoki ijaraga olingan qoʻshimcha xonalarni buxgalteriya uchun ish kabinetlari qilib ajratishga, kompyuterlar, tashkiliy texnika, litsenziyalangan buxgalteriya dasturlari, yozuv-chizuv tovarlari va boshqalarni sotib olishga zarurat yoʻq. Faoliyat yuritishingiz uchun koʻproq joy qoladi yoki ijara toʻlovi summasi kamayadi.
4. Autsorsing kompaniyalarida, odatda, yuqori malakali mutaxassislar ishlaydi
Autsorsing bilan shugʻullanadigan har qanday kompaniya obroʻsini yoʻqotmaslik payida boʻladi, oʻz sohasida raqobatbardosh boʻlishga intiladi. Ular oʻz mijozlariga e’tiborli boʻladilar, xizmat koʻrsatadigan har bir kompaniyani qadrlaydilar. Shu sababli shtatlarida bir nechta buxgalter boʻlib, ularning har biri muayyan sohaga ixtisoslashgan boʻladi. Yuzaga keladigan murakkab masalalarni birgalikda hal qiladilar, bu esa xatoga yoʻl qoʻyish ehtimolini kamaytiradi.
Bir vaqtning oʻzida koʻpgina kompaniyalarga xizmat koʻrsatish davomida autsorsing kompaniyalarida respublikaning barcha hududlarida huquqni qoʻllash amaliyoti shakllanadi, ular soliq organlari bilan yaqin aloqa oʻrnatadilar, bu ham juda muhim ahamiyatga ega. Amaliy tajribalari va sohaning barcha «nozik jihatlarini» bilishlari jihatidan shtatdagi buxgalterlardan bir pogʻona baland turadilar.
5. Autsorsing kompaniyasi bilan doim aloqa bogʻlash mumkin
Shtatdagi buxgalterdan farqli ravishda kompaniya kasal boʻlmaydi yoki ta’tilga chiqmaydi. «Sizga ishlaydigan» kompaniya mutaxassisi vaqtincha ish joyida boʻlmasa, uning oʻrniga boshqasi buxgalteriyangizni yuritishda davom etadi. Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va ta’til pulini toʻlashingizga ham toʻgʻri kelmaydi.
6. Autsorsing kompaniyasi oʻz mutaxassislarining xatolari uchun javob beradi
Autsorsing boʻyicha ijrochining aybi bilan soliq inspeksiyasi korxonaga jarima sanksiyalarini qoʻllasa yoki penya hisoblasa, autsorsing kompaniyasi ushbu xarajatlarni qoplaydi. Buning uchun autsorsing xizmatlari koʻrsatish shartnomasini tuzayotganda ushbu shartni nazarda tutishingiz zarur.
Buxgalteriya hisobi va soliqlar boʻyicha davlat organlari bilan yuzaga keladigan – soliq nazoratidan boshlab sudlargacha boʻlgan barcha masalalarni ham autsorsing kompaniyasi zimmasiga olishi kerakligi haqida avvalboshdan kelishib oling.
7. Kadrlarning ketib qolishidan xavfsiramaysiz
Rahbarlar buni yaxshi tushunadilar: xodimlarga pul tikasiz, oʻzingizga mos mutaxassis «yetishtirasiz», u esa bilim va tajriba orttirgach, yaxshiroq ish izlab ketib qoladi. Bosh buxgalter nufuzliroq joyda ishlashga loyiqman degan qarorga kelgan boʻlsa, hatto maoshini oshirib ham masalani hal qila olmaysiz. Mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari soliq tekshiruvi oʻtkazilayotgan yoki hisobot topshirilayotgan davrda ham xodimni ushlab turishingizga yoʻl qoʻymaydi.
Autsorsing kamchiliklari
1. Buxgalteriyangizni yuritayotgan mutaxassisni koʻrmaysiz
Ayrim rahbarlar bu bilan buxgalteriya hisobi nazoratsiz qoladi deb oʻylashlari mumkin. Buning ustiga, shtatdagi buxgalter soliq solish, mablagʻlarning harakatlanishi va boshqa masalalarning u yoki bu jihatlarini doim rahbarga tushuntirib berishi mumkin. Umuman olganda, buxgalter korxonada oʻz ish joyida oʻtirganini koʻrib, koʻp rahbarlar oʻzlarini xotirjam his qiladilar.
