Norezidentning ishga tushirish-sozlash ishlariga QQS solinadimi

preview

Qurilish-montaj tresti Rossiya kompaniyasi bilan ishlarni bajarishga doir kontrakt tuzdi. Trest, bosh pudratchi sifatida, “tayyor holda topshirish” sharti asosida ob’yektni qurishi, import uskunani sotib olishi va uni oʻrnatishi kerak. Uskunani (RF) yetkazib berish yuzasidan tuzilgan $38 200 summadagi import kontrakti qiymatiga u boʻyicha ishga tushirish-sozlash ishlari kiritilgan ($6 130). Mazkur ishga norezidentning xizmatlari sifatida QQS solinadimi?

Buxgalter.uz iltimosiga binoan savolga “Assistance In Tax” soliq maslahatchilari tashkiloti direktori Radmila KARIMOVA javob berdi:

 

– “Ha, solinadi.

Xizmatlar importiga QQS soligʻi solish Oʻzbekiston xizmatlarni realizatsiya qilish joyi deb e’tirof etilishiga bogʻliq.

Umumiy qoidaga koʻra, basharti bunday xizmatlarning xaridori Oʻzbekiston hududida faoliyatni amalga oshirsa yoki tursa, Oʻzbekiston hududi xizmatlarni realizatsiya qilish joyi deb e’tirof etiladi .

Agar xizmatlarning xaridori Oʻzbekiston hududida yuridik shaxsni (uning filiallarini yoki vakolatxonalarini) davlat roʻyxatidan oʻtkazish asosida haqiqatda hozir boʻlsa, u holda xizmatlarni realizatsiya qilish joyi Oʻzbekiston deb e’tirof etiladi.

Davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan taqdirda, xaridorning Oʻzbekiston hududida haqiqatda hozir boʻlishi quyidagilar asosida aniqlanadi:

  • yuridik shaxsning ta’sis hujjatlarida koʻrsatilgan joy;
  • uni boshqarish joyi;
  • uning doimiy muassasasi joylashgan yer (agar xizmatlar ushbu doimiy muassasa orqali olingan boʻlsa).

 Agar bu Oʻzbekiston boʻlsa, realizatsiya qilish joyi ham Oʻzbekiston boʻladi .

Bundan tashqari, realizatsiya qilish joyini aniqlashning alohida hollari SKning 241-moddasi 3-qismida koʻrsatilgan. Jumladan, agar xizmatlar respublika hududida turgan koʻchmas mol-mulk bilan bevosita bogʻliq boʻlsa, Oʻzbekiston xizmatlarni realizatsiya qilish joyi deb e’tirof etiladi. Bunday xizmatlar jumlasiga, xususan, ishga tushirish-sozlash ishlari kiradi .

Bunda FKning 83-moddasiga asosan koʻchmas mulk jumlasiga yer uchastkalari, yer osti boyliklari, binolar, inshootlar, koʻp yillik dov-daraxtlar va yer bilan uzviy bogʻlangan boshqa mol-mulk, ya’ni belgilangan maqsadiga nomutanosib zarar yetkazmagan holda joyini oʻzgartirish mumkin boʻlmaydigan ob’yektlar kiradi. Qonunda boshqa mol-mulk ham koʻchmas mol-mulk qatoriga kiritilishi mumkin.

Agar koʻchar mol-mulk bilan bevosita bogʻliq boʻlgan xizmatlar (transport vositalarini ijaraga berish bundan mustasno) haqiqatda respublikamiz hududida amalga oshirilsa, u holda Oʻzbekiston ishga tushirish-sozlash boʻyicha xizmatlarni realizatsiya qilish joyi deb e’tirof etiladi.

Bunday xizmatlar jumlasiga,  koʻchar mol-mulkni montaj qilish, sozlash, yigʻish, ishlov berish, qayta ishlash, ta’mirlash, texnik xizmat koʻrsatish, saqlash kiradi.

Shu tariqa, agar norezident koʻchmas mulk yoki koʻchar mulk bilan bogʻliq ishga tushirish-sozlash ishlarini Oʻzbekiston hududida bajarsa, Oʻzbekiston realizatsiya qilish joyi deb e’tirof etiladi. QQSni toʻlash boʻyicha majburiyat yuzaga keladi”.

 

 

QQS: soliq hisobi — maslahatlar QQS QQS (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text179138_norezidentning_ishga_tushirish-sozlash_ishlariga_qqs_solinadimi