Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Agar sizning fiskal modulingizning butun sigʻimi toʻlib qolganligi ma’lum boʻlsa, siz onlayn-NKM yoki virtual kassadan modulni yangisiga almashtirmaguningizga qadar foydalana olmaysiz.
Savdo shoxobchasining ishi toʻxtab qolmasligi uchun fiskal modul bilan ishlashni qanday maqbullashtirish lozimligi haqida buxgalter.uz iltimosiga binoan “RIG” MChJ direktori Rustam YoQUBOV gapirib berdi:
– Haqiqatan, fiskal modul shunday tuzilganki, u toʻlib qolganda kassa apparati modul yangisiga almashtirilmaguncha blokirovka qilinadi. Fiskal modulning sigʻimi ular toʻgʻrisidagi axborot saqlanishi mumkin boʻlgan Z-hisobotlar soni bilan aniqlanadi. Hozirgi vaqtda turkumga bogʻliq holda turli sigʻimdagi fiskal modullar – 944, 800, 640, 256 Z-hisobotlar qoʻllaniladi.
Muayyan fiskal modulning sigʻimini oʻz TXKMda aniqlashtiring va shundan soʻng – soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti yoki onlayn-NKM (virtual kassa)ning oʻzi yordamida uning toʻlishini kuzatib boring.
Har bir Z-hisobotga oʻzining tartib raqami beriladi. Ayrim kassa apparatlarining funksionali qolgan Z-hisobotlar sonini kuzatib borishga yordam beradi, apparatning oʻzi foydalanuvchini bu haqda xabardor qiladi.
Agar fiskal modul toʻlib qolgan boʻlsa
Oʻz TXKMga almashtirish toʻgʻrisida iltimos bilan murojaat qiling. Toʻlib qolgan fiskal modulni TXKM xodimiga topshiring. Yangi modulni oʻrnatishda hech qanday toʻlovlarni amalga oshirish kerak emas.
Toʻlib qolganligi borasida TXKMga tashriflar sonini qisqartirish uchun fiskal modul bilan ishlashni qanday maqbullashtirish mumkin
Qoidaga koʻra, savdo shoxobchalari har sutkada ish kuni yakunlanganidan soʻng Z-hisobotlarni yechib olishadi. Lekin fiskal xotirali NKM (eski namunadagi) vaqtida Z-hisobotlarni sutkada 1 marta ish kuni yakunida yechib olish va ma’lumotlarni kassir-operatsiyachining daftariga yozib qoʻyish talabi oʻrnatilganligi bois koʻp hollarda shunday boʻladi. Ushbu amaliyot chuqur oʻrnashib qolgan, ammo ushbu tartibga hozir qat’iy rioya qilishga zarurat yoʻq.
Tadbirkorlar Z-hisobotlar davriyligini oʻzlari belgilashadi. Ularning ma’lumotlarini hech qanday daftarlarga yozish kerak emas, barcha axborot onlayn-NKM yoki virtual kassaning oʻzida yoki – soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetida mavjud boʻladi. Sizning onlayn-NKM yoki virtual kassangiz uchun Z-hisobotlar davriyligini aniqlashning eng maqbul usuli – bu oʻz buxgalteringiz bilan maslahatlashish.
Bugun Z-hisobot buxgalteriyaga nima uchun kerak? U:
1) sotuvlar toʻgʻrisidagi axborotni nazorat qilish;
2) cheklardagi xatolarni aniqlash va bartaraf etishga yordam beradi.
Misol uchun, agar muayyan davr uchun terminal boʻyicha oʻtgan summa onlayn-NKMda qayd qilingan sotuvlar summasidan oshsa, kassir chek urayotganda naqd qabul qilingan sifatida terminal boʻyicha oʻtgan summani notoʻgʻri “yozib qoʻyganligi”ning ehtimoli katta. Bunday cheklarni aniqlash va ularga tuzatish kiritish kerak. Z-hisobotda birinchi va oxirgi cheklar koʻrsatilishi bois, bu xatolarni qidirishda izlanishi lozim boʻlgan cheklar roʻyxatini jiddiy toraytiradi.
Z-hisobotlarni yechib olish davriyligini aniqlashtirib olgandan soʻng, kassada ishlovchi xodimlarga yoʻl-yoʻriq koʻrsating. Joriy Z-hisobot qanday yopilishi va yangisi qanday ochilishini tushuntiring va buni ularning majburiyatlari jumlasiga kiritib qoʻying.
Barcha yopilgan Z-hisobotlar boʻyicha axborot soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetida aks ettiriladi.
Chekka qanday qilib tez tuzatish kiritish haqida quyidagi materialda oʻqing:
Onlayn-NKT ishidagi turli muammolarni aniqlash va bartaraf etishni oʻrganishga quyidagi vebinarlar yordam beradi:
- 2023 yil 27 aprel kuni – “Xaridorlar bilan marketpleys yoki mobil ilova orqali hisob-kitoblarda fiskal cheklar”;
- 2023 yil 28 aprel kuni – “Onlayn-NKTning uzluksiz ishlashi qanday ta’minlanadi”.
Oleg GAYeVOY tayyorladi