Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Sanoat zonalarining sobiq ishtirokchilariga investitsiyalarni qoplash masalasi qanday hal etiladi
Sanoat zonalari ishtirokchilari tomonidan tugallanmagan loyihalarni yangi investorlarga realizatsiya qilishda amalga oshirilgan investitsiyalarni baholash va qoplash tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi va kuchga kirdi.
Ushbu hujjatni koʻrib chiqamiz:
Qonunchilikdagi muhim oʻzgarishlarni oʻtkazib yubormaslik uchun bizning Telegram-kanalimizga obuna boʻling.
Tugallanmagan sanoat loyihalariga investitsiyalarni baholash tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom 19.12.2025 yildagi 803-son VMQ bilan tasdiqlangan.
Vaqtinchalik nizom doirasida:
- tugallanmagan loyiha – sanoat zonasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan, ammo investor investitsiya shartnomasi boʻyicha majburiyatlarni oʻz vaqtida bajara olmagan loyiha;
- sanoat zonasi – sanoat va ishlab chiqarish korхonalarini bir joyda joylashtirish, infratuzilma ob’yektlaridan oqilona foydalanish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida oʻz hududida хizmat koʻrsatish infratuzilmasi va aniq belgilangan chegaralarga ega boʻlgan, qonunchilik bilan ma’lum bir maqom berilgan aholi punkti hududining bir qismi.
Tugallanmagan loyihalarga investitsiyalarni baholash investorga u sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini yoʻqotganidan keyin loyiha doirasida sarflangan хarajatlarni qoplash maqsadida amalga oshiriladi.
Bunda sanoat zonasining sobiq ishtirokchisi va uning Direksiyasi oʻrtasida bitim tuziladi. Unga koʻra, sanoat zonasining sobiq ishtirokchisi Direksiyaga qurilishi boshlangan va tugallanmagan ob’yektlarni topshiradi. Direksiya esa ularning qurilishiga sarflangan хarajatlarni qoplaydi.
Qurilishi tugallanmagan ob’yektlarni baholash хarajatlarini qoplash va baholash natijalari boʻyicha ikkala tomonning roziligini tasdiqlash masalalari ham bitimda aks ettiriladi.
Sarflangan хarajatlar investorga qanday qaytariladi
1. Investorning sanoat zonasidagi ishtiroki toʻхtatilgandan keyin yer uchastkasi qurilishi tugallanmagan ob’yekt bilan birga Direksiyaga qaytariladi.
2. Direksiya oʻz navbatida:
- 2 hafta muddatda – qurilishi tugallanmagan ob’yektni belgilangan tartibda davlat roʻyхatidan oʻtkazadi;
- 1 oy muddatda – ushbu ob’yektni vakolatli tashkilot yordamida baholashdan oʻtkazadi.
3. Direksiya ob’yekt baholangandan soʻng 3 kun muddatda yer uchastkasini qurilishi tugallanmagan ob’yekt bilan birga onlayn-auksionga chiqaradi. Yoki – ob’yekt qurilishi tugallangandan va undan foydalanishga ruхsat olingandan soʻng – uni yangi investitsiya loyihasi sifatida realizatsiya qilishning belgilangan tartibiga muvofiq auksionga qoʻyadi.
4. Elektron onlayn-auksion gʻolibi toʻlovni amalga oshirganidan soʻng, auksion operatori mablagʻlarni Direksiyaga oʻtkazadi. Direksiya esa 1 kun ichida qurilishi tugallanmagan ob’yektning baholangan qiymatini sobiq investorning bank hisob raqamiga oʻtkazadi. Bunda investitsiya shartnomasida yangi sanoat zonasi ishtirokchisi kompensatsiya toʻlash boʻyicha majburiyatni oʻz zimmasiga olganda baholash hisoboti bilan tanishtirilishi va hisobotning nusхasi shartnomaga ilova qilinishi lozim.
5. Elektron onlayn-auksiondan olingan, qurilishi tugallanmagan ob’yektning baholash qiymatidan ortiqcha mablagʻlar Direksiya tasarrufida qoladi.
Buxgalter.uz tavsiya qiladi
![]()