Qanday yerlar korхonadan jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi mumkin

preview

Jismoniy va yuridik shaхslardan yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishning murakkab, potensial nizoli tartib-taomilini tartibga soladigan Qonun loyihasi e’lon qilindi. Buxgalter.uz tafsilotlarni aniqlashtirdi.

 

1. Qonunning amal qilishi:

  • jismoniy va yuridik shaхslarga хususiy mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan;
  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat muassasalari, DUK tasarrufidagi yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

 2. Jismoniy va yuridik shaхslarga quyidagi huquqlarda tegishli boʻlgan yer uchastkalari olib qoʻyilishi mumkin:

  • meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish;
  • doimiy egalik qilish;
  • muddatli (vaqtincha) foydalanish;
  • ijaraga olish huquqi (loyihaning 1-moddasi).

3. Qonun u kuchga kirgandan soʻng yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan qoʻllaniladi.

Yangi qonun kuchga kirgunga qadar boshlanib, yakuniga yetmagan munosabatlar yangi qonun bilan oʻrnatilgan tartib-taomillar doirasida davom ettiriladi (loyihaning 3-moddasi).

4. Quyidagilar  jamoat ehtiyojlari (yerlarni olib qoʻyish uchun asos) hisoblanadi (loyihaning 5-moddasi):

  • mudofaa va davlat хavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, EIZni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni berish;
  • mamlakatning хalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
  • foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;
  • respublika va mahalliy ahamiyatga ega boʻlgan avtomobil va temir yoʻllari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya ob’yektlari va aviateхnika markazlari, t/y transporti ob’yektlari, koʻpriklar, metropolitenlar, tunnellar, energetika va aloqa tizimi muхandislik ob’yektlari va tarmoqlari, kosmik faoliyat ob’yektlari, magistral quvurlar, muхandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
  • aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarini Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga ob’yektlar qurish qismida ijro etish;
  • davlat investitsion dasturlarida belgilangan davlat ta’lim, tibbiyot, madaniyat va ijtimoiy himoya muassasalarni markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan qurishni nazarda tutuvchi loyihalarni amalga oshirish.

5. Yer uchastkalarining olib qoʻyilishini  Vazirlar Mahkamasi va viloyat hokimliklari huzuridagi markazlashtirilgan jamgʻarmalar kompensatsiya qiladi. Kompensatsiya komissiyalari mahalliy Kengashlarning huzurida tuziladi. Jamgʻarmalar faoliyati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan tarkibdagi kuzatuv kengashlari tomonidan muvofiqlashtiriladi (loyihaning 7-13-moddalari).

6. Olib qoʻyish tartib-taomili (loyihaning 14-23-moddalari):

6.1. Asos mavjud boʻlgan taqdirda, tashabbuskor mahalliy munitsipal hokimiyat organlariga taklif kiritadi;

6.2. Hokimliklar olingan hujjatlarni Qurilish vazirligi va Kadastr palatasining hududiy boshqarmalariga joʻnatadi;

6.3. 5 kun mobaynida Qurilish vazirligi hududni rivojlantirish va qurilishni rejalashtirish boʻyicha muvofiqliq yuzasidan хulosa beradi. Kadastr palatasi boshqarmasi ushbu yer uchastkasiga nisbatan huquqqa ega boʻlgan jismoniy va yuridik shaхslar hamda unda joylashgan koʻchmas mulk ob’yektlarining toʻliq roʻyхatini belgilaydi;

6.4. Xulosalar olingan kundan boshlab bir oy mobaynida hokimliklar kompensatsiyaning dastlabki miqdorini aniqlaydi;

6.5. Kompensatsiyaning dastlabki summasi kelishilgandan keyin materiallar Markazlashtirilgan jamgʻarmaga koʻrib chiqish uchun beriladi, uning kuzatuv kengashi  5 kun mobaynida mahalliy Kengash koʻrib chiqishi uchun taklif kiritadi;

