DSQ xabari olingan taqdirda chekdagi MXIKni tuzatish zarurmi

preview

Soliq qoʻmitasi xatlar yoʻllamoqda, unda soliq toʻlovchilarga onlayn-NKM va virtual kassalar cheklarida MXIK koʻrsatilmaganligi yoki xato koʻrsatilganligi toʻgʻrisida xabar beradi. 

Soliq maslahatchisi Rustam SOBIROV buxgalter.uz iltimosiga binoan MXIK bilan bogʻliq vaziyatni sharhlab berdi. Mutaxassisning fikriga koʻra, soliq organlarining oʻzi muammoni hal qilishga yordam berishi mumkin:

 

– Soliqchilar xatda onlayn-NKM cheklarida notoʻgʻri koʻrsatilgan MXIK uchun javobgarlik haqida ogohlantiradi. Biroq unda xatoga yoʻl qoʻyilgani shubhasizdir. Xatning mazmuniga koʻra, unda havola SKning 233-moddasiga emas, balki notoʻgʻri MXIKlar aks ettirilganligi uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi SKning 223-moddasiga boʻlishi kerak. Ushbu norma 2022 yil 1 iyuldan kuchga kiradi .

12 avgustdan boshlab yana bitta norma amal qilishni boshlaydi: xato MXIK bilan cheklar chop etuvchi onlayn-NKM tasarrufida boʻlgan TXKMni reyestrdan chiqarib tashlash .

Davom etayotgan MXIK kodlarini inventarizatsiyadan oʻtkazish jarayoni tadbirkorlar uchun xavf tugʻdiradi. Bunday jiddiy jazolash shakllarini qoʻllashni boshlashdan oldin inventarizatsiyani yakunlash toʻgʻri boʻlardi, deb hisoblayman.

Yangi normalar ushbu ogohlantiruvchi xatlarga qanchalik e’tiborli va mas’uliyatli boʻlish zarurligini koʻrsatadi.

Sizning onlayn-NKMga kiritilgan tovarlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni qayta tekshirib chiqing: ularda Mahsulot (tovar va xizmat)larning yagona elektron milliy katalogining (tasnif.soliq.uz) joriy versiyasiga muvofiq keladigan MXIK kodlari boʻlishi kerak.

 

MXIKlar inventarizatsiyasi

Yana bir bor DSQ e’tiborini klassifikatorda MXIK doim oʻzgarib turishi tufayli tadbirkorlarda yuzaga  kelayotgan muammolarga qaratmoqchiman.

Tasnif.soliq.uz saytining rasmiy axborotiga koʻra, MXIKning quyidagi yangilangan kodlari joriy etilgan:

  • 2022 yil 7 martdan boshlab - dori vositalari va tibbiyot maqsadidagi buyumlar uchun;
  • 2022 yil 7 apreldan boshlab - sement uchun;
  • 2022 yil 1 iyundan boshlab - bugʻdoy, gilamlar va gilam mahsulotlari uchun.

Shubhasiz, inventarizatsiya hali dastlabki bosqichda, u hatto bozorda taqdim etilgan tovar va xizmatlarning yarmini ham qamrab olmagan. Tadbirkorlarning ushbu oʻzgartirishlarga ulgurishlari qiyin boʻlmoqda. Axir oʻzgartirishlarni kuzatib borish - bu ishning yarmi, ushbu yangi MXIKlarni onlayn-NKM va virtual kassa xotirasiga kiritish lozim. Bu esa, amaliyotning koʻrsatishicha, tadbirkor har doim ham mutaxassislarning yordamisiz bajara oladigan vazifa emas.

 

Soliq idorasi vaziyatni oʻnglashda qanday yordam berishi mumkin

Soliq ma’muriyatchiligi nuqtai nazaridan, agar DSQ nafaqat onlayn-NKM cheklarida, balki EHFda ham MXIK monitoringi va qoʻllanishi tizimini avtomatlashtirishni davom ettirganida, ayni muddao boʻlardi.

DSQning axborot tizimlari EHF va cheklarda notoʻgʻri koʻrsatilgan MXIKlarni aniqlaydi. Ushbu  tizim aniqlangan notoʻgʻri MXIKni toʻgʻrisiga almashtirishga nima xalaqit beradi? Nazarimda, buni texnik jihatdan amalga oshirish mumkin. MXIKga avtomatik ravishda tuzatish kiritish bilan bogʻliq holatda, soliq toʻlovchiga dastur taklif qilayotgan almashtirishga rozilik yoki norozilikni bildirish imkoniyatini berish zarur.

