MHXS asosida buxgalteriya hisobi: soliq oqibatlari

preview

ElectEx kompaniyasi DSQdan MHXS boʻyicha buxgalteriya hisobi ma’lumotlarini MHXSga oʻtayotgan korxonalarga soliq solish maqsadlari uchun qoʻllash toʻgʻrisidagi soʻrov yuzasidan javob oldi. Buxgalter.uz iltimosiga binoan kompaniyaning ekspertlari DSQning javobini sharhlab berishdi.


- Nima uchun MHXS boʻyicha savol bilan DSQga murojaat qilish zarur boʻldi va qanday javob olindi?

-   Bizlarda, MHXS va soliq hisobi boʻyicha ekspertlar sifatida soliq maqsadlari uchun MHXSni qoʻllash boʻyicha konseptual savollar tugʻilmadi. Buxgalteriya hisobi va soliq solish sohasidagi amaldagi qonunchilikda PQ-4611-son qarorga muvofiq xalqaro standartlarga oʻtadigan korxonalar va tashkilotlar tomonidan soliq hisobi maqsadlari uchun MHXS qoʻllanilishi yetarlicha aniq koʻrsatilgan. Biz 2020 yil martdan boshlab bir necha marotaba mazkur masala yuzasidan TG-kanalimizda yozdik. Biroq, afsuski, soʻnggi paytlarda buxgalteriya hamjamiyatida soliq hisobi BHMS boʻyicha ma’lumotlar asosida qolayotganligi haqida fikrlar paydo boʻlmoqda va muhokama qilinmoqda. Koʻrqinch va uydirmalarni tamomila yoʻq qilish uchun biz DSQga bunday savol bilan murojaat qildik:


“Buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotni tartibga soluvchi qanday standartlar PQ-4611-son qarorning 1-bandida koʻrsatilgan korxonalar uchun soliq solish maqsadlarida hisob uchun asos hisoblanadi: MHXSmi yoki BHMS?”.

Biz unga javob oldik:

“... MHXSga oʻtgan soliq toʻlovchilar uchun soliq solish maqsadlarida hisob faqat SK qoidalariga muvofiq keluvchi qismida koʻrsatilgan standartlarga asoslanadi. Bunda soliq solish soliq qonunchiligiga normalariga asosan amalga oshiriladi”.

Keling DSQ javobining mohiyatini koʻrib chiqamiz.

Dastlab javobning ushbu qismini koʻrib chiqamiz: “... MHXSga oʻtgan soliq toʻlovchilar uchun soliq solish maqsadlarida hisob ... koʻrsatilgan standartlarga asoslanadi...”. Nima uchun?

SKning 76-moddasi 3-qismiga asosan soliq solish maqsadlarida hisobga olish buxgalteriya hisobi ma’lumotlariga asoslanadi. Buxgalteriya hisobi va hisob hujjatlarini yuritish tartibi buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

Keyin, “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasiga asosan buxgalteriya hisobi sub’yektlari MHXSni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoʻllashi mumkin.

Keyin, PQ-4611-son qarorning 1-bandiga asosan aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari, sugʻurta tashkilotlari va yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar 2021 yil 1 yanvardan boshlab, MHXS asosida buxgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etadi.

Shu tariqa, barcha uchta normativ-huquqiy hujjatni izchil qoʻllagan holda, DSQ MHXS - soliq hisobi uchun asos, degan xulosaga kelmoqda.

Endi DSQ javobining keyingi qismini koʻrib chiqamiz: “...faqat SK qoidalariga muvofiq keluvchi qismida koʻrsatilgan standartlarga asoslanadi. Bunda soliq solish soliq qonunchiligiga normalariga asosan amalga oshiriladi”.

