Litsenziyalar importiga foyda soligʻi solinadimi

preview

Kompaniyaning asosiy faoliyati - IT uskunalarini yetkazib berish va ularni texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlashga litsenziyalarni olib sotish. Litsenziyalar distribyutorlar orqali boshqa mamlakatlardan xarid qilinadi, ularning boshqa mamlakatlardagi rezidentligi sertifikatlar bilan tasdiqlangan. Litsenziyalar elektron shaklda topshiriladi. Ushbu operatsiyalarni kompaniya QQS hisoblagan holda xizmatlar importi sifatida rasmiylashtiradi. 

Bunda norezidentning foyda soligʻi yuzaga keladimi? Buni buxgalter.uz iltimosiga binoan DSQ departamentining bosh mutaxassisi Rano ALIShAYeVA tushuntirdi:

 

– “Savolga javob berish uchun uskunani texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlashga litsenziya uchun toʻlovlarni royalti jumlasiga kiritish mumkin yoki mumkin emasligini aniqlaymiz.

Har qanday nomoddiy aktivdan foydalanganlik yoki foydalanish huquqi uchun toʻlovlar royalti tarzidagi daromadlar jumlasiga kiradi, shu jumladan:

  • dasturiy ta’minot va ma’lumotlar bazalariga boʻlgan mualliflik huquqlari;
  • patentlar, tovar belgilari, savdo markalari yoki huquqning boshqa shunga oʻxshash turlari .

Quyidagilar uchun toʻlanadigan toʻlovlarga royalti sifatida qaralmaydi:

  • shaxsning foydalanishi, egalik qilishi va (yoki) tasarruf etishi uchun intellektual mulk huquqi ob’yektlari oʻzida aks ettirilgan yoki turgan tovarlarni (shu jumladan axborot tashuvchilarni) sotib olganlik;
  • dasturiy mahsulotning nusxalarini ularni takrorlash huquqisiz yoki agar ularni takrorlash yakuniy iste’molchi tomonidan foydalanish bilan cheklangan boʻlsa, tarqatishga boʻlgan huquqni oʻtkazganlik.

Shu tariqa, norezidentning foyda soligʻini toʻlash boʻyicha majburiyatlar yuzaga kelish yoki kelmasligini tushunish uchun litsenziyalarni xarid qilish va olib sotish shartlarini qayta koʻrib chiqing va ular siz uchun royalti, xizmatlar yoki tovarligini aniqlang.

 

Agar bu - royalti boʻlsa

Bunday toʻlovlar norezidentning Oʻzbekistondagi manbalardan olingan va doimiy muassasa bilan bogʻliq boʻlmagan, toʻlov manbaida soliq solinadigan daromadlariga kiradi .

Royalti tarzidagi daromadlar uchun soliq stavkasi 20% miqdorida belgilangan . Biroq, agar royalti oluvchining rezidentlik davlati bilan ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish toʻgʻrisida xalqaro shartnoma tuzilgan boʻlsa, mazkur shartnomaning “Royalti” moddasiga qarang - stavka pasaytirilgan boʻlishi mumkin.

Xalqaro shartnomalar qoidalari Soliq kodeksi normalariga nisbatan ustuvorlikka ega .

2020 yildan boshlab SK daromadlarga nisbatan haqiqiy huquqqa ega boʻlgan shaxsni aniqlovchi normalarni saqlaydi. Ushbu tushuncha dividendlar, foizlar va royalti kabi bunday daromadlarga nisbatan xalqaro shartnomada nazarda tutilgan imtiyozni qoʻllashga haqli boʻlgan shaxslarni aniqlash maqsadida foydalaniladi.

Xorijiy tashkilot daromadning haqiqiy egasi deb e’tirof etiladi, agar :

  • u haqiqiy egasining daromadi boʻyicha imtiyozga talabgor boʻlgan, Oʻzbekistondagi manbalardan olingan daromad bilan bogʻliq tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa;
  • daromadlarga nisbatan haqiqiy huquqqa ega boʻlgan shaxs, bunday daromaddan bevosita naf oluvchi hisoblansa;
  • ushbu daromadlardan mustaqil ravishda foydalanish va (yoki) tasarruf etish huquqiga ega boʻlsa. Yoki uning manfaatlarini koʻzlab oʻzga shaxs ularni tasarruf etadigan shaxs boʻlsa.

Xorijiy tashkilot daromadlarga nisbatan haqiqiy huquqqa ega boʻlgan shaxs sifatida hisoblanmaydi, agar:

  • ushbu daromadlarni tasarruf etishga nisbatan cheklangan vakolatlarga ega boʻlsa;
  • boshqa shaxs manfaatlarini koʻzlab faqat vositachi funksiyalarini bajarsa;
  • oʻz zimmasiga tavakkalchiliklarni qabul qilmasa.

 

Agar bu - xizmatlar uchun toʻlovlar boʻlsa

Bu holda SKning 351-moddasi 2-qismi 17-bandiga asosan bunday toʻlovlar toʻlov manbaida 20% stavka (agar ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish toʻgʻrisidagi xalqaro bitimda oʻzgacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa) boʻyicha soliq solinadigan norezidentlarning daromadlariga kiradi”.

 

Mavzuning davomi sifatida quyidagilarni oʻqishni tavsiya qilamiz:

 

 

Foyda soligʻi Oʻzbekistonda: hisob-kitob, soliq stavkalari foyda soligʻi, yuridik shaxslar soligʻi, hisob-kitob, soliq hisoboti, stavka, imtiyozlar Foyda soligʻi: qanday hisoblanadi, kimlar toʻlaydi, stavkasi qancha va qanday muddatlarda hisobot taqdim etiladi. Soliqdan ozod etish holatlari, kam uchraydigan xatolar, hisob-kitob usullari va amaliy misollar boʻyicha barcha javoblar Buxgalter.uz saytida! /oz/publish/doc/text179352_licenziyalar_importiga_foyda_soligi_solinadimi