Doimiy muassasalar MHXSga oʻtishi kerakmi

preview

Oʻzbekiston norezidentlarining ayrim doimiy muassasalari ularni xizmat koʻrsatish uchun Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasiga oʻtkazish haqida xabarnoma olishdi. Shu munosabat bilan DM vakillarida MHXSga oʻtish-oʻtmaslik borasida shubha yuzaga kelmoqda. MHXSga oʻtish zarurligini tasdiqlayotgan HSI ayrim xodimlarining javoblari noaniqlikni oshirmoqda.

Vaziyatni buxgalter.uz iltimosiga binoan soliq maslahatchisi  Gulnora ERGAShEVA sharhlab berdi:

 

Soliq maslahatchilarining tushuntirishlarini oʻtkazib yubormaslik uchun bizning telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

– Doimiy muassasalarning MHXSga oʻtishi zarurligi haqida Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan yuborilgan yozma xabarnomalarni uchratmaganman. Buxgalteriya hamjamiyatida qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlgan yoʻllangan xabarda faqatgina aylanmasi 100 mlrd soʻmdan oshgan doimiy muassasalarga HSIda xizmat koʻrsatilishi aytilgan. Ammo doimiy muassasalarning ayrim vakillari HSI xodimlari MHXSga oʻtishga undashayotganini aytishmoqda.

Aftidan, ushbu vaziyatda tushunmovchilik mavjud. Hatto aylanma boʻyicha ular yirik soliq toʻlovchilar darajasiga yetganligiga qaramay, doimiy muassasalardan MHXSga majburiy oʻtishni talab qilish uchun qonuniy asoslar mavjud emas.

Birinchidan, Prezidentning 24.02.2020 yildagi PQ-4611-son qarorida MHXSga oʻtishi majburiy boʻlgan tashkilotlar jumlasida yirik soliq toʻlovchilarga kiritilgan yuridik shaxslar koʻrsatilgan. SKning 36-moddasidan kelib chiqqan holda doimiy muassasalar esa – bu soliq maqomi, ular yuridik shaxslar hisoblanmaydi. Bunda ular Oʻzbekistonda belgilangan qonunchilikka muvofiq soliqlarni toʻlash uchun SKning 130-moddasi asosida soliq hisobiga qoʻyiladi.

Ikkinchidan, SKning 76-moddasiga muvofiq “soliq solish maqsadlarida hisobga olish buxgalteriya hisobi ma’lumotlariga asoslanadi. Buxgalteriya hisobi va hisob hujjatlarini yuritish tartibi buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan belgilanadi”. Buxgalteriya hisobi “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonun asosida quriladi.

“Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq “davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan yuridik shaxslar, ularning Oʻzbekiston Respublikasi hududida hamda undan tashqarida joylashgan shu’ba korxonalari, vakolatxonalari, filiallari va boshqa tarkibiy boʻlinmalari buxgalteriya hisobi sub’yektlaridir. Yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek chet el yuridik shaxslarining Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxonalari, filiallari va boshqa tarkibiy boʻlinmalari qonunchilikda belgilangan tartibda hisob yuritadi hamda hisobot taqdim etadi”.

 

Xulosa

Doimiy muassasaning aylanmasi 100 mlrd soʻmga yetganligi va u xizmat koʻrsatish uchun Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasiga oʻtkazilganligi fakti ularga Prezidentning 24.02.2020 yildagi PQ-4611-son qarori tatbiq etilishini anglatmaydi.

Doimiy muassasalar majburiy tartibda MHXSga oʻtishi kerak emas. Doimiy muassasalar buxgalteriya hisobini ularning bosh tashkiloti rezidentligi mamlakatida qabul qilingan qonun hujjatlariga muvofiq yuritadi. Bu esa MHXS hamda boshqa standartlar boʻlishi mumkin.

 

 

Oleg GAYeVOY tayyorladi

 

 


MHXS: soliq hisobi — maslahatlar MHXS MHXS (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text193923_doimiy_muassasalar_mhhsga_utishi_kerakmi