Misol uchun, SKning 296-moddasi 2-qismiga asosan soliq bazasini SKning XII boʻlimida belgilangan tartibda va shartlarda aniqlashda soliq toʻlovchi daromadlarining va (yoki) xarajatlarining (zararlarining) ayrim turlari maxsus qoidalar boʻyicha inobatga olinishi yoki inobatga olinmasligi mumkin.

Ya’ni SKda daromadlar va xarajatlarning hamma turlari ham soliq solish maqsadlarida mazkur buxgalteriya hisobiga muvofiq hisobga olinmasligini aniq bayon etadi. Daromadlar va xarajatlarning ayrim turlari SK qoidalariga muvofiq hisobga olinadi. Soliq hisobining ushbu konseptual tamoyili keyinchalik SKning moddalarida ham tasdiqlanadi. Masalan:

  • SKning 297-moddasi 8-qismiga asosan, agar daromadni buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq e’tirof etish daromadni SKga muvofiq aniqlash va e’tirof etish tartibidan farq qilsa, mazkur daromad soliq solish maqsadlarida SKda belgilangan tartibda hisobga olinadi;
  • SKning 305-moddasi 9-qismiga asosan, agar buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq xarajatni e’tirof etish SKga muvofiq xarajatni aniqlash va e’tirof etish tartibidan farq qilsa, mazkur xarajat soliq solish maqsadlarida SKda belgilangan tartibda hisobga olinadi.

Soliq hisobini yuritishning ushbu konseptual qoidalarining qoʻllanilishini DSQ oʻz javobida tasdiqladi.


- PQ-4611-son qaror talablariga muvofiq keladigan korxonalar hisobni faqat MHXS boʻyicha yuritishlari shartmi? Yoki ular parallel ravishda BHMS boʻyicha ham hisob yuritishga haqlimi?

- PQ-4611-son qarorning 1-bandi unda koʻrsatilgan korxonalardan 2021 yil 1 yanvardan boshlab buxgalteriya hisobini MHXS boʻyicha yuritishni aniq talab qiladi. Eslatib oʻtamiz, PQ-4611-son qarorning nomi - “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʻtish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”. Shubhasiz, ushbu korxonalarda buxgalteriya hisobi BHMSdan MHXSga oʻtadi.

Bunda PQ-4611-son qarorning 1-bandida aniq ifodalangan MHXS boʻyicha hisobga qoʻshimcha sifatida BHMS boʻyicha buxgalteriya hisobini yuritishdan ozod etish yoki taqiqlash  mavjud emas. Biroq BHMS boʻyicha hisobni bunday parallel ravishda yuritish hech qanday ma’noga ega emas, biz bu haqda yaqinda yozgandik. Nima uchun?

“Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasiga asosan buxgalteriya hisobi barcha xoʻjalik operatsiyalarini yaxlit, uzluksiz, hujjatlar asosida hisobga olish yoʻli bilan buxgalteriya axborotini yigʻish, qayd etish va umumlashtirishning tartibga solingan tizimidan, shuningdek uning asosida moliyaviy va boshqa hisobotni tuzishdan iboratdir. PQ-4611-son qarorning 1-bandida koʻrsatilgan korxonalarda moliyaviy hisobot 2021 yil 1 yanvardan boshlab MHXS asosida tuzilishi kerak. Soliq hisoboti ham ularda MHXS boʻyicha hisob ma’lumotlariga asoslanadi. Statistika hisobotida moliyaviy hisobotdan ma’lumotlar foydalaniladi, ya’ni yana MHXS asosida. BHMS boʻyicha buxgalteriya hisobi uchun shunchaki qoʻllash sohasi qolmaydi. Unda nima uchun uni yuritish zarur?

Agar korxona rahbariyati qandaydir sabablarga binoan baribir MHXS boʻyicha asosiy hisob va soliq hisobiga qoʻshimcha sifatida BHMS boʻyicha hisobni yuritish toʻgʻrisida qaror qabul qilsa, u parallel ravishda hisob yuritishning qanday murakkabliklariga duch kelishini yaxshi tushunishi kerak.