Onlayn-NKM cheki va hisobvaraq-fakturalarni shakllantirish chogʻida MXIKdagi xato toʻgʻrisida ogohlantiruvchi funksional ham foydali boʻladi. Bu xatoni chek berilguncha yoki hisobvaraq-faktura joʻnatilguncha tuzatish imkonini beradi.

Doʻkonga barcha tovarlar elektron hisobvaraq-fakturalar bilan birga keladi. Nima uchun doʻkonlar hanuz hisobvaraq-fakturalardagi tovarlar toʻgʻrisidagi  ma’lumotlarni onlayn-NKM yoki virtual kassaga qoʻlda olib oʻtkazishlari kerak? EHF ham, onlayn-NKM ham soliq organlarining yagona axborot tizimida ishlaydi. Demak, shunday qilish mumkinki, onlayn-NKM tovarlari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar bazasi hisobvaraq-fakturalar ma’lumotlari asosida avtomatik tarzda shakllansin.

Biroq bu hozircha faqat taklif. 1 iyuldan esa xatolar real jarimaga sabab boʻladi. Biz bunga tayyor emasligimizni tan olishimiz lozim, sababi talay savollarga hali javob yoʻq.

Vaziyatni koʻrib chiqamiz. Bugun tovarlarning muayyan guruhi uchun MXIKda oʻzgarishlarni e’lon qilishdi, deb faraz qilaylik. Darhol savol tugʻiladi:

    1) Onlayn-NKMga yangi MXIKlarni kiritish uchun savdoni toʻxtatish kerakmi? Yoki buni savdoni toʻxtatmasdan va jarima sanksiyalari tarzidagi oqibatlarsiz muayyan vaqt davomida amalga oshirish mumkinmi?

    2) MXIKdagi nomuvofiqliklar bilan qanday yoʻl tutish zarur? Tovar eski MXIK bilan olingan, uni yangi MXIK bilan sotish kerakmi? Yoki qay tarzda?

    3) Agar MXIK oyning oʻrtasida oʻzgartirilgan boʻlsa, yangi MXIKlar joriy etilgunga qadar, oyning dastlabki sanalarida berilgan cheklarga tuzatish kiritish zarurmi?

Ushbu savollarga hozircha javob yoʻq. Tez kunlarda bu savollar juda keskin boʻladi. Keyinchalik nizoli jihatlar boʻlmasligi uchun davlat regulyatori yagona qoidalarni ishlab chiqib, tasdiqlashi kerak.

Hatto hozir DSQ yoʻllayotgan xat boʻyicha hozircha rasmiy javob olinmagan savollar tugʻilmoqda.

Xatning matnidan shunday xulosa qilish mumkinki, 2-3 oy uchun xatda aytilgan cheklarni topib, tuzatish kiritish zarur. Biroq cheklar soni yuzlab yoki minglab boʻlsa, bu ulkan ish hajmidir. Har bir chekka alohida tuzatish kiritish lozim... DSQning oldingi davr uchun cheklarga tuzatish kiritish toʻgʻrisidagi talabining toʻgʻriligi menda shubha uygʻotmoqda. Men haqmanmi yoki yoʻq?

Ushbu tuzatishning amaliy mazmunidan kelib chiqish mumkinmi? Agar toʻlangan soliq summasi xato koʻrsatilgan yoki koʻrsatilmagan MXIKga bogʻliq boʻlsa - ha, tuzatish kiritish lozim albatta. Agar bogʻliq boʻlmasa-chi? Tuzatish kiritish nima beradi? Menimcha, keyingi cheklarda ushbu xatolar boʻlmasligi uchun chora koʻrish yetarli.

Roʻyxatda telefon raqamlari keltirilgan. Men bir soatdan koʻp vaqt sarflab, savolimga javob olish uchun hech biriga qoʻngʻiroq qilib tusholmadim. Shuningdek, 1198 raqamiga qoʻngʻiroq qilib ham javob ololmadim. Ushbu xizmat operatorlari xatda koʻrsatilgan telefon raqamlariga qoʻngʻiroq qilishni tavsiya qilishdi.

Yana bitta mulohaza. Eskirgan kodlar klassifikator va axborot tizimlaridan oʻchirib yuborilishi kerak emas. Shunchaki ular amal qilish muddati belgisi bilan boʻlishi kerak. Bu soliq organlari va soliq toʻlovchilar oʻz pozitsiyalarini himoya qilishlari kerak boʻlgan nizoli vaziyatlarda asqotishi mumkin.

Oleg GAYeVOY tayyorladi


EHF: soliq hisobi — maslahatlar EHF EHF (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text182012_dsq_habari_olingan_taqdirda_chekdagi_mhikni_tuzatish_zarurmi