Rublda eksport qilishning soliq oqibatlari

preview

Hozirgi vaqtda Rossiyaning potensial xaridorlaridan tovarlarni (xizmatlarni) Rossiya rublida xarid qilish toʻgʻrisida takliflar kelib tushmoqda. Shu munosabat bilan eksport qiluvchi korxonalarda savollar tugʻilmoqda: 1) Eksport uchun hisob-kitoblarni amalga oshirishda chet el valyutasining qaysi turlari QQS va foyda soligʻining nol darajali stavkasini qoʻllash maqsadida e’tirof etiladi? 2) Agar tovarlar (xizmatlar) Rossiya rublida toʻlovni amalga oshirish sharti bilan eksport qilinsa, QQS va foyda soligʻi boʻyicha nol darajali stavkani qoʻllash mumkinmi? 

Savollarga buxgalter.uz iltimosiga binoan Moliya vazirligi Soliq-bojxona siyosati va daromadlarni prognozlashtirish departamenti direktori Irodaxon ABBOSXONOVA javob berdi:

 

QQSning nol darajali stavkasini qoʻllash mumkinmi

– SKning 260-moddasida QQSning nol darajali stavkasi boʻyicha soliq solinadigan eksport operatsiyalari va ularga tenglashtirilgan operatsiyalar roʻyxati keltirilgan. SKning 261-moddasida eksport operatsiyalarini tasdiqlovchi hujjatlar sanab oʻtilgan. SKda QQS boʻyicha nol darajali stavkani qoʻllash maqsadida boshqa shartlar - mavjud emas.

Shu tariqa, eksport qiluvchi QQSning nol darajali stavkasini qoʻllashi uchun:

  • eksport operatsiyasi QQSning nol darajali stavkasi boʻyicha soliq solinadigan operatsiyalar roʻyxatiga muvofiq boʻlishi kerak;
  • soliq hisoboti bilan birga eksportni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar taqdim etilgan boʻlishi kerak.

Eksport uchun hisob-kitoblarni amalga oshirishda QQSning nol darajali stavkasini qoʻllash maqsadida chet el valyutasining turi ahamiyatga ega emas.

 

Foyda soligʻi boʻyicha nol darajali stavkani qoʻllash mumkinmi

SKning 337-moddasiga asosan foyda soligʻi boʻyicha nol darajali stavka tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olinadigan foydaga nisbatan quyidagi shartlar bajarilgan taqdirda qoʻllaniladi:

  • tovarlarni (xizmatlarni) eksport qilishdan olinadigan daromadlar jami daromadning kamida 15%ini tashkil etsa;
  • tovarlarning eksportini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlganda ;
  • tovarlarni chet el valyutasida eksport qilish yuzasidan daromadlar tovarlar (xizmatlar) eksportga chiqarilgan kundan e’tiboran 180 kalendar kuni ichida kelib tushgan taqdirda.

Eksport ulushi jami daromadning kamida 15%ini tashkil qilishi toʻgʻrisidagi shart quyidagilarga nisbatan tatbiq qilinmaydi :

– roʻyxati Prezidentning qarori bilan tasdiqlanadigan xom ashyo tovarlar eksportiga;

– xalqaro tashishlar xizmatlariga, bundan avtotransportda tashishlar mustasno;

– tovarlarni quvurlar orqali va gaz quvurlari orqali tashish boʻyicha xizmatlarga.

Chet el valyutasi - muomaladagi hamda chet davlat (chet davlatlar guruhlari) hududida naqd toʻlovning qonuniy vositasi boʻlgan pul belgilari, shuningdek muomaladan chiqarilayotgan yoki muomaladan chiqarilgan, ammo almashtirilishi lozim boʻlgan pul belgilari, chet davlatlarning (chet davlatlar guruhlarining) pul birliklarida hamda xalqaro pul birliklarida yoki hisob-kitob birliklarida bank hisobvaraqlarida va omonatlarida turgan mablagʻlar .

Boshqacha aytganda, chet davlatlarning pul birliklarida hamda xalqaro pul birliklarida yoki hisob-kitob birliklarida toʻlovning qonuniy vositalari chet el valyutasi deb e’tirof etiladi.

Rossiya rubli istisno hisoblanmaydi va chet el valyutasi tushunchasiga toʻliq muvofiq keladi.

Foyda soligʻi boʻyicha nol darajali stavkani qoʻllash uchun yuqorida aytib oʻtilgan shartlar, shu jumladan - eksportga chet el valyutasida toʻlovni amalga oshirish sharti bajarilishi kerak. Bunda valyutaning turi ahamiyatga ega emas.

 

 

TIF — maslahatlar TIF TIF — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text180077_rublda_eksport_qilishning_soliq_oqibatlari