9 oyni xatolarsiz yopamiz:
2022 yil 1 noyabrda toʻlov servislari toʻlovning ayrim turlarini, shu jumladan joylarda, QR-kod orqali toʻlov va masofadan toʻlovning ayrim turlarini toʻxtatib qoʻydilar. Shu kuni kechga tomon ularning ishi tiklandi. Ushbu holat takrorlanishi mumkinmi, bunga qanday qilib yoʻl qoʻymaslik mumkin?
Buxgalter.uz e’lon qilingan arznomalarni oʻrganib, biznes vakillari bilan suhbatlashib, muayyan xulosalarga keldi. Ular onlayn-NKT tizimini yanada rivojlantirish va soliq ma’muriyatchiligini avtomatlashtirishda foydali boʻlishiga umid qilamiz.
Toʻlov tizimlari va tadbirkorlik sub’yektlari rasmiy e’lonlarda yuzaga kelgan holatga «texnik ishlar» sababchi boʻlganini koʻrsatdilar. Marketpleyslar va toʻlov tashkilotlari oʻz tizimlarini fiskal ma’lumotlar operatori bilan integratsiyalashlari, tovarlarni (xizmatlarni) sotuvchilar va ularning xaridorlari oʻrtasidagi hisob-kitoblarda fiskal cheklar shakllantirilishini yoʻlga qoʻyishlari kerak. Ushbu talablar huquqiy asosga ega:
- 04.10.2021 yildagi «Chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasida nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-5252-son qaror;
- 23.11.2019 yildagi «Onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi qoʻllanilishini ta’minlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 943-son VMQga 1 va 1a ilovalar;
- SK 227-1-m.
Ushbu NHH doirasida soliqchilar tadbirkorlardan qonunchilikka rioya etishni va xaridor bilan hisoblashishda unga fiskal chek berishni talab qiladilar. Bu quyidagilar uchun zarur:
- xaridorlar keshbek olishlari;
- soliq ma’muriyatchiligi avtomatlashtirilishini, xususan – soliqlar boʻyicha hisobotlar avtomatik ravishda shakllantirilishini ta’minlash;
- soliqlar toʻliq toʻlanishini ta’minlash.
Biroq, ushbu talablarni amalga oshirish davomida amaliyotda hal qilish murakkab yoki imkonsiz boʻlgan koʻplab texnik masalalar yuzaga keladi. Ularni quyidagilar taqozo etadi:
- korxonalardagi xilma-xil biznes-modellar;
- NHHning ayrim normalarini bir xil talqin qilmaslik;
- soliqlarni hisoblab chiqarishda SK normalariga rioya etish zarurati.
Bir nechta misolni koʻrib chiqamiz.
1. Umumiy ovqatlanish muassasasi mijozlarga internet yoki telefon orqali taomni uyga yetkazib berishga buyurtma berish va koʻrsatilgan xizmatlar haqini toʻlov ilovasi orqali toʻlash imkonini beradi.
Ushbu holatga qanday qarasa toʻgʻri boʻladi: joylarda hisoblashish sifatidami yoki masofadan haq toʻlash sifatidami? Bunga aniq javob yoʻq. Amaliyotda quyidagi variantlar amalga oshirilishi mumkin:
- onlayn-NKM fiskal cheki restoran binosida qogʻozga chiqarilishi mumkin, kuryer uni buyurtma bilan birga yetkazib beradi;
- kuryer onlayn-NKMni oʻzi bilan olib kelishi mumkin, u tovarni buyurtmachiga berayotganda chek uradi;
- hisob-kitobni amalga oshirgan toʻlov ilovasi fiskal chekni shakllantirishi mumkin;
- restoran oʻz sayti yoki mobil ilovasini fiskal ma’lumotlar operatori bilan integratsiyalashi va mobil ilovada fiskal chekni shakllantirish funksionalini yaratishi mumkin.
Ushbu vaziyatda biznesni cheklash, fiskal chek faqat toʻlov amalga oshiriladigan toʻlov servisi orqali shakllantirilishini talab qilish lozimmi?
2. Umumiy ovqatlanish korxonasi tayyor taomlarni yetkazib bergan holda sotadi, buyurtma haqini toʻlov ilovalari orqali, naqd pulda yoki plastik karta vositasida toʻlash mumkin.
Naqd pulda va plastik karta vositasida haq toʻlanganda faqat onlayn-NKM yoki virtual kassa yordamida chekni qogʻozga chiqarish mumkin, boshqa variant yoʻq. Nima uchun elektron hisob-kitoblarda chekni onlayn-NKM yoki virtual kassa yordamida berish imkonini istisno etish, tranzaksiya oʻtkazilgan toʻlov ilovasi shakllantirishini talab qilish lozim?
3. Mijoz internetda bir nechta tovarga buyurtma beradi, ularning har biri oʻz MXIKga ega, ularning haqini toʻlov ilovasi orqali toʻlaydi.
Bu holda fiskal chekni shakllantirish chogʻida toʻlov ilovasida sotilgan tovarlar roʻyxatini chekda aks ettirish bilan bogʻliq koʻplab muammolar yuzaga keladi. Ushbu bosqichda mazkur vaziyatda eng optimal variant – fiskal chekni onlayn-NKM yoki virtual kassa yordamida shakllantirish va uni xaridorga yetkazib berish.