Birinchidan, BHMS boʻyicha parallel ravishda buxgalteriya hisobini yuritish - bu, mohiyatan, buxgalteriyani ikki baravar oshirish - MHXS boʻyicha va BHMS boʻyicha - buxgalteriya hisobining ikkita tizimini yuritish uchun xodimlar (buxgalteriya hisobi xizmati tarkibida boʻlimlar) sonini va bu bilan bogʻliq sarflarni oshirish.

Ikkinchidan, korxona soliq hisobini MHXS boʻyicha hisob ma’lumotlari asosida tashkil etishi, ya’ni BHMS boʻyicha hisobni emas, balki aynan soliq hisobini parallel ravishda yuritishi zarur. MHXS boʻyicha hisob va MHXS asosida soliq hisobiga qoʻshimcha ravishda BHMS boʻyicha hisobning uchinchi parallel tizimini yuritish boʻyicha qaror uchta hisob turi bilan buxgalterlik dasturini ishlab chiqish uchun jiddiy sarflar va vaqtni talab etadi.

Uchinchidan, uchta hisob tizimini yuritish buxgalterlik dasturining ma’lumotlar bazasiga xizmat koʻrsatishni ahamiyatli qiyinlashtiradi, xatolar va nosozliklar ehtimolini oshiradi, bu hali buxgalteriya  ushbu uchta hisob tizimini muntazam ravishda nazorat qilishini gapirmaganda.


- MHXS boʻyicha hisob soliqlarni hisoblab chiqarish bilan muammolarga olib kelmaydimi? Agar muammolar boʻlsa, ular qanday boʻladi? Soliq toʻlovchilar bu vaziyatda qanday yoʻl tutishlari lozim?

- MHXS boʻyicha buxgalteriya hisobining soliq solishga ta’siri haqida gapirganlarida asosan bu soliqlarning ikkita turi: yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi va foyda soligʻiga daxl qilishi nazarda tutiladi.

Mol-mulk soligʻi boʻyicha MHXS asosida buxgalteriya hisobiga oʻtishda soliq summasi hisob-kitobi bilan hech qanday ahamiyatli muammolar yuzaga kelmaydi. Soliq hisob-kitobi uslubiyatini SK tartibga soladi. Shunchaki BHMS boʻyicha hisob ma’lumotlari oʻrniga MHXS boʻyicha hisob ma’lumotlari olinadi. Soliq summasi esa oʻzgarishi mumkin, bunda, korxona MHXSga qanday va qachon oʻtganligiga bogʻliq holda - ham  katta, ham kichik tomonga.

Foyda soligʻi boʻyicha ham soliq summasi hisob-kitobi bilan ahamiyatli muammolar yuzaga kelmasligi kerak. Yuqorida aytib oʻtilganidek, SK foyda soligʻi boʻyicha soliq solish maqsadlarida tan olishning konseptual tamoyilini oʻz ichiga oladi: soliq toʻlovchilarning daromadlari va (yoki) xarajatlari (zararlari)ning ayrim turlari hisobga olinmasligi yoki maxsus qoidalar boʻyicha hisobga olinishi mumkin.

Buxgalteriya hamjamiyatida MHXS boʻyicha hisob ma’lumotlari asosida soliq solish bilan bogʻliq turli fikrlar tarqalgan. Odatda uchta narsani koʻrsatadi: haqiqatda MHXS boʻyicha hisob bilan bogʻliq  va  goʻyoki soliq solishda noaniqlikka ega qadrsizlanish, haqqoniy qiymat va mulohaza. Biroq voqelik shundayki, SK foyda soligʻi boʻyicha soliq bazasini MHXSning ushbu “noaniqliklaridan” toʻliq himoya qiladigan moddalarni saqlaydi.  Faqat ikkita asosiy misolni keltirib oʻtamiz.