2. Autsorsingdagi xodimdan koʻra shtatdagisi ishonchliroq tuyuladi
Koʻpincha ayni shu holat rahbarni ishni autsorsingga topshirishdan toʻxtatib turadi. Chet kompaniya barcha sirlaringizdan boxabar boʻlishi aniq. Rahbar bilan «bitta aravada» boʻlgan shtatdagi buxgalter bilan boʻlganidan koʻra, bu holda tijorat siri fosh boʻlishi ehtimoli katta boʻladi degan xavfsirash yuzaga keladi.
3. Ayrim masalalarni hal qilishga koʻproq vaqt ketishi mumkin
Buxgalteriya masofadan turib ishlaganda rahbar masalani hal qilish uchun buxgalterni ikki daqiqaga kabinetiga chaqira olmaydi. Boz ustiga – muammoni telefon orqali yoki yozishmalar bilan hal qilish mushkul boʻlgan va shaxsan uchrashish ma’qul boʻlgan vaziyatda.
Autsorsingda mutaxassis korxonangizning ishini yuritish bilangina cheklanmaydi, shu sababli shaxsan uchrashishga deyarli vaqti boʻlmaydi.
4. Shtatdagi buxgalter parallel ravishda boshqa ishni ham bajarishi mumkin
Koʻpincha korxonaning bosh buxgalteri koʻp vazifalarni bajarishi hech kimga sir emas. U – ham kadrlar boʻyicha mutaxassis, ham yurist, ba’zida esa ham ombor mudiri. Ayniqsa, uncha katta boʻlmagan kompaniyalarda buxgalter buxgalteriya hisobiga umuman aloqasi boʻlmagan vazifalarni bajaradi. Buxgalteriyani autsorsingga topshirishga qaror qilsangiz, buxgalteriya hisobiga bevosita aloqasi boʻlmagan qoʻshimcha majburiyatlarni bajarish uchun alohida xodimlarni yollashingizga yoxud oshirilgan oylik haq toʻlagan holda shartnoma tuzishingizga toʻgʻri keladi.
5. Autsorsing kompaniyalarining standart yondashuvi
Ixtisoslashtirilgan kompaniyalar yuritadigan buxgalteriya hisobi birmuncha standart va konveyer tusiga ega boʻlishi mumkin. Murakkab xoʻjalik operatsiyalari amalga oshiriladigan oʻziga xos biznes yuritsangiz, aynan sizning sohangizga ixtisoslashgan oʻz buxgalteringizni «yetishtirganingiz» ma’qulroq. Toʻgʻri, bu holda tajriba orttirgach, ishdan boʻshab ketmasligi uchun uni yaxshigina ragʻbatlantirishingizga toʻgʻri keladi.
6. Soliqqa oid tavakkalchiliklarni baholay olmaslik ehtimoli mavjud
Autsorsing kompaniyasining mutaxassisi hujjatlaringizdagi axborotni haqiqatdagisi bilan solishtirish imkoniga ega boʻlmagani sababli soliqqa oid tavakkalchiliklarni doim toʻgʻri baholamaydi. Shtatdagi buxgalter esa, misol uchun, yetkazib berish va sotish hajmi, omborlarning sigʻimi, xodimlarning soni bilan bogʻliq real vaziyatni bilgani uchun kelgusida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan u yoki bu tavakkalchiliklarni oldindan koʻra oladi.
7. Prognozlashning mushkulligi
Bu ayniqsa odatda rejalashtirish boʻlimi mavjud boʻlmagan kichik va oʻrta biznes korxonalariga tegishli. Iqtisodiyot jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan bu paytda biznes yoʻnalishini oʻzgartirish, yangi bozorlarni oʻzlashtirish, investitsiyalarni jalb etish chogʻida va boshqa vaziyatlarda rahbar buxgalterdan iqtisodiy koʻrsatkichlarni hisob-kitob qilishni koʻp iltimos qiladi. Autsorsingdagi buxgalter yo bu ishni butkul bajara olmaydi, yoxud buning uchun qoʻshimcha haq toʻlashni talab qiladi.
Xulosa chiqaramiz:
Sanab oʻtilgan barcha afzalliklar va kamchiliklar istalgan autsorsing kompaniyasiga va har qanday shtatdagi buxgalterga xos deb boʻlmaydi, albatta. Har bir vaziyat – oʻziga xos. Shu sababli qaror qabul qilishdan oldin uning barcha ijobiy va salbiy jihatlarini mustaqil ravishda baholang, har bir hisob yuritish usuli qancha sarf-xarajat talab etishini hisoblang, aynan sizning biznesingiz uchun qay biri foydaliroq ekanini chamalab koʻrib, qaror qabul qiling.
![]()