4. Toʻlov ilovalarining fiskal cheklari soliqlar boʻyicha hisob-kitoblarda avtomatik ravishda realizatsiya sifatida qayd etiladi.
Ushbu vaziyatda uzoq muddatli kontraktlar boʻyicha hisob-kitoblarda, avans toʻlovlarida va toʻlovni boʻlib-boʻlib toʻlash shartnomalari boʻyicha hisob-kitoblarda tushumni aks ettirish bilan bogʻliq qiyinchiliklar yuzaga keladi. Hatto ushbu vaziyat marketpleyslar uchun hisoblash metodi bekor qilingan degan fikr shakllanishiga sabab boʻldi. Bu xato fikr, albatta.
Bu holda zarur funksionalni ishlab chiqishi va joriy etishi kerak boʻlgan toʻlov servislari va fiskal ma’lumotlar operatori nuqsonga egaligi koʻrinib turibdi.
5. Tovarlarni kreditga realizatsiya qiluvchi doʻkon toʻlov ilovasiga ega kassa texnikasini integratsiya qildi. Mijoz toʻlov ilovasi orqali haq toʻlaganda onlayn-NKM avtomatik ravishda chekni qogʻozga chiqaradi. Birinchisi – QR-kodlisi – tovar bilan xaridorga yetkazib beriladi. Kreditni soʻndirish chogʻida shakllantiriladigan cheklarni esa hozircha yetkazib berishning imkoni yoʻq.
Xaridor bu chekni olishga bormaydi, u boʻyicha keshbek berilmaydi, doʻkonga bunday cheklarni yetkazib berish malol keladi. Xaridor esa bunday chekka havola joʻnata olmaydi, sababi ularda QR-kod yoʻq. Umuman olganda, bunday cheklarni xaridorga berish masalasi hali yechimini topmadi. Bunda sotuvchi, xaridor va soliq organlari oʻz servislarida ushbu toʻlovlarni koʻradilar.
Vaziyatlarni sanashda davom etishdan naf yoʻq... Deyarli har bir misolda aniq biznes-jarayonlar taqozo etgan oʻziga xos jihatlar bor. Ayrim oʻta ilgʻor bozor ishtirokchilari mijoz keshbek olish huquqini beruvchi QR-kodli chekni albatta oladigan, sotuvchi, xaridor va soliq organlari esa aholi bilan barcha hisob-kitoblarni kuzata oladigan qilib ishlashga oʻrgandilar.
Texnologiyalar rivojlanishda davom etmoqda. Optimistlar texnik jihatdan istalgan vazifani hal qilish mumkin deb hisoblaydilar. Biroq, barini anglash va hayotga tatbiq etish uchun vaqt kerak.
Hozircha har bir vaziyat uchun qoidalarni belgilashning imkoni yoʻq. Bunday imkoniyat aynan qachon yuzaga kelishini aytish ham qiyin. Har qanday unifikatsiya tushunmovchilik va nizolarga, ya’ni hozirgi vaziyat yuzaga kelishiga olib keladi.
Koʻrsatilgan xizmatlar va sotilgan tovarlar uchun aholi bilan hisoblashishda talablarga muvofiq NKT chekini berish shartini bajarish ustuvor vazifa boʻlishi kerak. Buning uchun:
- toʻlov servislari oʻz mijozlariga masofadan turib hisoblashishda fiskal chekni shakllantirish imkonini berishi kerak. Biroq, toʻlov tizimi hamda tovarlar va xizmatlar sotuvchisi har bir aniq holatda ushbu imkoniyatni qoʻllash-qoʻllamaslikni kelishuv asosida hal qilishi lozim. Bunda sotuvchida doim onlayn-NKM, virtual kassa yordamida fiskal chek berish yoki – oʻz resursini FMO bilan integratsiyalash imkoni qolishi kerak;
- nazorat va soliq ma’muriyatchiligini tartibga solish maqsadida aholi bilan hisob-kitob qiladigan tadbirkorlarga oʻzlari qoʻllaydigan hisob-kitob va xaridorlarga fiskal kassa chekini berish sxemalarini soliq organlari oldida deklaratsiyalash majburiyatini yuklash maqsadga muvofiq. Bunda aytganidan qaytishni huquqbuzarlik deb hisoblash, buning uchun jarima sanksiyalarini belgilash mumkin.
P.S.: 2022 yil mart oyidan buyon toʻlov operatorlari fiskal cheklarni berishi talab etilmoqda. DSQ xodimlari buni koʻp marta tushuntirdilar, biroq u hali amalga oshirilmadi. Toʻlov tizimlari operatorlari uni bajara olmay, funksiyalarning bir qismini oʻchirib qoʻyaqoldilar.
Bunday xatti-harakatlar nokonstruktiv ekanligi ayon. Bundan tadbirkorlar ham, iste’molchilar ham aziyat chekdilar. Toʻlov operatorlari qonunchilik talablarini bajarishda qiyinchilikka toʻqnash kelsalar, bu haqda DSQ mutaxassislari bilan suhbatlashish, yechimini muhokama qilish va topish kerak. Soliqchilar va biznes muvaffaqiyatli muloqot qilganiga misollar keltirish mumkin.
![]()