Norezidentga toʻlangan jarimaga soliq solinadimi

preview

Korxona import kontrakti shartlariga koʻra Oʻzbekistonda doimiy muassasaga ega boʻlmagan xorijiy hamkor – norezidentga jarima toʻladi. DSQ Soliq solish metodologiyasi departamenti bosh mutaxassisi Ra’no ALIShAYeVA buxgalter.uz iltimosiga koʻra norezidentning daromadidan QQS va foyda soligʻi toʻlanishi borasida tushuntirish berdi:

 

– Realizatsiya qilish joyi Oʻzbekiston boʻlgan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma QQS solish ob’yektidir . Jarima – tovar va xizmat emas, shu sababli u toʻlanganda QQS solinmaydi.

Norezidentning Oʻzbekistondagi manbalardan olingan va doimiy muassasa bilan bogʻliq boʻlmagan daromadlaridan olinadigan foyda soligʻi norezidentga daromad toʻlovchi soliq agenti tomonidan hisoblab chiqariladi va ushlab qolinadi . Bunday daromadlar jumlasiga, xususan, shartnoma majburiyatlarini buzganlik uchun jarimalar, penyalar va boshqa toʻlovlar kiradi .

Toʻlov manbai boʻlgan korxona norezidentning daromadidan 20% stavkada foyda soligʻini ushlab qolishi va byudjetga toʻlashi kerak .

Shuningdek Oʻzbekistonning xorijiy hamkor rezidenti boʻlgan mamlakat bilan ikki yoqlama soliq solishning oldini olish toʻgʻrisidagi xalqaro shartnomasida bunday daromadlarga Oʻzbekistonda soliq solinmasligi yoki pasaytirilgan stavkada soliq solinishi nazarda tutilgan boʻlsa, uning qoidalarini qoʻllashga haqlisiz .

 

 

QQS: soliq hisobi — maslahatlar QQS QQS (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text179524_norezidentga_tulangan_jarimaga_soliq_solinadimi