9 oyni xatolarsiz yopamiz:
2022 yil 23 noyabrdan Hisobvaraq-fakturalarning shakllari hamda ularni toʻldirish, taqdim etish va qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 59-1-b. kuchga kirdi. Unda soliq solish ob’yektini toʻgʻri aniqlash uchun bir tomonlama EHFni taqdim etish kerak boʻlgan xarajatlar va boshqa daromadlar roʻyxati belgilangan.
Vuxgalter.uz iltimosiga koʻra DSQ soliq solish uslubiyati departamenti mutaxassislari ushbu normani qoʻllash tafsilotlariga aniqlik kiritdilar:
– Ushbu normaga muvofiq, quyidagilar soliq solish ob’yektini toʻgʻri aniqlash uchun bir tomonlama umumlashtirilgan EHFni taqdim etadilar:
1) umumbelgilangan soliqlarni toʻlovchilar quyidagi hollarda:
- aksiz toʻlanadigan tovarlarni qaytarish sharti bilan qayta ishlash uchun topshirish yoki qaytarish sharti bilan berilgan xom ashyo va materiallarni qayta ishlash mahsuli boʻlgan, shu jumladan aksiz toʻlanadigan shunday xom ashyo va materiallarning mahsuli boʻlgan, aksiz toʻlanadigan tovarlarni qaytarish sharti bilan berilgan xom ashyo va materiallarning mulkdoriga ishlab chiqaruvchi tomonidan topshirish;
- aksiz toʻlanadigan tovarlardan oʻz ehtiyojlari uchun foydalanish;
- aksiz toʻlanadigan tovarlarni realizatsiya qilish narxi va tannarxi oʻrtasida ijobiy farq boʻlgan;
- Oʻzbekiston hududida ishlab chiqarilgan va (yoki) Oʻzbekiston bojxona hududiga import qilinadigan aksiz toʻlanadigan tovarlarning buzilishi, yoʻqotilishi, yaroqsizligi, kamomad, yoʻqotish yoki shikastlanish (sinish, boʻlinish) aniqlanishi;
2) aylanmadan olinadigan soliqni toʻlovchilar quyidagilarga:
- uzoq muddatli shartnomalar boʻyicha daromadlar;
- REPO operatsiyalari boʻyicha daromadlar;
- qimmatli qogʻozlar va (yoki) muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga doir operatsiyalar boʻyicha olingan daromadlar;
- asosiy vositalarning va boshqa mol-mulkning chiqib ketishidan olingan daromadlar;
- tekinga olingan mol-mulk (olingan xizmatlar);
- inventarizatsiya natijasida aniqlangan mol-mulkning qiymati tarzidagi daromadlar;
- qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda majburiyatlarni hisobdan chiqarishdan olingan daromadlar;
- talab qilish huquqidan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha olingan daromadlar;
- ilgari chegirib tashlangan xarajatlar yoki zararlarning oʻrnini qoplash tarzidagi daromadlar;
- shartnoma majburiyatlarini buzganlik uchun toʻlanishi lozim boʻlgan jarimalar, penyalar va boshqa sanksiyalar, shuningdek zararlarning (ziyonning) oʻrnini qoplash summalari;
- valyuta hisobvaraqlari boʻyicha ijobiy kurs farqining salbiy kurs farqidan oshishi;
- aksiyador (mulkdor, ishtirokchi, muassis) yuridik shaxs foydasiga oʻz ulushining (ulushi bir qismining) qiymatini olishdan voz kechish natijasida UF (UK) kamayishi munosabati bilan olgan daromadlar yoki yuridik shaxsning UF shakllantirilganda (koʻpaytirilgan yoki kamaytirilganda);
- SK VII boʻlimida belgilangan hollarda va tartibda nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foyda tarzidagi daromadi;
- dividendlar tarzida olingan daromadlar;
- foizlar tarzida olingan daromadlar.
– Bunday hisobvaraq-fakturalar qanday muddatlarda va qanday davriylik bilan taqdim etilishi kerak?
– Nizomning 59-b. muvofiq, umumlashtirilgan holdagi bir tomonlama EHF kalendar oydan keyingi oyning 5-kuniga qadar – kalendar oyning oxirgi kunidagi sana bilan shakllantiriladi.
– Bunday EHFni shakllantirish chogʻida u taqdim etiladigan daromadlar yoki xarajatlar turini aniqlashtirish kerakmi? Bu qanday amalga oshiriladi?
– Ha, kerak. Elektron hujjat aylanishi tizimida tegishli ustunlarda boshqa daromadlarga bir tomonlama hisobvaraq-fakturani shakllantirishingizni koʻrsatganingizdan soʻng MXIK ustunida tavsiya chiqib keladi. Unda Nizomning 59-1-b. qayd etilgan barcha turdagi xarajatlar va boshqa daromadlar sanab oʻtilgan, ularning har biriga oʻz MXIKi berilgan. Tavsiya etilganlar orasidan oʻzingiz uchun keragini tanlang.
– Bunday bir tomonlama EHF QQS, aksiz soligʻi va aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha soliq solinadigan bazani shakllantirishga qanday ta’sir koʻrsatadi?
– SK 238-m. va SK 239-m. muvofiq, bunday EHFda koʻrsatilgan daromadlar va xarajatlar QQS solish ob’yekti deb hisoblanmaydi. Shu bilan birga, SK 284-m. va SK 463-m. muvofiq, ularga tegishincha aksiz soligʻi va aylanmadan olinadigan soliq solinadi.
Oleg GAYeVOY tayyorladi.