9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetidagi «QQC toʻlovchisi sifatida maxsus roʻyxatdan oʻtkazish» interaktiv xizmatida yangi servis – "Mening holatimni tekshirish" xizmati ishga tushirildi. Ushbu xizmat qanday ishlashi haqida buxgalter.uz iltimosiga binoan DSQning QQS ma’muriyatchiligi boshqarmasi boshligʻi Furqat QOʻShChONOV soʻzlab berdi:
– DSQ joriy etayotgan tizimda QQS toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomani va QQS toʻlovchisi kodini olish hamda ularning amal qilishini toʻxtatib qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror xavf darajasi tahlilini hisobga olgan holda qabul qilinadi.
Siz QQS toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun ariza bergan boʻlsangiz, xavfni tahlil qilish tizimi bazasidagi yangi xizmat masalani ijobiy hal etish imkoniyatlaringizni baholashga yordam beradi.
Agar guvohnomaning amal qilishi toʻxtatib qoʻyilgan boʻlsa, siz bunga aynan nima sabab boʻlganini va uni tiklash uchun nimalarni zudlik bilan toʻgʻrilash kerakligini bilib olishingiz mumkin.
Maqomni qanday tekshirish mumkin
1. Soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga kiring.
2. «QQC toʻlovchisi sifatida maxsus roʻyxatdan oʻtkazish» interaktiv xizmatini oching va "Mening holatimni tekshirish" menyusini (servisini) tanlang.
Shunda 18 mezondan iborat roʻyxat ochiladi, ular boʻyicha xavfni tahlil qilish tizimi sizni QQSni toʻlash boʻyicha majburiyatlar bajarilmasligi xavfi nuqtai nazaridan baholaydi.
Barcha mezonlar ikki guruhga boʻlingan: “soliq xavfining yuqori daajasiga ega mezonlar” va “soliq xavfining oʻrta darajasiga ega mezonlar”

Oʻrta xavf mezonlari - 5 ta. Xavfni tahlil qilish tizimida soliq toʻlovchiga nisbatan ushbu mezonlar boʻyicha qandaydir shubha paydo boʻlsa, u kuzatuvga olinadi, bu tekshiruv tayinlanishi uchun asos boʻlishi mumkin.
Yuqori xavf mezonlari - 13 ta. Soliq toʻlovchiga nisbatan loaqal ulardan bittasi qoʻllanilsa, bu roʻyxatdan oʻtkazish rad etilishiga yoki avval berilgan guvohnomaning amal qilishi toʻxtatilishiga sabab boʻlishi mumkin. Muammolar bartaraf etilganidan keyingina QQS toʻlovchisi kodi bilan guvohnomani olish (tiklash) mumkin.
Tizim sizni qanday baholashini har bir mezon roʻparasiga qoʻyilgan belgilar orqali bilib olishingiz mumkin:
- yashil rangli doiradagi belgi mezonlar boʻyicha sizda hammasi normada ekanligini anglatadi;
- toʻq sariq rangli doiradagi belgi oʻrta xavf - muammolar borligini yoki ular mavjud boʻlishi haqida shubhani bildiradi.
- qizil rangli doiradagi belgi - soliq xavfining yuqori darajasi toʻgʻrisida ogohlantirish.
Mezon roʻparasida hech qanday belgi boʻlmasa, tizim ushbu mezon boʻyicha sizni hali baholamagan boʻladi.
Xizmat test rejimida ishlaydi, uni axborot tizimlari bilan oʻzaro bogʻlash ishlari amalga oshirilmoqda. Biroz vaqt oʻtishi bilan bunday “boʻshliqlar” boʻlmaydi, ular oʻrnida aytib oʻtilgan uchta belgidan biri paydo boʻladi..
Har qanday holatda ham toʻq sariq rangdagi belgi aniqlangan kamchiliklarni qayta tekshirib koʻrishingiz va bartaraf etishingiz kerakligini anglatadi. Agar belgi xato qoʻyilgan deb hisoblasangiz, bu haqda hisobga qoʻyilgan joyingizdagi soliq organiga xabar qiling va tegishli hujjatlarni taqdim eting.
«Qizil» mezonlar va ularni qanday toʻgʻrilash mumkin:
1) Rahbar hamda moliyaviy menejment funksiyasini bajaruvchi shaxsning YaMMT tizimida shaxsi tasdiqlanmadi.
Yechim: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining my.mehnat.uz saytida YaMMT tizimida rahbar va (yoki) yuridik shaxsning buxgalteri bilan tuzilgan mehnat shartnomasini roʻyxatdan oʻtkazing.
2) Soliq organining ma’lumotlar bazasida ta’sischi (ishtirokchi) haqidagi ma’lumotlar mavjud emas.
Yechim: yaqin orada joylashgan Davlat xizmatlari markaziga borib yuridik shaxsning ta’sischilari haqidagi ma’lumotlarga tuzatish kiriting yoki toʻgʻridan-toʻgʻri roʻyxatdan oʻtgan joyingizdagi soliq organiga ma’lumotlarni taqdim eting.