Misol. Qayta baholashdan olingan daromadlarga foyda soligʻi solinmaydi

SKning 297-moddasi 9-qismida belgilanishicha, agar ushbu boʻlimda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllash chogʻida aktivlar va (yoki) majburiyatlarning qiymati oʻzgarganligi munosabati bilan buxgalteriya hisobida aks ettirilgan daromadlarga soliq solish maqsadidagi daromadlar sifatida qaralmaydi, bundan haqiqatda olingan daromadlar mustasno. MHXSga muvofiq ravishda bu asosiy vositalarni, investitsiyaviy koʻchmas mulk, biologik aktivlar, moliyaviy aktivlar (investitsiyalar)ni haqqoniy qiymatiga qadar qoʻshimcha baholashdan olingan daromad boʻlishi mumkin. Ya’ni - realizatsiya qilish va pul mablagʻlarining tushishi bilan emas, balki baholash bilan bogʻliq daromad. SK asosan ushbu daromadlarni hisoblamaydi: soliq solish maqsadlari uchun ular mavjud emas.


Misol. Qayta baholashdan sarflar foyda soligʻiga ta’sir koʻrsatmaydi

Shunga oʻxshash, SKning 305-moddasi 10-qisminig belgilashicha, agar ushbu boʻlimda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq solish maqsadlarida, buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllash chogʻida aktivlar va (yoki) majburiyatlarning qiymati oʻzgarganligi munosabati bilan buxgalteriya hisobida aks ettirilgan chiqimlarga xarajatlar sifatida qaralmaydi, bundan haqiqatda toʻlangan xarajatlar mustasno. MHXSga muvofiq ravishda bu misol uchun, asosiy vositalarni, investitsiyaviy koʻchmas mulk, biologik aktivlar, moliyaviy aktivlar (investitsiyalar)ni haqqoniy qiymatiga qadar qiymatini kamaytirish boʻlishi mumkin. Ya’ni - pul mablagʻlarini toʻlash bilan emas, balki baholash bilan bogʻliq xarajatlar. SK asosan ushbu xarajatlarni hisoblamaydi: soliq solish maqsadlari uchun ular mavjud emas.

Biz yaqinda e’lon qilingan maqolamizda boshqa misollarni ham keltirganmiz.

Albatta, yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi summasi korxona MHXSga qanday va qachon oʻtganligiga bogʻliq holda - ham  katta, ham kichik tomonga oʻzgarishi mumkin. Asosan bu soliq solish maqsadlari uchun amortizatsiya xarajatlariga ta’sir koʻrsatadigan oʻtish sanasida asosiy vositalarni baholash bilan bogʻliqdir.

Amaliyotda vaqti bilan MHXS boʻyicha buxgalteriya hisobini yuritish bilan bogʻliq tartibga solinmagan masalalar yuzaga kelishi mumkin. Biroq bu umuman olganda SK tartibga soladigan foyda soligʻi hisob-kitobi uslubiyatiga ta’sir koʻrsatmaydi. Zarurat boʻlganda bu odatda har yili oʻzgartirishlar yoki qoʻshimchalar tarzida amalga oshirilganidek, SKning ayrim moddalariga aniq oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin. Hozirgi vaqtda, bizning nazarimizda, qoʻllashning ziddiyati va mosligi borasida SKning normalarini moslashtirish jarayonida turibmiz. Shu bois bu - bunday ahamiyat darajasiga ega yaqinda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat uchun mutlaqo normal jarayon.


- MHXS boʻyicha hisobga oʻtgan soliq toʻlovchilarda muammolar kamroq boʻlishi uchun Moliya vazirligi va DSQ nimani amalga oshirishlari mumkin?

- Birinchidan, yuzaga kelgan masalalarga ancha faol munosabat bildirish. PQ-4611-son qaror chiqqaniga bir yildan oshdi, biroq faqat hozir MHXSga oʻtishning amaliy jihatlarini muhokama qilishni boshlashmoqda.

