9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Savdo-sanoat palatasi tomonidan Tadbirkorlik sub’yektining ishonchlilik reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasi ishlab chiqildi. Reyting ma’lumotlari yuridik shaxslarga preferensiyalar berish va ragʻbatlantirish choralarini koʻrish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun asos boʻlib xizmat qilishi kerak.
Loyihani QHTBT portalida muhokama qilish 12 dekabrga qadar davom etadi. Buxgalter.uz eslatib oʻtadi, har qanday xohlovchilar muhokamada ishtirok etishlari mumkin: https://regulation.gov.uz/uz/d/89397.
Dastlab taklif etilayotgan NHH mazmuni haqida
Ishonchlilik reytingini joriy etish Prezidentning 2023 yil 4 sentyabrdagi PQ-292-son qarorida rejalashtirilgan (1-ilovadagi Yoʻl xaritasining 24-bandiga qarang).
Ishlab chiquvchilar reyting davlat organlari va idoralarining axborot tizimida mavjud ma’lumotlardan foydalanilgan holda shakllantirilishini rejalashtirishmoqda. Uning natijalari:
- baholash amalga oshirilgan kundan boshlab 1 kun ichida soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi;
- ulardan Soliq qoʻmitasining rasmiy saytida foydalanish mumkin.
Soliq qoʻmitasi reytingni yuritish bilan shugʻullanadi. Axborot tizimlari ballarni hisoblaydi (koʻpi bilan 100 ball toʻplash mumkin) va AAA dan D gacha – oʻnta reyting toifalaridan birini beradi.
Loyihada har bir mezon boʻyicha baholash uslubiyati keltirib oʻtilgan.
Tizimga yuridik shaxslarning ishonchligini baholashning quyidagi mezonlarini kiritish rejalashtirilmoqda:
- kompaniyaning faoliyatni amalga oshirish davri (EBITA – majburiy toʻlovlar, soliqlar va amortizatsiya xarajatlari boʻyicha foizlar chegirilgunga qadar foyda asosida);
- kompaniyaning kredit tarixi;
- oʻz koʻchmas mulkining (shu jumladan ijara shartnomasining) mavjudligi;
- tarmoq va hudud boʻyicha bir nafar xodimga toʻgʻri keladigan ish haqi jamgʻarmasining nisbati;
- soliqlarning oʻz vaqtida toʻlanishi;
- soliqlar boʻyicha inkassoning mavjud emasligi;
- soliq hisobotining oʻz muddatida taqdim etilishi;
- elektron hisobvaraq-fakturalarning vaqtida rasmiylashtirilganligi;
- EHF rasmiylashtirish orqali xarid qilingan va sotilgan mahsulotlar nisbati;
- tekshiruvdan oldingi tahlil natijasida aniqlangan noaniqliklarning tuzatilishi
Shuningdek, tizimda reytingni kamaytirish va oshirishga koʻmaklashuvchi mezonlar boʻladi.
Rejalashtirishlariga koʻra, reytingning kamaytirilishiga quyidagilar ta’sir qiladi:
- korxona roʻyxatdan oʻtkazilgan joyni tez-tez oʻzgartirishi: oxirgi 12 oy davomida bir martadan ortiq;
- rahbarning qoʻnimsizligi: oxirgi 12 oy davomida ikki martadan ortiq marotaba;
- ta’sischi yoki rahbarga ishonch darajasining pastligi (bankrotlikda ishtirok etgan, jinoiy ishi yuzasidan sudlangan);
- soliq va bojxona sohalarida huquqbuzarliklar;
- MXIKdan notoʻgʻri foydalanish: bir oy mobaynida bir holatdan koʻp;
- ilgari taqdim etilgan soliq hisobotiga katta miqdorda tuzatishlar kiritilishi;
- QQS toʻlovchisi guvohnomasining amal qilishining bekor qilinishi yoki toʻxtatib turilishi;
- ilgari soliq qarzining mol-mulk hisobidan undirilishiga qaratilganligi;
- kreditorlar tomonidan qarzni undirish boʻyicha sud ishi yuritishning mavjudligi: 12 oy mobaynida bir martadan ortiq.
