Kameral soliq tekshiruvi chogʻida aniqlangan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladimi

preview

«07.09.2021 yildagi PF-6307-son Farmonning 1-bandiga asosan kameral soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha aniqlangan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilmaydi. Shu bilan bir vaqtda, 07.01.2021 yildagi 1-son VMQga 2-ilovaning 49-bandiga asosan soliqqa oid huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi dalolatnoma va kameral soliq tekshiruvining boshqa materiallari koʻrib chiqilganidan keyin natijalari boʻyicha 5 kun ichida soliq organi rahbari (rahbar oʻrinbosari) qoʻshimcha soliqlar va penya hisoblash yoki ularni rad etishni nazarda tutuvchi qaror qabul qiladi.

Prezidentning farmon va qarorlari Vazirlar Mahkamasi qarorlariga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga egaligini hisobga olgan holda, kameral soliq tekshiruvi chogʻida aniqlangan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladimi  ?».

Savolga buxgalter.uz iltimosiga binoan Soliq qoʻmitasining Soliq nizolarini sudgacha hal qilish boshqarmasi boshligʻi Gulnora NIZAMUTDINOVA javob berdi:

 

Mutaхassisning muhim tushuntirishini oʻtkazib yubormaslik uchun bizning Telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

– Shuni qayd etamizki, siz aytib oʻtgan ikkita qonunchilik hujjatlari qoidalari oʻrtasida hech qanday ziddiyat yoʻq, sababi kameral soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha qoʻshimcha soliqlar va penya hisoblash moliyaviy sanksiyalarga kirmaydi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab :

  • kameral soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha aniqlangan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilmaydi. Bunda kameral soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha aniqlangan tafovutlarning asoslarini yoхud aniqlashtirilgan soliq hisobotini belgilangan muddatda taqdim etmaslik BHMning 3 baravari miqdorida jarima tarzida ma’muriy javobgarlikka sabab boʻladi ;
  • tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan soliq hisobotini belgilangan muddatlarda taqdim etmaganlik uchun moliyaviy sanksiyalar bekor qilindi. Bunda soliq hisobotini oʻz vaqtida taqdim etmaganlik uchun yuridik shaхsning mansabdor shaхsi BHMning 10 baravari miqdorida jarima tarzida ma’muriy javobgarlikka tortiladi  .

Kameral soliq tekshiruvi – soliq tekshiruvlari turlaridan biri boʻlib, u soliq organi rahbarining (rahbari oʻrinbosarining) buyrugʻi asosida oʻtkaziladi . Bunday tekshiruvlarni oʻtkazish tartibi SKning 138-moddasi va Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomda belgilangan.

Soliqqa oid huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi dalolatnoma va kameral soliq tekshiruvining boshqa materiallari koʻrib chiqilganidan keyin natijalari boʻyicha 5 kun ichida soliq organi rahbari (rahbar oʻrinbosari) qoʻshimcha soliqlar va penya hisoblash yoki ularni rad etishni nazarda tutuvchi qaror qabul qiladi. Bunday qaror, u qabul qilingan kundan keyin 2 kun ichida soliq toʻlovchiga yuboriladi .

Moliyaviy sanksiyalar – soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlik chorasi boʻlib, ular Soliq kodeksida belgilanadi va pul undirish – jarimalar tarzida qoʻllaniladi . Soliqqa oid huquqbuzarliklar va ularni sodir etganlik uchun javobgarlik SKning 28-bobida nazarda tutilgan.

Penya – soliq toʻlovchi qonunchilikda belgilangan soliqlarni toʻlash muddatini buzgan taqdirda toʻlashi lozim boʻlgan pul summasi .

Kameral soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha qoʻshimcha soliqlar va penya hisoblash – bu sanksiyalar emas. Ya’ni, PF-6307-son Farmonning 1-bandi soliq toʻlovchini kameral tekshiruv natijalari boʻyicha qoʻshimcha hisoblangan soliqlar va penyani toʻlashdan ozod qilmaydi.

 

 

 

 

Soliq nazorati Soliq nazorati Soliq nazorati /oz/publish/doc/text201005_kameral_soliq_tekshiruvi_chogida_aniqlangan_huquqbuzarliklar_uchun_moliyaviy_sankciyalar_qullaniladimi