Norezident bir nechta kompaniyada ishlasa, DMni roʻyxatdan oʻtkazishi zarurmi

preview

Chet el kompaniyasi Oʻzbekistondagi bir nechta kompaniyalar bilan maslahat xizmatlari koʻrsatish uchun - turli muddatlarga shartnomalar tuzadi, ularning har biri 183 kundan oshmaydi. Xizmatlar koʻrsatish uchun u Oʻzbekistonga mutaxassislarni joʻnatadi va oʻzi ular uchun ish haqi toʻlaydi. Chet el kompaniyasi Oʻzbekistonda doimiy muassasa ochishi kerakmi? Oʻzbekistondagi turli kompaniyalar bilan bir nechta shartnomalar tuzishda xizmatlar koʻrsatish davrini qanday toʻgʻri hisobga olish lozim? 

Savollarga buxgalter.uz iltimosiga binoan DSQ Soliq solish metodologiyasi departamenti bosh mutaxassisi Ra’no ALIShAYeVA javob berdi:

 

– Mazkur vaziyatda doimiy muassasani roʻyxatdan oʻtkazish shart emas.

 

DMni e’tirof etish shartlari

Chet el yuridik shaxsining Oʻzbekistondagi doimiy muassasasi - bu chet el yuridik shaxsi Oʻzbekistondagi tadbirkorlik faoliyatini toʻliq yoki qisman amalga oshiradigan doimiy faoliyat koʻrsatish joyi . Chet el yuridik shaxsi tomonidan oʻz xizmatchilari yoki shu maqsadlar uchun uning tomonidan yollangan boshqa xodimlar orqali bajariladigan xizmatlar koʻrsatish (shu jumladan maslahat xizmatlari) ham doimiy muassasa deb e’tirof etiladi.

Bunda ayni bir loyiha bilan bogʻliq shaxs yoki chet el yuridik shaxsining bogʻlangan tarafi uchun istalgan ketma-ketlikdagi 12 oylik davr mobaynida kamida 183 kun davom etishi DM tashkil etish uchun asos boʻlgan shart hisoblanadi.

Chet el yuridik shaxsi tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat bunday faoliyatni amalga oshirish boshlangan sanadan boshlab doimiy muassasani tashkil etadi. Ushbu sana:

1) quyidagilar yuzasidan har qanday kontraktni (shartnomani, bitimni) tuzish sanasi:

  • Oʻzbekistonda xizmatlar koʻrsatish;
  • uning nomidan Oʻzbekistonda harakatlarni amalga oshirish vakolatlarini berish;
  • tovarlarni Oʻzbekistonda foydalanish yoki realizatsiya qilish maqsadida olish;
  • Oʻzbekistonda xizmatlar koʻrsatish uchun xizmatlarni olish;

2) Oʻzbekistonda faoliyatni amal oshirish maqsadida birinchi mehnat shartnomasini (bitimni, kontraktni) tuzish sanasi;

3) norezident boʻlgan jismoniy shaxs Oʻzbekistonga kelgan sana, chet el yuridik shaxsi tomonidan kontrakt (shartnoma, bitim) shartlarini bajarish uchun xodim yoki boshqa xodimlar yollangan sana.

Agar bir nechta shart bajarilsa, ushbu sanalarning nisbatan ilgarigisi, biroq 2 va 3-bandlarda koʻrsatilgan sanalarning birinchisidan ilgari kirib kelmagan sana norezidentning Oʻzbekistonda faoliyatni amalga oshirishi boshlangan sana deb e’tirof etiladi.

Agar chet el yuridik shaxsi bitta soliq organida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan 2 va undan ortiq doimiy muassasa tashkil etilishiga olib keluvchi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa, bu guruhlar boʻyicha bitta doimiy roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.

 

DMni e’tirof etish uchun shartlar mavjud boʻlmasa

Keltirilgan vaziyatda Oʻzbekistonning norezidenti boʻlgan yuridik shaxs turli buyurtmachilar bilan bir nechta shartnomalar tuzgan, ularning har biri alohida soliq agenti hisoblanadi .

SKning 23-moddasiga asosan SKga muvofiq zimmasiga soliqlarni hisoblab chiqarish, soliq toʻlovchidan ushlab qolish va byudjetga oʻtkazish majburiyati yuklatilgan shaxslar soliq agentlari deb e’tirof etiladi. Norezidentning Oʻzbekistondagi manbalardan olingan va doimiy muassasa bilan bogʻliq boʻlmagan daromadlaridan olinadigan soliq norezidentga daromad toʻlovchi soliq agenti tomonidan hisoblab chiqariladi va ushlab qolinadi - bunda bunday daromadlarning har bir toʻlovi paytida amalga oshiriladi .

 

Xalqaro shartnoma qoidalaridan kelib chiqib, norezidentning daromadlarini soliq solishdan ozod qilishni qoʻllash mumkinmi

SKning 357-moddasini qoʻllash maqsadida soliq agenti norezident tomonidan doimiy muassasa tashkil etilganligi faktini aniqlaydi, shu jumladan xizmatlar koʻrsatish shartnomasi (kontrakti) asosida aniqlaydi. Bunday fakt aniqlangan taqdirda, soliq organi xalqaro shartnoma qoidalarini norezidentlarning daromadlarini soliq solishdan ozod etish qismi boʻyicha qoʻllashga haqli emas .

Shu tariqa, har bir buyurtmachi, alohida soliq agenti sifatida, soliq majburiyatlarini bajaradi va norezident bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha xizmatlar koʻrsatish davrini hisobga oladi.

 

 

Foyda soligʻi Oʻzbekistonda: hisob-kitob, soliq stavkalari foyda soligʻi, yuridik shaxslar soligʻi, hisob-kitob, soliq hisoboti, stavka, imtiyozlar Foyda soligʻi: qanday hisoblanadi, kimlar toʻlaydi, stavkasi qancha va qanday muddatlarda hisobot taqdim etiladi. Soliqdan ozod etish holatlari, kam uchraydigan xatolar, hisob-kitob usullari va amaliy misollar boʻyicha barcha javoblar Buxgalter.uz saytida! /oz/publish/doc/text180047_norezident_bir_nechta_kompaniyada_ishlasa_dmni_ruyhatdan_utkazishi_zarurmi