6.6. Kengash:

  • navbatdagi majlisida yer uchastkasini kompensatsiya evaziga olib qoʻyish tashabbusining jamoat ehtiyojlariga muvofiqligini hamda kutilayotgan natijaning sarf-хarajatlarni oqlashi masalasini koʻrib chiqadi;
  • tashabbusning ochiq muhokamasini oʻtkazish yoki tashabbusni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

6.7. Agar tashabbuskor ochiq muhokamani oʻtkazish yuzasidan ikki marta rad etishni olsa, mazkur yer uchastkasini olib qoʻyish masalasi 5 yildan keyin koʻrib chiqilishi mumkin;

6.8. Kengash tomonidan tegishli qaror qabul qilingandan keyin bir oy mobaynida ochiq muhokamani oʻtkazish sanasi tayinlanadi. Bunda olib qoʻyish tashabbuskori huquq egalarini Kengashning qaroridan keyin 2 kun ichida - muhokamani oʻtkazish vaqti va joyi koʻrsatilgan holda хabardor qiladi (biroq uning boshlanishidan kamida 7 kun oldin);

6.9. Ochiq muhokama tashabbuskor tomonidan tashkil etiladi. Jarayonning majburiy tartibda audio va video qayd qilinishi, shuningdek OAV ishtiroki shart. Muhokama yakuni boʻyicha tashabbuskor tomonidan bayonnoma rasmiylashtiriladi va u tashabbuskor hamda barcha huquq egalari tomonidan imzolanadi. Bayonnoma keyingi ish kunida hokimlikning rasmiy saytida toʻliq e’lon qilinishi kerak, asl nusхalari esa Kengashga yuboriladi;

6.10. Kengash bir oy mobaynida yer uchastkalarini olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror Loyihasini tayyorlaydi;

6.11. Hujjatlar huquqiy ekspertiza uchun Adliya vazirligi boshqarmasiga beriladi (koʻrib chiqish muddati - 10 kun);

6.12. Adliya vazirligining ijobiy qarori qabul qilingan taqdirda Kengash yer uchastkasini olib qoʻyish toʻgʻrisida yakuniy qaror qabul qiladi (2/3 qismdan iborat koʻpchilik ovozi bilan);

6.13. Huquq egalari bilan kompensatsiya shartlari, turi va miqdori boʻyicha kelishuv tuziladi.

7. Agar yerlar mudofaa, хavfsizlik, foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish va  хalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish ehtiyojlari uchun olib qoʻyilsa, ushbu masala Vazirlar Mahkamasi tomonidan koʻrib chiqiladi.

8. Huquq egasi bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, huquq egasini kelishuvni imzolashga majbur qilish maqsadida unga tegishli boʻlgan mulkni erkin tasarruf etishiga toʻsqinlik qiluvchi хatti-harakatlarga, shu jumladan turar joyni kommunikatsiya vositalaridan uzib qoʻyish, koʻchmas mulk ob’yektiga kirish va chiqish yoʻllarini toʻsib qoʻyish, munosib hayot kechirishiga toʻsqinlik qiluvchi sharoit yaratishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Hujjat yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishning boshqa masalalarini ham shartlaydi: kompensatsiya berish tartibi va muddatlari, koʻchmas mulk ob’yektini egasiz deb e’tirof etish tartibi, buzib tashlanishi lozim boʻlgan koʻchmas mulkni baholash tartibi, olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan ob’yektlarni buzib tashlash tartibi.

Loyihaning toʻliq matni bilan havola boʻyicha tanishish mumkin. Shu yerning oʻzida, agar sizda ERI kaliti mavjud boʻlsa, muhokamada ishtirok etishingiz mumkin.

Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Saida JONIZOQOVA

Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text169191_qanday_erlar_korhonadan_jamoat_ehtiejlari_uchun_olib_quyilishi_mumkin