Ijara hisobida nimalar oʻzgarmoqda (6-son va 21-son BHMS)

preview

6-son BHMS «Ijara hisobi»ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Bu haqdagi buyruq 24.09.2025 yildan kuchga kirdi. Shunga muvofiq 21-son BHMS «Xoʻjalik yurituvchi sub’yektlarda buхgalteriya hisobining hisobvaraqlar rejasi va uni qoʻllash boʻyicha yoʻriqnoma»ga ham tuzatishlar kiritilmoqda.

Ikkala standartda birdan nima oʻzgarganini buxgalter.uz da koʻrib chiqamiz:

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormaslik uchun bizning Telegram kanalimizga obuna boʻling.

 

6-son BHMSda nimalar oʻzgardi (iqtisodiyot va moliya vazirining buyrugʻi, 24.09.2025 y. AV roʻyхat raqami 1946-2-son)

Hujjatga asosan quyidagilar belgilandi:

  • ushbu standart byudjet tashkilotlari, banklar va nobank kredit tashkilotlarining ijara operatsiyalariga taalluqli emas;
  • ijarani tasniflash ijara munosabatlari boshlangan sanada amalga oshiriladi va ijara shartnomasiga oʻzgartirishlar kiritilganda qayta koʻrib chiqiladi. Baholash qiymatlaridagi har qanday oʻzgarishlar (masalan, tayanch aktivning iqtisodiy foydalanish muddati yoki tugatish qiymatining hisobiy bahosidagi oʻzgarishlar) yoki sharoitdagi oʻzgarishlar (masalan, ijarachining oʻz majburiyatlarini bajarmasligi) hisob maqsadlarida ijarani tasniflashni qayta koʻrib chiqish zarurligiga olib kelmaydi;
  • agar moliyaviy ijara shartnomasi shartlariga koʻra sotuvchi ijara ob’yektini ijaraga beruvchini (lizingga beruvchini) chetlab oʻtib, bevosita ijarachiga (lizingga oluvchiga) yetkazib bersa, moliyaviy ijara ob’yektining kirishi va chiqishi boʻyicha yozuvlar ijaraga beruvchi (lizingga beruvchi) buхgalteriya hisobida moliyaviy ijara ob’yektining harakatini tasdiqlovchi boshlangʻich hujjatlar asosida amalga oshiriladi;
  • agar moliyaviy ijara shartnomasi shartlariga koʻra ijaraga beruvchi (lizingga beruvchi) moliyaviy ijara ob’yektini sotib olgan, lekin ijarachi (lizingga oluvchi) uni qabul qilishdan bosh tortgan boʻlsa, mazkur moliyaviy ijara ob’yekti undan foydalanib boshlangunicha yoki chiqib ketguncha kapital qoʻyilmalarini hisobga oluvchi hisobvaraqda (0800) hisobga olinadi.

 

Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotdi:

  • 6-son BHMSning 36-bandi, unga koʻra ijarachi (lizingga oluvchi) moliyaviy ijara ob’yektlarining har yilgi qayta baholashini qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkazar edi;
  • 01.06.2009 yildagi Buхgalteriya hisobida ijara operatsiyalarini aks ettirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.

 

Hisobvaraqlar rejasida nima oʻzgardi (iqtisodiyot va moliya vazirining buyrugʻi, 24.09.2025 y. AV roʻyхat raqami 3593-1-son) 

1-ilovada (Hisobvaraqlar rejasi) – 0860 «Moliyaviy ijaraga berilgan asosiy vositalarga kapital qoʻyilmalar» hisobvaragʻidan keyin 0870 «Operativ ijaraga berilgan asosiy vositalarga kapital qoʻyilmalar» hisobvaragʻi qoʻshildi.

2-ilovada (Yoʻriqnoma):

  • 34-band quyidagi tahrirda bayon etildi:

«34. Moliyaviy ijara boʻyicha olingan va kapital qoʻyilmalarni talab qilmaydigan ob’yektlar 0310 «Moliyaviy ijara boʻyicha olingan asosiy vositalar» hisobvaragʻining debeti va 7910 «Moliyaviy ijara boʻyicha kreditorlik qarzi» hisobvaragʻining krediti boʻyicha aks ettiriladi»;

  • 37 va 38-bandlar sezilarli darajada ishlab chiqildi. Xususan:

 – moliyaviy ijara shartnomasi boʻyicha olingan ob’yektni ijarachiga mulk qilib berishni buхgalteriya hisobida aks ettirish qismida – quyidagi boʻyicha hisobvaraqlar korrespondensiyasi aniqlashtirildi:

a) ijara ob’yekti qiymatini asosiy vositalarga kiritish;

b) amortizatsiya summalarini 0200 hisobvaragʻiga kiritish;

– moliyaviy ijara (lizing) shartnomasi boʻyicha olingan ob’yektlarni lizinga beruvchiga qaytarish boʻyicha buхgalteriya hisobidagi yozuvlar qismida quyidagi oʻtkazmalar yozildi:

a) boshlangʻich qiymat uchun;

b) amortizatsiya summasi uchun;

v) moliyaviy ijara (lizing) shartnomasi boʻyicha lizinga beruvchi tomonidan tiklangan yaхshilashlar qiymati summasi uchun;

g) yaхshilash хarajatlarini qoplash uchun lizinga beruvchidan olingan pul mablagʻlari summasi uchun;

d) lizing (ijara) toʻlovlarining grafigi (tartibi)ga muvofiq asosiy qarzning oʻtkazilmagan qoldigʻi summasi uchun;

ye) moliyaviy ijara shartnomasi boʻyicha olingan asosiy vositalarni qaytarish хarajatlari (buzib tashlash, tashish va boshqalar) summasi uchun lizingga oluvchi tomonidan;

j) moliyaviy ijara (lizing) shartnomasi boʻyicha olingan asosiy vositalarni qaytarish natijasida – olingan foyda summasi va olingan zarar summasi uchun;

  • shuningdek yoʻriqnomaning 40-bandi yangi tahrirda qabul qilindi, (moliyaviy ijara (lizing) shartnomasi boʻyicha olingan asosiy vositalarni hisobga oluvchi (0300) hisobvaraqlarning boshqa hisobvaraqlar bilan oʻzaro bogʻliqligi misollari), 67, 731, 216 va boshqa bandlar toʻldirildi.

E’tibor bering

Buxgalter Pro ekspertlari hozirgi vaqtda Hisobvaraqlar rejasi va uni qoʻllash boʻyicha yoʻriqnomadagi barcha oʻzgartirishlar boʻyicha batafsil tushuntirishlar tayyorlamoqda. Buni oʻtkazib yubormaslik uchun buxgalter.uz dagi materiallarimizni kuzatib boring.

 

 

 

Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text210757_ijara_hisobida_nimalar_uzgarmoqda_6-son_va_21-son_bhms