My3.soliq.uzdagi yangi funksionaldan qanday foydalaniladi

preview

My3.soliq.uzdagi soliq toʻlovchilarning shaxsiy kabinetlarida yangi «Kassalar roʻyxati va TXKMni almashtirish» funksionali paydo boʻldi. U qanday ishlashi haqida buxgalter.uz iltimosiga binoan «Yangi texnologiyalar» IAM «Fiskal ma’lumotlar operatori» filiali yetakchi mutaxassisi Otabek ALIMOV gapirib berdi:

 

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormaslik uchun bizning telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

Cizning nomingizga roʻyxatdan oʻtkazilgan kassalarni qanday tekshirish mumkin

– Yangi «Kassalar roʻyxati va TXKMni almashtirish» funksionalidan foydalanish uchun my3.soliq.uzdagi shaxsiy kabinetda «Nazorat-kassa texnikasiga doir axborot» interaktiv xizmatini tanlash va «Cheklar toʻgʻrisida axborot» satrining chiqib keladigan tavsiyasidan tegishli funksionalni tanlash lozim.

Shundan soʻng kompyuter ekranida ikkita yonma-yon turuvchi «Kassalar roʻyxati» va «TXKMni almashtirish uchun arizalar» tugmalari aks ettiriladi.

«Kassalar roʻyxati» tugmasiga bosgan holda soliq toʻlovchi uning nomiga roʻyxatdan oʻtkazilgan onlayn-NKM (onlayn-NKM va virtual kassalar) roʻyxatini oladi.Mazkur ma’lumotlar roʻyxatdan oʻtkazilgan kassalarning fiskal modullari raqami boʻyicha taqdim etilgan.

«Ma’lumotnoma» ustunida sizga kerakli kassa qarshisida turgan «Yuklash» tugmasiga bosgan holda nafaqat onlayn-NKMning (virtual kassaning) fiskal moduli, balki uning nomi koʻrsatilgan holda kengaytirilgan axborotni olish mumkin. Ushbu ma’lumotnomani qogʻozga bosib chiqarish mumkin, u QR-kod tarzidagi elektron hujjatga havolaga ega.

 

TXKMni qanday almashtirish mumkin

Agar siz TXKMni almashtirmoqchi boʻlsangiz va bu borada ariza bilan yangi TXKMga murojaat qilgan boʻlsangiz (shu jumladan sizda mavjud onlayn-NKM yoki virtual kassani yangisiga almashtirishda), sizga «TXKMni almashtirish uchun arizalar» tugmasi talab qilinadi. Bu yerda sizning TXKMni almashtirish boʻyicha barcha arizalaringiz aks ettiriladi. Yangi arizalar siz tomoningizdan tasdiqlanishi kutilmoqda. Soʻngra ular bu yerda qanday paydo boʻlishi, arizani qanday tasdiqlash va qaysi paytdan e’tiboran sizga arizada koʻrsatilgan TXKM xizmat koʻrsatayotgani hisoblanishi haqida soʻzlab beraman.

Agar siz TXKMni almashtirishga qaror qilsangiz (shu jumladan kassa apparati yoki virtual kassa modelini yangisiga almashtirsangiz), siz darhol oʻzingiz tanlagan TXKMga murojaat qilishingiz va ariza berishingiz kerak. Ariza belgilangan shaklga ega boʻlib, uni TXKM xodimi sizga toʻldirish uchun qogʻozga bosib chiqarib beradi. Siz blankani toʻldirishingiz, rahbarga imzo qoʻydirishingiz va xizmat koʻrsatilishi uchun mazkur TXKMga oʻtkazilayotgan fiskal modul uning nomiga roʻyxatdan oʻtkazilgan tadbirkorlik sub’yektining muhrini qoʻyishingiz kerak boʻladi. Rasmiylashtirilgan ariza siz xizmat koʻrsatishini xohlayotgan TXKM xodimiga beriladi. TXKM xodimi reestr.ofd.uz saytida barcha zarur axborotni kiritganidan soʻng, soliq toʻlovchi ushbu arizani tasdiqlashi lozim. Buning uchun:

1. My3.soliq.uzda soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga kiring, «Nazorat-kassa texnikasiga doir axborot» interaktiv xizmatini tanlang;

2. «Cheklar toʻgʻrisida axborot» satrining chiqib keladigan tavsiyasidan «Kassalar roʻyxati va TXKMni almashtirish» funksionalini tanlang;

3. Ochilgan sahifada «TXKMni almashtirish uchun arizalar» qoʻshimcha sahifasini tanlang. Bu yerda sizga xizmat koʻrsatilishini xohlayotgan TXKMga murojaat qilib, bergan yangi arizalaringiz jadval shaklida aks ettiriladi;

4. Siz koʻrib chiqmoqchi boʻlgan arizaning roʻparasidagi jadvalning soʻnggi ustunida joylashgan «Koʻrish» havolasiga bosing. Chiqib keladigan darchada sizning savdo shoxobchangiz va hozirgi vaqtda foydalanilayotgan onlayn-NKM toʻgʻrisidagi axborot taqdim etiladi.

Chiqib keladigan darchaning quyi qismida ikkita TXKM taqdim etiladi: sizga hozir xizmat koʻrsatilayotgan va sizga ariza tasdiqlanganidan soʻng xizmat koʻrsatiladigan TXKM.

5. Agar siz yangi TXKMga oʻtishingizni tasdiqlasangiz, chiqib keladigan darchaning eng quyi qismida joylashgan «Tasdiqlayman» tugmasiga bosing. Ushbu tugmaga bosgan holda, siz oʻz arizangizni soliq inspektori koʻrib chiqishi uchun yuborasiz. Uning yonida «Arizani rad etish» tugmasi joylashgan – agar biror-bir sababga koʻra fikringizdan qaytsangiz va hammasini oʻz holicha qoldirishga qaror qilsangiz, bundan foydalanishingiz mumkin.

Sizning arizangiz soliq inspektori tomonidan tasdiqlanganidan soʻng sizning yangi TXKMga oʻtishingiz yakunlanadi. Odatda soliq inspektorlari bunday arizalarni bir sutka davomida koʻrib chiqishadi. Yangi TXKMga qoʻngʻiroq qilgan holda koʻrib chiqish natijasini aniqlashtirib olishingiz mumkin.

Soliq inspektori oʻtishni tasdiqlaganidan soʻng ilgarigi TXKMni boshqa markazga oʻtishingiz va shartnoma bekor qilinishi haqida xabardor qilishingizni tavsiya qilamiz. Bu ushbu TXKM bilan yakuniy hisob-kitobni amalga oshirish, shuningdek siz tomondan eski TXKM bilan shartnoma majburiyatlarini bajarmaslik holati boʻyicha   sudga kutilmagan da’vo arizalarini olish imkoniyatini istisno qiladi.

 

 

Oleg GAYeVOY tayyorladi

 

 


Onlayn-NKT Onlayn-NKT Onlayn-NKT /oz/publish/doc/text194532_my3_soliq_uzdagi_yangi_funkcionaldan_qanday_foydalaniladi