Quyidagilar ishonchlilik reytingi bahosining oshirilishi uchun asos boʻlib xizmat qiladi:
- muhtoj va ehtiyojmand shaxslar (“temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”), shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslar bandligi ta’minlanganligi;
- MHEKMdan ortiq ish haqi olgan xodimlar sonining ortishi;
- tarmoq boʻyicha oʻrtacha QQS yoki aylanmadan olinadigan soliqning yirik summalarining toʻlanishi.
Mazkur mezonlar bilan yuqori ball toʻplash – murakkab vazifa.
Birinchidan, har bir mezon batafsillashtirish va aniqlashtirishni talab qiladi. Soliq hisobotini kameral soliq tekshiruvi asosida qayta topshirish bir masala. Turli hayotiy holatlar tufayli ehtiyotsizlik oqibatida yoʻl qoʻyilgan xatolarni mustaqil ravishda tuzatish – umuman boshqa masala. Misol uchun, buxgalterga kasallik varaqasi haqida oʻz vaqtida xabar berishmadi. Yoki yangiliklarni qoʻllash boʻyicha batafsil yoʻriqnomaning mavjud emasligi tufayli, ular oʻz vaqtida regulyator tomonidan tushuntirilmaganligi sababli yoʻl qoʻyilgan xatolar. Korxonaning emas, balki uning kontragenti aybi bilan yuzaga kelgan noaniqliklarni ham – shu qatorga kiritish mumkin.
Ikkinchidan, ayrim vaziyatlarda normativ-huquqiy bazani rivojlantirish lozim. Misol tariqasida MXIKning yetarli darajada takomillashtirilmaganligini keltirib oʻtish mumkin. MXIKni qoʻllash qoidalarini belgilovchi normativ-huquqiy baza qayerda xatoga yoʻl qoʻyilgan, qayerda yoʻl qoʻyilmaganligini sub’yektiv ravishda baholash uchun yetarli darajada emas. 28.04.2021 yildagi 249-son VMQda nazarda tutilgan Mahsulotlar (tovar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogini joriy etish tartibi eng asosiy hujjatlardan biriga aylanishi kerak. Ammo NHH hanuz qabul qilinmagan.
MXIKning oʻzi joriy etilgan vaqtdan buyon 5 belgilidan 17 belgiligacha evolyutsiyadan oʻtgan va ularni maqbullashtirish davom etmoqda. Biroq, hatto maqbullashtirishdan oʻtkazilgan MXIK ham mukammallikdan yiroqdir. Misol uchun, tibbiyot uchun MXIKni olaylik. Ular “mutaxassislik boʻyicha shifokorlar maslahatlari” va “davolash va muolajalar oʻtkazish uchun mutaxassis shifokorlar xizmatlari”ga boʻlingan. Faqat maslahatlar yoki faqat davolash va muolajalar oʻtkaziladigan shifokor qabuliga misollar ancha kam uchraydi. Koʻpincha ushbu barcha uchta tarkibiy qismlar shifokorning har qanday qabulida mavjud boʻladi. Bizda uchta MXIK mavjud “Dermatolog maslahatlari”, “venerolog maslahatlari”, “dermatovenerolog maslahatlari” mavjud. Ammo amaliyotda bularning barchasi dermatovenerolog diplomiga ega shifokorlardir. Shunga oʻxshash boʻlish, oʻylaymizki, soliq ma’muriyatchiligi uchun ahamiyatga ega emas, biroq u yoki bu vaziyatda qanday MXIKni qoʻllash yuzasidan talay savollarni yuzaga keltiradi. Oqibatda, MXIKni rasmiyatchilik uchun qoʻllashga olib keladi. Har bir MXIK uchun har qanday vaziyatlar ehtimolida qoʻllash boʻyicha yoʻriqnoma boʻlsa, juda soz boʻlardi.
Baholash mezonlarida aniqlik va oydinlik boʻlmagunicha taklif etilayotgan yuridik shaxslarning ishonchlilik reytingini adolatli va xolis deyish amri maholdir. Axir imtiyoz va preferensiyalarni esa, ehtimol, faqat yuqori ball toʻplagan tadbirkorlik sub’yektlari oladi.
Oleg GAYeVOY tayyorladi
![]()