9 oyni xatolarsiz yopamiz:
QQS-guvohnomasi toʻxtatib turilgan davrda rasmiylashtirilgan EHF boʻyicha QQS summasini hisobga olish
Soliq kodeksining 266-1-moddasi QQS toʻlovchisi guvohnomasining amal qilishi toʻxtatib turilishi munosabati bilan hisobga olinmagan summani hisobga olishni nazarda tutadi.
Ushbu norma qanday hollarda amal qilishi va undan qanday foydalanish kerakligini Soliq qoʻmitasi mutaxassislari tushuntirishdi:
– QQS toʻlovchisi guvohnomasining amal qilishini toʻxtatib turish tartibi barcha hollar uchun bekor qilingan, bundan amalga oshirilayotgan bitimlar, operatsiyalar xarid qilinayotgan va realizatsiya qilinayotgan tovarlar, xizmatlar nomenklaturasiga nomuvofiq boʻlgan holatlar mustasno
. Ya’ni QQS-guvohnomasi endi yagona sababga koʻra toʻxtatib turilishi mumkin. 2023 yil 1 yanvardan kuchga kirgan SKning 266-1-moddasida nazarda tutilgan norma ushbu yagona vaziyat uchun ishlaydi.
QQS-guvohnomasi toʻxtatib turilganligi tufayli hisobga olinmagan QQSni hisobga olish uchun:
- xaridor sotuvchiga QQS-guvohnomasi toʻxtatib turilgan davrda rasmiylashtirilgan hisobvaraq-fakturaga tuzatilgan hisobvaraq-faktura taqdim etish iltimosi bilan murojaat qilishi lozim;
- tuzatilgan hisobvaraq-faktura qonun hujjatlari normalariga muvofiq rasmiylashtirilgan boʻlishi kerak.
Tuzatilgan hisobvaraq-faktura quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak
:
- hisobvaraq-faktura tuzatilganligi toʻgʻrisida belgi;
- ilgari rasmiylashtirilgan hisobvaraq-fakturaning raqami va sanasi bilan bir xil tartib raqami va sanasi.
QQS-guvohnomasi qayta tiklanganidan keyingina tuzatilgan hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirish toʻgʻri boʻladi.
Tuzatilgan hisobvaraq-faktura rasmiylashtirilganidan soʻng QQS-guvohnomasi toʻxtatib turilganligi munosabati bilan hisobga olish uchun qabul qilinmagan, haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha toʻlangan (toʻlanishi lozim boʻlgan) QQS summasi hisobga olinadi.
![]()