9 oyni xatolarsiz yopamiz:
«Foyda soligʻi toʻlovchi korxonaga soliqlarni oʻz vaqtida toʻlamaganligi uchun penya hisoblandi. SK 317-m. 19-bandiga muvofiq yuridik shaxslarni foyda soligʻi boʻyicha chegirib tashlanmaydigan xarajatlariga byudjet tizimiga kiritilishi lozim boʻlgan (kiritilgan) penyalar, jarimalar va boshqa sanksiyalar kiradi. Hisoblangan yoki toʻlangan foyda soligʻi Hisob-kitobida penyaning qanday summasi aks ettirilishini tushuntirib berishingizni iltimos qilamiz? “Penya hisoblashni qanday buxgalteriya oʻtkazmasi bilan aks ettiriladi?».
Savolga buxgalter.uz eksperti Tatyana LIMAREVA javob berdi:
- Har bir kechiktirilgan kun uchun penyalar soliqning toʻlanmagan summasidan kelib chiqib, foizlarda belgilanadi. Penyaning foiz stavkasi MBning shu davrda amalda boʻlgan qayta moliyalash stavkasining 1/300 ga teng etib qabul qilinadi.
Soliq toʻlovchi soliq solish maqsadlarida hisobni hisoblash usuli boʻyicha yuritadi
. Unga muvofiq aktivlar, passivlar, xususiy kapital, daromadlar, xarajatlar, xoʻjalik operatsiyalari va hodisalar buxgalteriya hisobida ular boʻyicha pul mablagʻlari va ularning ekvivalentlari olingan yoki toʻlangan paytda emas, balki ular sodir etilgan (yoki haqiqatda olingan) paytda aks ettiriladi
.
Shunday qilib, foyda soligʻi penya summasi Hisob-kitobga 2-ilovaning 0128-satrida korxona tomonidan tan olingan penya miqdori aks ettiriladi. Bu soliq organi tomonidan hisoblangan summaga teng yoki agar siz hisoblangan summadan norozi boʻlsangiz va hisob-kitob boʻyicha fikr-mulohazalaringizni bergan boʻlsangiz, boshqacha summa boʻlishi mumkin. Penyalarni tan olish va toʻlash paytlari bir-biriga toʻgʻri kelishi mumkin.
Inobatga oling, penya bor joyda har doim Soliq organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi(SORJ)ga toʻlov ham bor. Mazkur toʻlov DSQga yoʻnaltirilayotgan soliq toʻgʻrisidagi qonunlar buzilganligi uchun moliyaviy jazolar va ma’muriy huquqbuzarliklar uchun jarimalar summasining 40% miqdorida toʻlanadi.
Ushbu summa alohida hisobvaraqqa toʻlanadi. SKning 110-moddasiga muvofiq penyaning qolgan 60% muddati oʻtgan soliq summasi bilan bir xil hisob raqamiga toʻlanadi.
Hisoblangan jarimalar boʻyicha kreditorlik qarzi va penyalarni buxgalteriya hisobida aks ettirish uchun 21-son BHMS «Xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining buxgalteriya hisobi schyotlari rejasi va uni qoʻllash boʻyicha Yoʻriqnoma»ga amal qiling. Xususan, yoʻriqnomaning 272 va 277-bandlariga asoslaning.
Byudjetga toʻlovlar boʻyicha korxonaning joriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar 6410-«Byudjetga toʻlovlar boʻyicha qarz (turlari boʻyicha)» schyotda aks ettiriladi.
Siz oʻzingizning ish rejangizga 6410-schyotga qoʻshimcha ikkilamchi schyotlar qoʻshishingiz va penyalar (jarimalar) hisoblashni aks ettirishingiz mumkin, masalan, 6411-schyotda.
Boshqa operatsion xarajatlar tarkibiga zararlar, jarimalar, penyalar kiritiladi
:
- Dt 9430 Kt 6411.
