Ta’tillar jadvaliga “muddatli” shartlarda ishlovchi xodimlarni qoʻshish lozimmi?

preview

- Rejali tekshirishda bizga ta’tillar jadvali mavjud emasligi yuzasidan tanbeh berishdi. Bizning kompaniyamiz kichik, 10 nafar xodim ishlaydi, ularning ba’zilari – “muddatlilar”. Bunday jadvalni tuzish majburiymi? Unga atigi 6 oyga ishga qabul qilinganlarni ham kiritish lozimmi?

Buxgalter.uz iltimosiga binoan oʻquvchimiz savoliga “Norma”ning mehnat huquqi boʻyicha eksperti Lenara XIKMATOVA javob berdi:

- MKning 144-moddasiga murojaat qilamiz. Unda yillik ta’tillarni berish navbati jadvalga muvofiq belgilanishi aytilgan. Bunda qonunchilik tashkilot xodimlarining soni yoki uning mulkchilik shakliga bogʻliq holda hech qanday istisno qilmaydi. Ta’tillar jadvali – bu bevosita Mehnat kodeksida nazarda tutilgan lokal normativ hujjat boʻlib, u majburiy tartibda har bir korxonada boʻlishi kerak. Siz mikrofirma yoki sanoat “giganti”, xususiy kompaniya yoki davlat tashkiloti boʻlasizmi – marhamat qilib kelasi kalendar yil uchun oʻz xodimlaringizning dam olishini rejalashtirib qoʻying.

Tashkilotda ta’tillar jadvalining mavjud emasligi – bu mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishi hisoblanadi, buning uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan . Shuningdek, uni oʻz vaqtida va toʻgʻri rasmiylashtirish ham muhim. MKning 144-moddasi hujjatni kalendar yil boshlangunga qadar kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib tasdiqlash majburiyatini yuklaydi. Jadval, qoidaga koʻra, yil yakuniga yaqin tuziladi. Agar uni kelasi yilning yanvarida tasdiqlashgan boʻlsa va  xodimlarning vakillik organi bilan kelishilmagan boʻlsa – buni huquqbuzarlik deb hisoblashlari mumkin.

Ta’tillar jadvali quyidagilar uchun zarur:

  • xodimlarning yillik ta’tilga chiqish navbatini belgilash;
  • oldindan (kamida 2 hafta oldin) xodimni ta’til vaqti haqida xabardor qilish;
  • unga oldindan oʻrnini bosuvchini topish;
  • foydalanilmagan ta’til kunlarining yigʻilib qolishiga yoʻl qoʻymaslik. Buning uchun keyingi yil uchun ta’tillar jadvalini tuzishdan oldin  ulardan joriy yilda foydalanilishi tahlil qilinadi va foydalanilmagan ta’tillarni kelasi yilda taqdim etish tartibi belgilanadi;
  • ta’tillarni xodimlar orasida korxonaning me’yordagi ish jarayonini buzmaydigan tarzda taqsimlash;
  • ta’til uchun haq toʻlash. Ta’til uchun haq toʻlash muddatlari jamoa shartnomasida belgilanadi va ta’til boshlanmasidan oldingi oxirgi ish kunidan kechiktirilmasligi lozim .

Ta’tillarni taqdim etish navbati, qoidaga koʻra, tashkilot faoliyatining xususiyatlariga bogʻliq, shu bois jadval tuzishning yagona varianti mavjud emas. Har bir tashkilot kim va qachon ta’tilga chiqishi masalasini hal qilgan holda oʻz xodimlarining manfaatlari va ular bajaradigan vazifalar xususiyatiga e’tibor qaratadi.

Masalan, mavsumiy tusdagi ishlarga ega kompaniyalar, ta’lim muassasalari oʻzining aksariyat xodimlariga ularga juda zarurat boʻlmagan muayyan vaqt davrida bir vaqtda ta’til berishlari mumkin.

Xodimlarni ta’tillar jadvali bilan tanishtirish zarurmi

Mehnat kodeksi buni toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutmaydi. Faqat MKning 144-moddasi 2-qismida ta’til berish vaqti haqida xodim ta’til boshlanishidan kamida 15 kun oldin xabardor qilinishi kerak deyilgan. Biroq baribir xodimlarni jadval bilan tilxat olib tanishtirish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz, sababi – bu xodimlarning huquq va manfaatlariga toʻgʻridan-toʻgʻri daxl qiluvchi tashkilotning lokal hujjati.

Tasdiqlangan ta’tillar jadvali toʻgʻrisidagi axborotni xodimlarning e’tiboriga qay tarzda yetkazish – butunlay siznig ixtiyoringizda. Misol uchun, xodim jadvalning oʻzida – buning uchun maxsus ajratilgan grafada imzo qoʻyishi mumkin. Shuningdek, xodimning imzosi ta’tillar jadvali bilan tanishtirish varagʻida, kompaniyaning lokal normativ hujjatlari bilan tanishtirish jurnali va h.k.da turishi mumkin. Boshqacha aytganda, xabardor qilishning qanday shaklini tanlamang, asosiysi – tanishtirish dalilini tasdiqlash.

