9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Buxgalter.uz 2023 yil 1 iyundan kuchga kirgan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgartirishlar toʻplamini tayyorladi.
Demak:
1. Savdoni amalga oshirish vaqtiga nisbatan cheklovlar olib tashlandi
Endi xohish boʻlganda kunu tun savdoni amalga oshirish va xizmatlar koʻrsatish mumkin. Chakana savdo va xizmatlar koʻrsatish ob’yektlari faoliyati vaqtiga nisbatan cheklovlar 08.05.2023 yildagi PF-67-son Farmon bilan bekor qilindi.
2. Telekommunikatsiya vositalarini oʻrnatish uchun ijara shartnomalari boʻyicha reglament joriy etildi
Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan yer uchastkalari, bino va inshootlarda telekommunikatsiya vositalarini oʻrnatish shartnomasini rasmiylashtirishga qoʻyiladigan talablar 25.03.2023 yildagi 127-son VMQga bilan belgilangan. Xususan:
- telekommunikatsiya operatori manzil va koordinatalarini koʻrsatgan holda yer uchastkalari yoki binolarni ijaraga olish boʻyicha talabnomani toʻldiradi;
- vakolatli organlar 3 kun ichida telekommunikatsiya vositalarini koʻrsatilgan manzilda joylashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
- telekommunikatsiya operatori 2 kun ichida ijara shartnomasi ma’lumotlarini maxsus axborot tizimiga (u 1 mayga qadar ishlab chiqilishi kerak edi) kiritadi va uni imzolaydi. Agar shartnomani tizim orqali imzolash imkoniyati boʻlmasa, buni qogʻoz koʻrinishida amalga oshirishga yoʻl qoʻyiladi;
- axborot tizimi operatori shartnoma toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni Soliq qoʻmitasiga yuboradi.
- Soliq qoʻmitasi 2 ish kuni ichida ijara shartnomasini hisobdan oʻtkazadi hamda guvohnomani shakllantiradi, guvohnomani axborot tizimi operatoriga yuboradi;
- axborot tizimi operatori tomonlarga shartnoma va hisobdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani yuboradi.
3. Agrosubsidiyalarni faqat ixtisoslashtirilgan axborot tizimi orqali olish mumkin
05.04.2023 yildagi PQ-113-son qarorga asosan qishloq xoʻjaligi sohasidagi barcha subsidiyalar faqat Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi orqali ajratiladi.
4. Keskin sovuqlar tufayli talafot koʻrgan tadbirkorlar uchun kredit ta’tillari yakunlandi
03.02.2023 yildagi PQ-43-son qarorga asosan tadbirkorlik sub’yektlariga ularning arizalariga koʻra 2023 yil 1 yanvarga nisbatan 1 fevral holatiga oshgan (hosil boʻlgan) soliq qarzini (2023 yil 1 martdan 1 iyulga qadar) foizlarsiz, qoʻshimcha shartlar qoʻymasdan va ta’minot talab etmasdan teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berilgandi.
Markaziy bank va tijorat banklari ob-havo sharoitlari tufayli talafot koʻrgan tadbirkorlik sub’yektlarini 1 iyunga qadar qoʻllab-quvvatlashdi, shu jumladan – kreditlar boʻyicha 2023 yil yanvar-mart oylariga toʻgʻri keladigan toʻlovlar muddatini uzaytirgan holda.
5. P2P-oʻtkazmalar uchun EHF rasmiylashtirish talabi bekor qilindi
Toʻlov xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan jismoniy shaxslar oʻrtasida pul oʻtkazmalari amalga oshirilganligi uchun elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi bekor qilindi
.
6. Sud-ekspertiza tashkilotlariga bojxona imtiyozlari bekor qilindi
1 iyunga qadar sud-ekspertiza tashkilotlari ularning faoliyatini ta’minlash uchun respublikada ishlab chiqarilmaydigan, chetdan olib kelinadigan
:
- asbob-uskunalar, maxsus jihozlangan avtotransport vositalari, dasturiy ta’minotlar, reaktivlar, reagentlar va sarflash materiallari;
- foydalanishda boʻlgan asbob-uskunalarning ehtiyot qismlari uchun bojxona toʻlovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilingandi.
7. Alkogol mahsulotlari uchun yangi eng kam narxlar kuchga kirdi
Narxlar Iqtisodiyot va moliya vazirining 30.05.2023 yildagi 3435-son buyrugʻi bilan tasdiqlandi. Oʻrtacha, spirtli ichimliklar ishlab chiqaruvchilar uchun ulgurji-sotish narxlari 20%ga, chakana narxlar – 16%ga oshdi.
Saida JONIZOQOVA tayyorladi