Ijara boʻyicha tabaqalashtirilgan koeffitsiyentlar qaysi sanadan amal qiladi

preview

Toshkent shahridagi noturar joy ob’yektlari uchun ijara haqining minimal stavkalariga faoliyat turlari boʻyicha tabaqalashtirilgan oshiruvchi koeffitsiyentlarni qachondan qoʻllash kerak, ularni Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashining 2025 yil 15 apreldagi VII-8-60-14-0-K/25-son qarori bilan belgilangan – buxgalter.uz soʻrogʻi boʻyicha  moliya hisobi va soliqqa tortish boʻyicha ekspert Umid XAMROYeV tushuntirib berdi:

Haqiqiy muhim yangiliklar va tushuntirishlarni qoldirib yubormaslik uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.

 

– «Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida»gi Qonunning 41-moddasi istisno tariqasida Oʻzbekiston Respublikasi qonunining amal qilishi uning kuchga kiritilishidan oldin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan  qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan hollardagina tadbiq etilishini belgilaydi.

Soliqlar va yigʻimlarni bekor qilishni, soliqlar va yigʻimlar stavkalarini pasaytirishni, majburiyatlarni bekor qilishni yoki soliq toʻlovchilar ahvolini boshqa yoʻl bilan yengillashtirishni nazarda tutuvchi soliq qonunchiligi hujjatlari agar bu soliq qonunchiligi hujjatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boʻlsa, orqaga qarab kuchga ega boʻlishi mumkin . Istisno tariqasida soliq qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlikni yoʻq qiluvchi yoki yengillashtiruvchi soliq qonunchiligi hujjatlari kiradi .

Soliqlar va yigʻimlar stavkalarini oʻzgartirishni nazarda tutuvchi soliq qonunchiligi hujjatlari agar ularda kechroq muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, rasmiy e’lon qilingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan kuchga kiritiladi .

Viloyat, tuman va shahar хalq deputatlari kengashlarining normativ-huquqiy хarakterdagi qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari asosida va ularni ijro etish uchun qabul qilinadi  va SK 4-moddasida nazarda tutilgan qonunchilik hujjati ta’sir sohasiga kiradi.

Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashining 2025 yil 15 apreldagi VII-8-60-14-0-K/25-son qarori mazkur qaror qabul qilinishidan oldin yuzaga kelgan jamiyat munosabatlariga qoʻllanilishini nazarda tutmaydi.

«Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida»gi Qonun talablaridan kelib chiqib, хalq deputatlari kengashining normativ-huquqiy хarakterdagi qarori orqaga qarab kuchga ega emas.

Normativ-huquqiy hujjatlarning orqaga qarab kuchi bilan bogʻliq Soliq kodeksi va «Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida»gi Qonun me’yorlarining mos kelmasligi Qonunning kechroq qabul qilinganligi bilan bogʻliq (SK – 2019 yilda, OʻRQ-682 – 2021 yilda). Qonun me’yorlarini qoʻllash maqsadga muvofiqdir.

Ma’lumot uchun:

Prezidentning 27.02.2025 yildagi PQ-78-son qarorining 12-bandi viloyatlar va Toshkent shahri хalq deputatlari kengashlarini soliqqa tortish maqsadlarida tuman (shahar) va zonaga bogʻliq ravishda koʻchmas mulkdan foydalanish uchun ijara haqining minimal stavkalariga nisbatan belgilanadigan oshirish koeffitsiyentini faoliyat turlari yoki ob’yektlar boʻyicha tabaqalashtirishga vakolat beradi.

Yuqorida koʻrsatilgan Prezident Farmoni asosida berilgan vakolatlar doirasida Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashining 15.04.2025 y. VII-8-60-14-0-K/25-son qarori qabul qilingan.

Yuqorida bayon etilganlar asosida Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashining 15.04.2025 yildagi VII-8-60-14-0-K/25-son qarori bilan belgilangan koeffitsiyentlarni ushbu hujjat rasmiy e’lon qilingan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan – 2025 yil 1 maydan kuchga kiritish maqsadga muvofiqdir.

 

 

 

 

Buхgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text209105_ijara_buyicha_tabaqalashtirilgan_koefficientlar_qaysi_sanadan_amal_qiladi