“Muddatlilar”ni  ta’tillar jadvaliga qoʻshish kerakmi

Muddatli mehnat shartnomasi asosida ishlaydigan xodimlar nomuayyan muddatga qabul qilingan xodimlar ega boʻlgan xuddi shu huquq va kafolatlarga egadirlar. Shu bois ularga ta’til taqdim etish – ish beruvchining toʻgʻridan-toʻgʻri majburiyati. Biroq mehnat shartnomalari juda qisqa muddatga, masalan, 6 oy yoki hatto undan kam muddatga tuzilishi mumkin. Mehnat kodeksida faqatgina muddatli shartnoma amal qilishining eng koʻp muddati – 5 yil belgilangan, uning quyi chegarasi – belgilanmagan.

MKning 143-moddasiga asosan yillik asosiy ta’til birinchi ish yili uchun mehnat shartnomasi boʻyicha 6 oy ishlangandan keyin beriladi. Shu bois jadvalga 6 oy va undan kam muddatga qabul qilingan xodimlarni qoʻshish zarur emas, deb fikrlash mantiqan toʻgʻri.

Shu bilan birga, lokal hujjatlar va mehnat shartnomasida xodim uchun qonun hujjatlariga nisbatan qoʻshimcha mehnat huquqlari va kafolatlari oʻrnatilishi mumkin. Xususan, xodim birinchi ish yili uchun 6 oy ishlangunga qadar ta’til olish huquqini qoʻlga kiritgan hollarni korxona ularda mustahkamlab qoʻyishi mumkin (masalan, ularda “ish bilan bandlik” muayyan kalendar davri va h.k.ga bogʻliq kompaniyalarda). Shuningdek, bunday huquqni mehnat shartnomasiga kiritgan holda ishga qabul qilishda yoki keyinchalik kelishib olish mumkin.

Shu  tariqa, agar lokal hujjatda yoki mehnat shartnomasida yarim yilga qabul qilingan “muddatliga”  6 oy oʻtgunga qadar ta’til taqdim etish mavjud boʻlsa – uni albatta ta’tillar jadvaliga qoʻshing. Agar bunday shart boʻlmasa, xodimni jadvalga qoʻshmasa boʻladi, sababi ish tugagunga qadar u hali ta’til olish huquqiga ega boʻlmaydi. Biroq shuni yodda tutingki, mehnat shartnomasini bekor qilish chogʻida siz foydalanilmagan ta’til uchun ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda kompensatsiya toʻlab berishingiz kerak boʻladi.

Shuningdek, yodda tuting, mehnat shartnomasi muddati oʻzgartirilishi mumkin va xodim 6 oy ishlagandan keyin ta’til olish huquqiga ega boʻladi. Shu bois agar siz vaqtinchalik xodimni ta’til sanalarini koʻrsatmagan holda jadvalga yozib qoʻysangiz, xato boʻlmaydi. Siz sanalarini keyinroq, taraflar ta’til berish toʻgʻrisida kelishib olishgan taqdirda kiritib qoʻyishingiz mumkin boʻladi. Xodimning familiyasi yonida izoh belgisini qoʻyish, izohning oʻzida esa – mehnat shartnomasining amal qilishini koʻrsatish va mehnat shartnomasi muddati oʻzgartirilgan taqdirda ta’til vaqti rejalashtirilishi haqida yozib qoʻyish mumkin.

Bundan tashqari, qonun toʻgʻridan-toʻgʻri 6 oy oʻtmasdan oldin ta’til olish huquqini kafolatlaydigan xodimlar toifasini ham unutmang :

  • ayollarga - homiladorlik va tugʻish ta’tili oldidan yoki undan keyin;
  • I va II guruh nogironlariga;
  • 18 yoshga toʻlmagan shaxslarga;
  • muddatli harbiy xizmatdan rezervga boʻshatilgan va ishga joylashgan harbiy xizmatchilarga;
  • oʻrindoshlik asosida ishlayotganlarga - asosiy ish joyidagi ta’til bilan bir vaqtda, oʻrindoshlik asosida ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda haq toʻlagan holda;
  • ishlab chiqarishdan ajralmagan holda umumiy ta’lim maktablarida, oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurtlarida, kadrlarning malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash institutlari va kurslarida oʻqiyotganlarga - agar ular oʻzlarining yillik ta’tillarini imtihonlar, sinovlar (zachyotlar) topshirish, diplom, kurs, laboratoriya va boshqa oʻquv ishlarini bajarish vaqtiga toʻgʻrilab olishni xohlasalar;
  • MKning 100-moddasi 2-qismining 1-bandiga binoan ishdan ozod etilgan xodimlarga;
  • maktablar, oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurtlari, kadrlarning malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash institutlari va kurslarining muallimlar tarkibiga birinchi ish yilida yillik ta’til ularning mazkur oʻquv yurtiga ishga kirgan vaqtidan qat’i nazar haqiqiy ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda haq toʻlagan holda yozgi ta’til davrida toʻliq beriladi.

Ta’til vaqti: hisoblash, rejalashtirish, koʻchirish, foydalanish boʻyicha javoblar ta’til vaqti, ta’tilni hisoblash, ta’tilni rejalashtirish, ta’tilni ko‘chirish, ta’til kompensatsiyasi, mehnat qonunchiligi Kadrlar ish yuritishida ta’til davri: muddati qanday hisoblanadi, ta’tilni qanday rejalashtirish kerak, kunlarni koʻchirish qoidalari va ta’til turlaridan foydalanish xususiyatlari. Barcha muhim savollarga javoblar Buxgalter.uz saytida! /oz/publish/doc/text163960_tatillar_jadvaliga_muddatli_shartlarda_ishlovchi_hodimlarni_qushish_lozimmi