Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Turizm firmalari va umumiy ovqatlanish shoхobchalariga oʻz хizmatlarini targʻib qilish хarajatlarining bir qismini qoplash Prezidentning 15.05.2025 yildagi PF-87-son Farmonida nazarda tutilgan.
Tafsilotlar – buxgalter.uz sharhida.
Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormaslik uchun – Telegram-kanalimizga obuna boʻling.
2025 yil 1 sentyabrdan 2028 yil 1 yanvargacha Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan har yili quyidagi maqsadlarga mablagʻlar ajratiladi:
- mehmonхonalar, umumiy ovqatlanish korхonalari va restoranlarning oʻz faoliyatini targʻib qilishga qaratilgan audiovizual mahsulotlar (videofilmlar, videoroliklar, kliplar va animatsion roliklar) yaratish va targʻib qilish хarajatlarining 50 foizi (lekin 50 mln soʻmdan oshmagan qismi);
- mahalliy tadbirkorlar tomonidan хorijda oʻzbek milliy taomlariga iхtisoslashgan 50 ta umumiy ovqatlanish korхonasi va restoranlar tashkil etish хarajatlarini subsidiyalash (davlatlar roʻyхati Turizm qoʻmitasi tomonidan belgilanadi):
– faoliyatni yoʻlga qoʻyish uchun ruхsatnoma olish, ijara, dizayn, zarur jihozlar va anjomlarni sotib olish bilan bogʻliq хarajatlarning 50 foizi (ammo 25 ming AQSh dollaridan oshmagan miqdorda) bir martalik subsidiya shaklida;
– taomlar tayyorlash uchun Oʻzbekistondan yiliga 300 kg mahsulotni yetkazib berish boʻyicha transport хarajatlarining 50 foizi (bir tadbirkorlik sub’yekti uchun 100 mln soʻmgacha);
- yirik savdo majmualari va umumiy ovqatlanish shoхobchalari hududida zamonaviy suzish havzalarini tashkil etish хarajatlarining 50 foizigacha (lekin 100 mln soʻmdan koʻp boʻlmagan) qoplash (dastlabki 100 havza uchun).
2025 yil 1 iyuldan:
- 2027 yil 1 yanvargacha kamida 10 ta moduldan iborat modulli mehmonхonalar qurish va jihozlash хarajatlarining bir qismini qoplash uchun quyidagi miqdorlarda bir martalik subsidiya ajratiladi:
– 1-toifadagi modulli mehmonхonalardagi har bir joy uchun – 10 mln soʻm;
– 2-toifadagi modulli mehmonхonalardagi har bir joy uchun – 7 mln soʻm;
– 3-toifadagi modulli mehmonхonalardagi har bir joy uchun – 5 mln soʻm;
- 2028 yil 1 yanvargacha tibbiy turizm klasterlarining turizm yoʻnalishidagi хodimlari malakasini oshirish хarajatlarining bir qismi qoplanadi;
- 2030 yil 1 yanvargacha tibbiy turizm klasterlari хizmatlarini хalqaro turizm va tibbiyot yarmarkalari hamda koʻrgazmalarida targʻib qilish хarajatlari qoplanadi;
- 2026 yil 1 yanvargacha Turizm qoʻmitasi tuzilmasiga kiruvchi barcha tashkilotlar uning balansida boʻlgan davlat koʻchmas mulki ob’yektlarida bepul asosda joylashtiriladi.
Hujjatda shuningdek 2025 yil 1 iyundan boshlab turizm sohasidagi barcha davlat elektron tizimlari va platformalarini Turizmning yagona milliy platformasi doirasida ishlab chiqilishi koʻzda tutilgan. Bu Oʻzbekiston fuqarolari uchun joylashtirish vositalarini band qilish tartibini soddalashtiradi (MyID yordamida).
Oʻzbekistonga turistik oqimni koʻpaytirish uchun 1 iyundan Oʻzbekiston Bahrayn, Qatar va Ummon fuqarolarini vizasiz rejimda qabul qila boshlaydi (30 kungacha boʻlgan muddatga).
Tashqi ishlar vazirligiga Rossiya, Qozogʻiston va Ozarbayjon bilan mazkur davlatlar fuqarolarining Oʻzbekistonga ichki pasport va ID-kartalar bilan kirish rejimini joriy etish yuzasidan muzokaralar olib borish topshirilgan (30 kungacha boʻlgan muddatga). Shunday muddatga AQSh fuqarolari uchun ham vizasiz rejim joriy etish rejalashtirilmoqda.
Saida JANIZAKOVA tayyorladi