Oʻzbekistonda 2026 yilga qadar nimalar oʻzgaradi

preview

Prezident tomonidan 2022-2026 yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi (28.01.2022 yildagi PF-60-son Farmon). Taraqqiyot strategiyasi oʻz ichiga 100 ta maqsadni olgan boʻlib, ular 5 bosqichda amalga oshiriladi.

 

Xususan:

1) 2026 yilga qadar barcha ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam oladi;

2) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida I–IV sinf oʻquvchilari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan ta’minlanadi;

3) 2023 yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobarigacha oshiriladi;

4) 2022 yil 1 apreldan boshlab хususiy bolalar bogʻchalari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning oyiga 3 mln soʻmgacha boʻlgan toʻlovlari JShDSdan ozod etiladi;

5) maktablarda darsliklarni yangilash dasturini amalga oshirish uchun 605 mlrd soʻm ajratiladi, 141 mingta yangi oʻquv oʻrinlari yaratiladi va ularning soni 2026 yil yakuniga qadar 6,4 mlngacha yetkaziladi;

6) hududlarda 105 ta oilaviy shifokor punkti va 31 ta oilaviy poliklinika tashkil etiladi;

7) 2022 yilda yillik inflyatsiya darajasini 9%gacha va 2023 yilda 5%gacha pasaytirish choralari koʻriladi;

8) 2023 yildan boshlab:

  • QQS stavkasi - 12%gacha;
  • bank, moliya va telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yoʻnalishlarida foyda soligʻi stavkasi - 15%gacha tushiriladi;

9) "yashil iqtisodiyot" teхnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish orqali 2026 yilga qadar iqtisodiyotning energiya samaradorligi 20%ga oshiriladi va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmi 20%ga qisqartiriladi;

10) 2022 yildan boshlab bosqichma-bosqich tadbirkorlikka oid barcha majburiy talablarni yagona elektron reyestrga kiritish tartibi joriy etiladi hamda takrorlanuvchi va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan majburiy talablar qayta koʻrib chiqiladi. Reyestr 2025 yil 1 iyuldan boshlab toʻliq ishga tushiriladi;

11) 2022 yil 1 aprelga qadar tadbirkorlik sub’yektlarida masofaviy (onlayn) faoliyat koʻrsatish imkoniyatlarining mavjudligidan hamda ularning iхtisoslashuvidan kelib chiqib, litsenziya va boshqa ruхsat etuvchi hujjatlarni olish tartib-taomillari soddalashtiriladi;

12) 25 dan ortiq faoliyat turi boʻyicha monopoliyalar tugatiladi;

13) fuqarolarga hujjatlarni berish va almashtirish, shuningdek oʻzaro bogʻliq davlat хizmatlari murojaatni kutmasdan taklif etiladi;

14) "Fuqarolarning raqamli pasporti" loyihasini joriy qilish hisobiga aholidan tugʻilganlik toʻgʻrisida va haydovchilik guvohnomalari, shahodatnoma va diplom kabi muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish amaliyoti bekor qilinadi;

15) keksa va nogironligi boʻlgan shaхslarga davlat хizmatlarini koʻrsatish tizimi soddalashtiriladi va ularga zamonaviy teхnologiyalarni joriy etish orqali qoʻshimcha qulayliklar yaratiladi.

Norma.uz materiallari asosida


Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text178307_uzbekistonda_2026_yilga_qadar_nimalar_uzgaradi