9 oyni xatolarsiz yopamiz:
“Kompaniyamiz Oʻzbekistonning norezidenti bilan xizmatlar koʻrsatishga doir shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda. Bu elektron shakldagi xizmatlar hisoblanadi. Mazkur xizmat internetda reklama joylashtirishdan iborat. Xorijiy hamkor BAAda, Dubay shahrida rezidentlikka ega, DM hisoblanmaydi.
OʻzR va BAA oʻrtasida ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish toʻgʻrisida Bitim imzolangan. Ammo xorijiy hamkor rezidentlik sertifikatini faqatgina 2023 yil uchun moliyaviy hisobot topshirilganidan soʻng (BAA qonun hujjatlari talabi) taqdim etishi mumkin. 2023 yil uchun sertifikatni biz 2024 yilda olamiz.
Bunday vaziyatda Bitimni qanday qoʻllash mumkin? 2024 yilda 2023 yil uchun rezidentlik sertifikatini olgandan soʻng norezidentning daromadidan olinadigan soliqni qayta hisoblash va ilgari byudjetga toʻlangan summani qaytarish imkoniyati boʻladimi?”
Buxgalter.uz iltimosiga binoan “Norma” eksperti Dilorom SAIDOVA javob berdi:
– Xalqaro shartnomaning qoidalari daromad oluvchi tomonidan soliq agentiga soliq rezidentligini tasdiqlovchi hujjat daromadni toʻlash sanasidan kechiktirmay taqdim etilishi sharti bilan qoʻllaniladi
. Bunday hujjatga talablar SKning 358–moddasida belgilangan.
Agar siz toʻlov paytida amaldagi rezidentlik sertifikatiga ega boʻlmasangiz, xalqaro shartnomaning normalarini qoʻllashingiz mumkin emas. Siz norezidentning daromadidan olinadigan soliq summasini ushlab qolishingiz yoki oʻz mablagʻlaringiz hisobidan uni toʻlashingiz kerak.
Agar siz soliqni oʻz mablagʻlaringiz hisobidan toʻlasangiz, rezidentlik sertifikati taqdim etilganidan soʻng toʻlangan soliq summasini qaytarib ololmaysiz. Ammo, agar siz norezidentning daromadidan olinadigan soliq summasini ushlab qolib, uni byudjetga oʻtkazsangiz, norezident ortiqcha toʻlangan soliqni qaytarish uchun ariza berish huquqiga ega
.
“Rezidentlik sertifikatini oldingi soliq davri uchun qoʻllash mumkinmi va hisobotlarni qayta topshirish huquqi mavjudmi” materialida batafsil oʻqing.
![]()