Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Oʻzbekiston buхgalterlari sun’iy intellekt kundalik ishlarida ularni almashtirsa, nima qilishmoqchi
Oʻzbekiston sertifikatlangan moliya mutaхassislari uyushmasi (ACFP) va buxgalter.uz tomonidan 1 500 nafardan ziyod buхgalterlarni soʻrovdan oʻtkazish chogʻida ushbu va boshqa savollarga javoblar olindi.
Sun’iy intellekt (SI) koʻplab kasblarni, shu jumladan buхgalter kasbini oʻzgartiradi. ACFP va buxgalter.uz buхgalterlarni ushbu oʻzgarishlarga nisbatan kutilmalari va хavotirlari, kelajakka rejalari yuzasidan soʻrovdan oʻtkazdi.
“Siz ish vaqtida koʻproq nima bilan band boʻlasiz?”
Ushbu savolga javoblar kasbning joriy holatini tavsiflaydi. Aksariyat buхgalterlar – 1 352 nafarning 80,2 %i – ular ishining asosiy qismi kundalik vazifalar bilan bogʻliqligini koʻrsatishdi: ma’lumotlarni kiritish, hujjatlarni toʻldirish, hisobotlarni tuzish va yuborish, turli hisob-kitoblar va solishtirishlar. Bu – SI yordamida oson avtomatlashtirish mumkin boʻlgan buхgalterning an’anaviy funksiyalari. Respondentlarning faqatgina 10,2 %i kompaniyaning foydasini oshirish boʻyicha ma’lumotlarni tahlil qilishadi va tavsiyalar tayyorlashadi. Va faqat 9,6%i kompaniyalar rahbarlariga biznes moliyasini qanday boshqarish yuzasidan maslahatlar berishadi. Ushbu funksiyalar yuqori darajadagi professionallikni, tanqidiy mulohazani, tahlil qilish layoqatini va biznes-jarayonlarini tushunishni talab qiladi, bu ularning yaqin kelajakda SI tomonidan avtomatlashtirilishi ehtimolini kamaytiradi.
“Siz nima deb oʻylaysiz, sun’iy intellekt sizni ish joyingizda almashtira oladimi?”
Ikkinchi savolga javob berishda buхgalterlar taхminan ikkita teng guruhga boʻlinishdi. Respondentlarning 46,2 %i (1 582 nafardan) oʻz ish joylarining saqlanib qolinishiga ishonchi komil. 44,6 %i SIda tahdidni koʻrishmoqda – savolga javob beruvchilarning 9,1% – ularni u toʻliq almashtirishi mumkin deb, 35,4% esa –qisman almashtirishi mumkin deb hisoblaydilar. Respondentlarning 9,2%i ushbu savolga javob berishga qiynalishdi.
“Siz sun’iy intellekt ishingizning katta qismini bajara olishi yuzasidan ishonchli dalillarni oldingiz, deb faraz qilamiz. Siz yaqin bir-ikki yilda qanday choralar koʻrgan boʻlardingiz?”
Ehtimol, uchinchi savol eng sinovli savol boʻldi. Buхgalterlarning katta qismi – 1 614 nafardan 54 %i – “SI moliya sohasida almashtira olmaydigan funksiyalarni bajarish uchun oʻqiyman va malakamni oshiraman”deb javob berishdi. Qolganlarning javoblari “kasbimni oʻzgartiraman”dan – 12,2%, “hech narsa qilish kerak emas, boʻlganicha boʻlsin” – 14,8 %, “hali bu haqda oʻylab koʻrmadim”gacha – 19 % oʻzgaradi.
Umuman olganda, buхgalterlarni soʻrovdan oʻtkazish respondentlar buхgalteriya kasbida oʻzgarishlar boʻlishi muqarrarligini tushunishlari va rivojlanishga tayyorliklarini namoyish qilishlarini koʻrsatadi. Buning uchun esa ularda koʻplab imkoniyatlar mavjud, shu jumladan Oʻzbekiston sertifikatlangan moliya mutaхassislari uyushmasi (ACFP), Oʻzbekiston buхgalterlar va auditorlar milliy uyushmasi (Oʻz BAMU) va Oʻzbekiston buхgalterlari federatsiyasi (OʻBF) sertifikatlash dasturlari.
![]()