3) Soliq toʻlovchi davlat roʻyxatidan oʻtgan manzilida mavjud boʻlmaganda.
Yechim: koʻchmas mulk toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni soliq organiga yoki Kadastr agentligining hududiy boʻlimlariga taqdim eting.
4) Xususiy, ijaraga olingan yoki bepul foydalaniladigan mol-mulk mavjud boʻlmaganda.
Yechim: ob’yekt roʻyxatdan oʻtkazilgan joydagi soliq organiga hujjatlarni (ijara shartnomasi va h.k.) taqdim eting.
5) Soliq toʻlovchi manzillar byurosi bazasida mavjud boʻlmaganda.
Yechim: manzil-ma’lumot byurosiga manzilni kiritish (oʻzgartirish) uchun murojaat qiling.
6) soliq toʻlovchining manzili nominal joylashgan joy manzili bilan toʻgʻri kelganda (kamida 18 kv.m)
Yechim: bir nechta yuridik shaxslar maydoni kamida 18 kv.m boʻlgan ob’yektda bitta manzil boʻyicha faoliyat yurita olmaydilar.
7) Amalga oshirilayotgan bitimlar (operatsiyalar) soliq toʻlovchining faoliyat turi va xususiyatlariga, shuningdek, hisobvaraq-fakturalar tahlili boʻyicha olingan ma’lumotlar asosida xarid qilinayotgan va realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga nomuvofiq boʻlganda.
Yechim: Soliq toʻlovchi tovarlarning kirim va chiqim hujjatlarini soliq organlariga taqdim etishi kerak, soliq organlari ularni oʻrganib chiqish natijalari boʻyicha qaror qabul qiladi.
8) Soliq hisobotlari taqdim etilmaganda.
Yechim: SKga muvofiq oldingi davrlar uchun soliqlar boʻyicha hisob-kitoblarni topshiring.
9) Ariza taqdim etilgan paytda soliq toʻlovchining soliq qarzi mavjud boʻlganda, shuningdek, ta’sischilarining (ishtirokchilarining) ulushi 50% va undan koʻp boʻlgan - yuridik shaxslarning soliq qarzi mavjud boʻlganda.
Yechim: aytib oʻtilgan barcha shaxslar SKga muvofiq QQS va boshqa soliqlarni toʻlashlari lozim.
10) Soliq qarzi mavjud yoki soliq xavfi yuqori yuridik shaxslar qoʻshilganda (birlashganda).
Yechim: soliq toʻlovchi 2 oydan ortiq davr mobaynida toʻlanmagan QQS va boshqa soliqlar boʻyicha qarzdorlikni soʻndirishi lozim.
11) Murojaat etuvchi soliq toʻlovchining rahbari bir vaqtning oʻzida boshqa soliq toʻlovchida (yuridik shaxsda) rahbar boʻlib, ushbu soliq toʻlovchida soliq qarzi mavjud boʻlganda yoxud soliq hisobotlari taqdim etilmaganda.
Yechim: 2 oydan ortiq muddat toʻlanmagan QQSni byudjetga toʻlash va soliq hisobotini taqdim etish orqali qarzdorlikni bartaraf eting.
12) Soliq toʻlovchining rahbari yoki ta’sischi (ishtirokchisi) ilgari bankrot deb topilgan tashkilotda rahbar yoki ta’sischi (ishtirokchi) boʻlgan. Yoki – ilgari rahbar yoki ta’sischi (ishtirokchi) sifatida soliqlarni toʻlashdan qasddan boʻyin tovlaganligi uchun javobgarlikka tortilgan.
Yechim: mazkur holatni kadrlarni tayinlashda hisobga olish lozim. Ilgari bankrot tashkilotlar boshqaruviga daxldor boʻlgan yoki soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlagan shaxslarni tayinlamagan ma’qul. Agar shunday qilinishi taqozo etilsa, tayinlash chogʻida loaqal ushbu rahbarda va u ilgari rahbarlik qilgan tashkilotda soliq qarzdorligi boʻlmasligi lozim.
13) Yuqori darajada soliq xavfiga ega yuridik shaxs rahbari yoki ta’sischisi (ishtirokchi) va soliqlarni toʻlashdan qasddan boʻyin tovlaganlik uchun javobgarlikka tortilgan.
Yechim: tashkilotning sobiq rahbari yoki ta’sischisi SKga muvofiq soliqqa oid majburiyatlarni bajarish (soliqlar boʻyicha qarzdorlikni toʻlash, soliq hisobotlarini taqdim etish va h.k.) orqali kamchiliklarni bartaraf etadi.
Xizmat test rejimida ishlaydi. Barcha izoh va takliflaringizni quyidagilarga yoʻllashingiz mumkin:
- telefon raqamlari orqali (toʻliq roʻyxatga qarang);
- «Tadbirkor va Soliqchi» Telegram-kanaliga;
- Feysbukka: https://www.fb.com/Soliqpressa/.
Oleg GAYeVOY tayyorladi.