9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Prezident tomonidan 2022 yil 30 aprel kuni “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror imzolandi. Turizm tarmogʻi korxonalari qoʻshimcha imtiyozlarga ega boʻlishdi, ish beruvchilar oʻz xodimlarining mamlakat ichidagi sayohat xarajatlarining bir qismini qoplab beradi, fuqarolar bunday xarajatlar boʻyicha keshbek olishlari mumkin.
Turizm tarmogʻi uchun 2022 yil 1 iyuldan kuchga kiradigan imtiyozlar:
1. “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi” yoki “Turizm ovuli” maqomi berilgan fuqarolar yigʻinlari hududlarida mehmon uylari, ovqatlanish, koʻngilochar joylar tashkil etgan tadbirkorlar uchun 2025 yil 1 yanvarga qadar Prezidentning 27.01.2022 yildagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-104-son qarori 2-bandining “a” va “v” kichik bandlarida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari va normalari tatbiq etiladi:
- ijtimoiy soliq stavkasi - 1%. PQ-104-son qarorga asosan imtiyozdan bunday xizmatlarni koʻrsatishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 60%ini tashkil etgan tadbirkorlik sub’yektlari foydalanishlari mumkin;
- aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari - 1%. Bunda, PQ-104-son qarorda ushbu imtiyozni qoʻllash sharti nazarda tutilgan: imtiyozdan PQ-104-son qarorga 1-ilovada koʻrsatilgan tumanlar va shaharlarning turistik zonalarida roʻyxatdan oʻtkazilgan tadbirkorlik sub’yektlari foydalanishlari mumkin. Mazkur shart “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorga muvofiq tadbirkorlarga tatbiq etilishi - hozircha tushunarsiz. Moliya vazirligining mazkur masala boʻyicha tushuntirishlarini kutib qolamiz.
2. Oilaviy mehmon uylari tashkilotchilari ta’mirlashga 100 mln soʻmgacha, mebel, maishiy texnika va boshqa buyumlar bilan jihozlashga 50 mln soʻmgacha hamda suzish havzalarini tashkil etishga 200 mln soʻmgacha kreditlar olishlari mumkin.
Ish beruvchilarning xodimlar sayohati uchun xarajatlari
Qarorning 1-bandiga asosan 2022 yil 1 iyundan boshlab “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida ish beruvchilar jamoa shartnomalariga xodimlar uchun yiliga kamida bir marotaba respublika boʻylab sayohatga chiqish imkonini yaratishni nazarda tutuvchi qoidalarni kiritishi kerak.
Bunda sayohat boʻyicha xarajatlarning bir qismi quyidagilar hisobidan qoplanishi kerak:
- byudjetdan tashqari jamgʻarmalar;
- ish beruvchilar mablagʻlari;
- qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Xodimlar uchun keshbek
2022 yil 1 sentyabrdan boshlab fuqarolar respublika hududlari boʻylab ichki sayohatlarni amalga oshirish xarajatlaridan “Soliq” ilovasiga integratsiya qilingan maxsus elektron platforma orqali keshbek olishlari mumkin.
Keshbek olish sharti: sayohat qilish davomida fuqarolar avia, temir yoʻl yoki avtomobil transportidan foydalanishlari, “joylashtirish vositalari” maqomi berilgan joylarda yashashlari va madaniyat ob’yektlariga tashrif buyurishlari kerak.
Har bir turistga quyidagi miqdorlarda qaytarishni amalga oshirish nazarda tutilmoqda:
- aviaqatnov orqali sayohat qilishda borib-kelish chiptasi narxining 15%i, lekin 150 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;
- temir yoʻlda yoki avtobusda sayohat qilishda borib-kelish chiptasi narxining 15%i, lekin 80 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;
- joylashtirish vositasida tunab qolishda xarajatning 15%i, lekin 80 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;
- teatr, muzey, sirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif summasining 50%i, lekin 20 ming soʻmdan oshmagan miqdorda.
Sizga quyidagi tavsiyalar asqotishi mumkin:
- Turizmda buxgalteriya hisobi;
- Turapaketlarga aylanmadan olinadigan soliq qanday solinadi;
- Turistik korxonada hujjatlar aylanmasi grafigi;
- Mehmonxona xizmatlari realizatsiyasini hisobga olish tartibi;
- Tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilish joyi qanday aniqlanadi.
Saida JONIZOQOVA tayyorladi