2024 yilga qadar buxgalteriya hisobida nimalar oʻzgaradi

preview

Moliya vazirligi “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonunning yangi tahririni tayyorlamoqda. Maqsad – buxgalteriya hisobi tizimini amaldagi SK bilan kelishish, qonunda MHXSning joriy etilishini hisobga olish va buxgalterlarning kasb malakasini oshirishga koʻmaklashish hisoblanadi.  Oʻzgartirishlar buxgalterlarning malakasi va buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha xizmatlar taqdim etuvchi autsorsing tashkilotlari faoliyati masalalariga daxl qiladi. 

Nimalar oʻzgarishini buxgalter.uz iltimosiga binoan Moliya vazirligi Buxgalteriya hisobi va audit metodologiyasi departamenti direktori Ibrohim AHMADXONOV  tushuntirdi:

 

– 2024 yilga kelib buxgalteriya hisobiga qoʻyiladigan barcha yangi talablarni hisobga oladigan sifat jihatdan yangi qonun paydo boʻlishi kerak. Va bunday talablar oxirgi yillarda talaygina toʻplanib qolgan.

Birinchidan, 2019 yilda Soliq kodeksining yangi tahriri qabul qilingan, unga asosan soliq toʻlovchilar buxgalteriya hisobidan tashqari soliq hisobini yuritadilar. Ya’ni ushbu ikkita hisob – ajratilgan. “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonunda bu aks ettirilmagan.

Ikkinchidan, 24.02.2020 yildagi PQ-4611-son qarorga asosan aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari, sugʻurta tashkilotlari va yuridik shaxslar – yirik soliq toʻlovchilar 2021 yil 1 yanvardan boshlab, MHXS asosida buxgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etadi va 2021 yil yakunlaridan boshlab moliyaviy hisobotni MHXS asosida tayyorlaydi.

 “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonunni MHXS, shu jumladan – unda qoʻllaniladigan terminologiya nuqtai nazaridan qayta koʻrib chiqish lozim.

Misol uchun, Qonunning 7-moddasiga asosan aktivlar, majburiyatlar, xususiy kapital, zaxiralar, daromadlar, xarajatlar, foyda, zararlar va ularning harakati bilan bogʻliq xoʻjalik operatsiyalari buxgalteriya hisobining ob’yektlaridir. Moliyaviy hisobotlarni taqdim etishning Konseptual asoslariga (MHXS) asosan esa  aktivlar, majburiyatlar, xususiy kapital, daromadlar va xarajatlar moliyaviy hisobotning elementlari hisoblanadi. Aniq va tushunarli.

Uchinchidan, PQ-4611-son qaror BHMSni takomillashtirish va ularni MHXS bilan uygʻunlashtirishni nazarda tutadi. Moliya vazirligi bu masalada MHXS Jamgʻarmasi va OTB bilan hamkorlik qiladi. Xususan, hozir kichik va oʻrta biznes sub’yektlari uchun MHXS asosida yagona Moliyaviy hisobotning milliy standarti ishlab chiqilmoqda.

Oʻzbekistonda moliyaviy hisobot standartlarining ikki pogʻonali tizimi shakllantiriladi. Qonunning yangi tahririda kim MHXS boʻyicha, kim esa – milliy standart boʻyicha ishlashi kerakligini yozish kerak.

Toʻrtinchidan, Qonunga moliyaviy hisobotni buning uchun maxsus yaratilgan resursda ochiq foydalanish imkoniyati bilan e’lon qilish toʻgʻrisidagi normani kiritish lozim. Bizning biznesimiz ma’lumotlarni oshkor etishga koʻnikmagan, biroq vaqt oʻtishi bilan bu zaruratga aylanadi. Bunday amaliyotni joriy etgan mamlakatlar tajribasining koʻrsatishicha, moliyaviy hisobotni ochiq foydalanish imkoniyati bilan e’lon qilish katta foyda keltiradi. Tadbirkorlarga ishonchli va toʻlov qobiliyatiga ega boʻlgan hamkorlarni izlash osonlashadi.

Beshinchidan, Qonunning 25-moddasi oʻzgartirishlar kiritilishini talab qiladi, unda choraklik hisobotlarni topshirish talabi mavjud. 10.11.2022 yildagi PQ-419-son qarorga asosan 2023 yilning 1 yanvaridan boshlab buxgalteriya hisobi sub’yektlariga – har chorakda moliyaviy hisobotni soliq va statistika organlariga taqdim etish talabi bekor qilinadi.

Choraklik moliyaviy hisobotlar ayrim tadbirkorlarga murakkabliklar tugʻdirayotganligi toʻgʻrisidagi fikrga qoʻshilmaslik mumkin emas. Lekin hisobotning bunday turlaridan manfaatdor xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar ham koʻp. Misol uchun – aksiyadorlik jamiyatlari. Ochiqlik ularni birjalarda ancha jozibador qiladi.

Oltinchidan, kadrlarga doir masalalar ham e’tiborga molik. Qonunning amaldagi tahririda “professional buxgalter”, “sertifikatlangan professional buxgalter”, “diplomli professional buxgalter” va hokazo kabi tushunchalar mavjud emas. Ushbu kamchilikni bartaraf etish lozim.

Qonunning 12-moddasiga asosan majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtishi lozim boʻlgan xoʻjalik yurituvchi sub’yektning buxgalteriya hisobi xizmati rahbari (banklar va boshqa kredit tashkilotlaridan tashqari)  quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  • oliy ma’lumotga ega boʻlishi;
  • ish stajiga ega boʻlishi.

Oliy ma’lumot mavjudligining oʻzi qanday qilib yirik kompaniya buxgalterining malakasini tasdiqlaydi, degan savol tugʻiladi?

Qonunning yangi tahririda tashkilot faoliyatining xususiyatlari, uning darajasi va koʻlamiga bogʻliq holda buxgalterlarning malakasiga qoʻyiladigan minimal talablarni belgilash taklif qilinmoqda.

Yettinchidan, buxgalteriya hisobi sohasida autsorsing xizmatlari taqdim etuvchi kompaniyalar soni yildan yilga oshib bormoqda. Biroq amaldagi qonun hujjatlarida ularga qoʻyiladigan talablarni, shu jumladan:

  • bunday xizmatlar sifatini nazorat qilishni tartibga soluvchi talablar;
  • xodimlar malakasiga talablarni belgilovchi va Professional buxgalterlar odob-axloqiga rioya etishni belgilovchi talablar;
  • manfaatlar toʻqnashuvi imkoniyatini istisno qiluvchi talablarni belgilovchi normalar mavjud emas.

Sakkizinchidan, Buxgalteriya hisobi metodologiyasini rivojlantirish kengashi faoliyatini aniqlashtirib yozish lozim. U bir tomondan buxgalterlar, soliq maslahatchilari, auditorlar va ikkinchi tomondan Moliya vazirligi, Markaziy bank va boshqa davlat tartibga solish organlari oʻrtasida koʻprik boʻlishi kerak. Metodologik muammolar, birinchi navbatda, ijtimoiy tarmoqlarda emas, balki aynan Kengashda muhokama qilinishi kerak. Va ushbu organ ularni tezkor tarzda hal qilishga koʻmaklashishi kerak. Bu samarali ishlashi uchun oʻzaro hamkorlik mexanizmlarini Qonunda yozish kerak.

Oleg GAYeVOY tayyorladi


Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text185766_2024_yilga_qadar_buhgalteriya_hisobida_nimalar_uzgaradi