9 oyni xatolarsiz yopamiz:
2021 yil 10 oktyabrdan 31 dekabrga qadar goʻsht (mol, qoʻy, tovuq goʻshti), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni soʻyish mahsulotlari, kartoshka va muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish boʻyicha aylanmalar va mamlakatga olib kirish QQSdan ozod qilingan
. Biroq mazkur imtiyozni qoʻllash oson boʻlmaydi, deb hisoblaydi soliq maslahatchisi Gulnara ERGAShEVA. Moliya vazirligi, Bojxona va Soliq qoʻmitalarining yordami zarur:
- Imtiyoz 2021 yil 10 oktyabrdan oʻrnatilgan. OʻRQ-725-son Qonuniga asosan SKga kiritilgan qoʻshimchalar 25 oktyabrda kuchga kirdi. Endi soliq toʻlovchilar ham mazkur imtiyozni retrospektiv tarzda qoʻllash boʻyicha talay savollar berishmoqda. Normativ-huquqiy bazada ularga javob yoʻq.
Moliya vazirligi, DSQ va DBQning huquqni qoʻllash amaliyoti ishtirokchilari uchun ijro qilish majburiy boʻladigan rasmiy tushuntirishlari zarur. Aks holda koʻp tadbirkorlarga vaziyatdan qonunchilikni buzmasdan va zararsiz chiqish juda murakkab boʻladi.
10-25 oktyabrda tadbirkorlar ushbu davr uchun ularga soliq imtiyozi taqdim etilishidan bexabar holda ishladilar.
QQS boʻyicha imtiyoz - oʻziga xos xususiyatga ega. U mavjud boʻlgan taqdirda siz uni qoʻllashingiz shart. Soliq toʻlovchida QQS boʻyicha imtiyozni qoʻllashni rad etish yoki toʻxtatib turish huquqi yoʻq
.
Bundan tashqari, QQSdan ozod qilingan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda va QQSni toʻlovchilar boʻlmagan mahsulot yetkazib beruvchilar tomonidan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda soliqni EHFda aks ettirganlik jarima solishga sabab boʻladi
.
Imtiyozni qoʻllash bilan bogʻliq boshqa masalalar ham bor:
1. Tovarlar 10 dan 25 oktyabrgacha boʻlgan davrda import qilingan va “bojxona” QQS toʻlangan boʻlsa, soliq qaytariladimi?
Importyorlar uchun bu juda ogʻriqli masala, sababi ularning xaridorlari hozir shartnomalarga qoʻshimcha kelishuvlar tuzishni talab qilishni boshlashadi, ularda narx QQSsiz hisoblab chiqariladi. Davlat bojxonada toʻlangan soliqni ularga qaytarmasa, ular zarar koʻrishadi, chunki xaridorlariga uni oʻz mablagʻlari hisobidan qaytarishga majbur boʻlishadi.
2. Tovar QQS bilan chakana va shartnomalar asosida naqdsiz hisob-kitob boʻyicha sotilgan boʻlsa, nima qilish kerak?
Naqdsiz hisob-kitob boʻyicha sotilgan tovarlarga nisbatan, albatta, tuzilgan qoʻshimcha kelishuvlardan kelib chiqadigan oʻzaro hisob-kitoblarni hali amalga oshirish mumkin.
Biroq, chakana sotilgan tovar bilan qanday yoʻl tutish umuman tushunarsiz. Bu vaziyatda soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetining “Onlayn-NKM va virtual kassalar boʻyicha ma’lumot” interaktiv xizmatining “Chekka tuzatish kiritish” va “Imtiyozlar” funksionallarining ishlashi noma’lumdir. Mazkur vaziyatda ulardan qaysi birini qoʻllash toʻgʻriroq boʻladi?
Ushbu masalani DSQ texnik jihatdan tartibga soladi, deb faraz qilaylik, biroq xaridorga QQSni qaytarishda qanday yoʻl tutish lozim, axir u soliqni allaqachon toʻlagan? Pulni qaytarish uchun xaridorni qanday topish mumkin?
Umuman, hozircha javoblardan koʻra savollar koʻp.
Nima qilish kerak
Tushuntirishlarni ishlab chiqishda men quyidagi tamoyillarni kiritgan boʻlardim:
- 10 dan 25 oktyabrgacha boʻlgan davrda yetkazib berish amalga oshirilgan boʻlsa, soliq toʻlovchi shu davr uchun QQSni qaytarish toʻgʻrisida ariza bilan Davlat bojxona qoʻmitasiga murojaat qilishi kerak. Bojxona deklaratsiyalariga tuzatish kiritilishi lozim.
- Imtiyozning amal qilish davrida koʻrsatilgan tovarlar uchun narx QQSsiz hisoblab chiqarilishi munosabati bilan, sotuvchilar qoʻshimcha kelishuvlar tuzishlari va qiymatni QQSsiz qayta hisobga olgan holda shartnomalarga oʻzgartirishlar kiritishlari kerak.
- Sotuvchilar 10-25 oktyabrgacha boʻlgan davrda amalga oshirilgan yetkazib berish boʻyicha oʻz xaridorlariga qoʻshimcha EHF taqdim etishlari kerak. Onlayn-NKT ma’lumotlari boʻyicha tushumlarga imtiyozni qoʻllash imkoniyatini taqdim etish zarur, xaridorlarga QQS summalarini qaytarishni esa sotuvchi ixtiyorida qoldirish lozim. Umuman, oʻylaymanki, ushbu jihatni har bir tadbirkorning oʻzi mustaqil oʻylab koʻrishi kerak.
Bugun buxgalterlar tez-tez berayotgan yana bir savolga e’tiborni qaratishni istardim: omborlardagi 2021 yil 10 oktyabr holatiga boʻlgan qoldiqlarni nima qilish kerak? Tovar QQS bilan xarid qilingan boʻlsa, soliqni tovarning qiymatiga kiritish vaziyatdan chiqishning eng sodda yoʻlidir.
Oleg GAYeVOY tayyorladi