Davlat tadbirkorlarni qanday himoya qiladi

preview

4 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish boʻyicha takliflar bilan tanishdi.

Taklif etilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan buxgalter.uz iltimosiga koʻra «ICONSULTANT» soliq maslahatchilari tashkiloti direktori Irodaxon ABBOSXONOVA sharhlab berdi:

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormaslik uchun Telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

1. 2025 yil 1 yanvardan bir huquqbuzarlik uchun faqat bitta javobgarlik chorasi nazarda tutiladi.

2. Ayrim sanksiyalar bekor qilinadi:

  • yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini yuritganlik uchun olingan daromadlarning 10 foizi miqdorida, lekin 1 mln soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda jarima.

Oʻylaymanki, moliyaviy sanksiya samarasiz boʻlgani uchun bekor qilinmoqda. Birinchidan, soliq organlarida amaliyotda ma’muriy jihatdan jiddiy qiyinchiliklar yuzaga kelishi ehtimoli yuqori. Rasmiy roʻyxatdan oʻtish va hujjatlar boʻlmagan holda daromadning haqiqiy miqdorini aniqlash – yetarlicha murakkab vazifa. Ikkinchidan, jarimaning minimal miqdori (ayniqsa ixtiyoriy toʻlanganda ikki baravar – 500 ming soʻmgacha kamaytirilishini hisobga olganda) yetarli darajada oldini olish samarasini ta’minlamaydi;

  • raqamli markirovkalash va fiskal belgilarni aks ettirish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik – mansabdor shaxslarga BHMning 100 baravari miqdorida ma’muriy jarima . SKning 227-1-moddasida belgilangan choraklik tushum hajmining 2 foizi miqdoridagi (bir yil davomida takroran sodir etilganda – 20 foiz) moliyaviy sanksiya esa – saqlanib qoladi.

Ehtimol, mantiq quyidagicha boʻlgan: xodimlari emas, balki korxona yuridik shaxs sifatida javobgar boʻlishi kerak;

  • xodimlar sonini yashirganlik uchun ma’muriy javobgarlik  (mansabdor shaxsga BHMning 10 baravari, bir yil davomida takror sodir etilganda – 20 baravari miqdorida jarima). Huquqbuzarlik uchun xoʻjalik yurituvchi sub’yekt ham javobgar boʻladi.

3. 2025 yil 1 martdan nizolarni hal etishni yengillashtirish uchun, agar suddagi ish tomonlarning kelishuvi bilan yakunlansa, davlat bojini qisman qaytarish tartibi joriy etiladi.

Chora tomonlarni murosaga kelishga iqtisodiy jihatdan ragʻbatlantiradi, bu esa bilvosita sudda ishlarni koʻrib chiqishning umumiy davomiyligiga ta’sir qilishi mumkin.

4. Tadbirkorlarni tekshirish boʻyicha:

  • tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilishga vakolatli davlat organlari va ularning nazorat sohalari roʻyxati tasdiqlanadi. Ushbu roʻyxatda nazarda tutilmagan tekshiruvlar taqiqlanadi;
  • tadbirkorlarning barcha tekshiruvlari "Yagona davlat nazorati" axborot tizimida – Biznes-ombudsmanni majburiy xabardor qilgan holda roʻyxatdan oʻtkaziladi. 2025 yil 1 yanvardan esa ular tadbirkorlarni uch xavf toifasiga boʻlib, “Xavflarni tahlil qilish” elektron tizimi asosida oʻtkaziladi.

Ya’ni yana rasmiy jihatlarga urgʻu berilmoqda: roʻyxatlar tuzish, tizimlarda roʻyxatdan oʻtkazish, xabarnomalar... Biroq, mening fikrimcha, bu yetarli emas, chunki asosiy muammolar hal etilmay qolmoqda: a) tekshiruvlarning sifati;

b) tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi sub’yekt va davlat organi oʻrtasidagi nizolarni sudgacha hal qilishning samarali mexanizmlari yoʻqligi.

Taklif etilayotgan oʻzgartirishlarda inspektorlarning malakasini oshirish nazarda tutilgan boʻlsa-da, bu tekshiruvlarni oʻtkazishning amaliyotdagi mavjud muammolarni hal etmaydi. Haqiqiy oʻzgarishlarga erishish uchun rasmiy tartib-qoidalardan nazorat faoliyatiga yondashuvlarning oʻzini sifat jihatidan oʻzgartirishga va ularning samaradorligini baholashga e’tiborni qaratish kerak.

 

 

 

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text204042_davlat_tadbirkorlarni_qanday_himoya_qiladi