Ikkinchidan, moliyaviy va soliq hisoboti taqdim etish bilan bogʻliq qator masalalarni hal etish lozim boʻladi:

  1. Agar PQ-4611-son qarorga asosan korxonalardan 2021 yil yakunlari boʻyicha MHXS boʻyicha hisobot taqdim etish talab etilsa, 2021 yil davomida choraklik hisobotlar bilan qanday yoʻl tutish lozim boʻladi? Ehtimol, MHXSga oʻtish davrida qoʻllab-quvvatlash maqsadida  MHXSga oʻtgan koxonalarni 2021 yilda choraklik hisobotdan ozod etgan ma’quldir?
  2. Soliq hisobini yuritish jarayonida koʻrsatkichlarni shakllantirish va ushbu ma’lumotlarni MHXSga oʻtgan korxonalar uchun mol-mulk soligʻi va foyda soligʻi boʻyicha soliq hisoboti shakllarida taqdim etish boʻyicha uslubiy tavsiyalarni chiqarish zarur. Biz yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi boʻyicha boʻnak toʻlovlarini hisoblab chiqarish uchun ma’lumotnomani toʻldirish tartibi toʻgʻrisida tushuntirishlar tayyorlaganmiz. Ularning asosida uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqish mumkin.
  3. 2021 yil davomida PQ-4611-son qarorga muvofiq MHXS boʻyicha hisob yuritishga oʻtgan korxonalar va tashkilotlar uchun soliqlar boʻyicha qayta hisob-kitoblarni taqdim etish bilan bogʻliq sanksiyalarning har qanday turiga moratoriy joriy etish zarur.

Xulosa qilib shuni ta’kidlashni istardimki, MHXSga oʻtish bilan bogʻliq muammolarning haqiqiy sabablari  aslo soliq solishda yotmaydi. U - buxgalteriya hisobini tashkil etishning oʻzida, u Oʻzbekistonda uzoq vaqt deyarli butunlay yagona 21-son BHMS tarzida mavjud boʻlgan. Qolgan BHMSlar esa qoʻllanilmagan yoki nihoyatda cheklangan holda qoʻllanilgan.

MHXSga oʻtish yordamida buxgalteriya hisobi sifatini oshirish  va shu bilan - ham moliyaviy va statistika hisobotlari, ham soliq solish maqsadlari uchun ma’lumotlar sifatini oshirish vaqti keldi.


ElectEx kompaniyasi haqida:

ElectEx konsalting kompaniyasi 5 yildan ortiq muddat davomida MHXS asosida buxgalteriya hisobi tizimini yoʻlga qoʻyish, MHXS boʻyicha moliyaviy hisobotni, shu jumladan - konsolidatsiyalashgan, tayyorlashni kuzatib borish, shuningdek MHXSni qoʻllash, shu jumladan - soliq hisobi uchun qoʻllash masalalari boʻyicha maslahatlar berish bilan shugʻullanadi. ElectEx dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilari, professonal baholovchilar va auditorlar bilan hamkorlikda ishlaydi. Hozirgi vaqtda ElectEx kompaniyasi ekspertlari yirik soliq toʻlovchilarda buxgalteriya va soliq hisobini MHXSga oʻtkazish va avtomatlashtirish boʻyicha bir nechta loyihalarni amalga oshirmoqda.

Telegram: https://t.me/electex_ifrs.

Sayt: www.electex.uz.


Tatyana NAZAROVA,

«ElectEx» kompaniyasi direktori, ACCA DipIFR,

Andrey BAYRAShEV,

«ElectEx» kompaniyasining MHXS va boshqaruv hisobi boʻyicha eksperti,

ASSA DipIFR, CIMA Adv Dip MA

MHXS: soliq hisobi — maslahatlar MHXS MHXS (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text167944_mhhs_asosida_buhgalteriya_hisobi_soliq_oqibatlari