Homiladorlik va tugʻish nafaqasini tayinlash va toʻlash tartibi
Tavsiyada:
– homiladorlik va tugʻish nafaqasini tayinlash;
– homiladorlik va tugʻish nafaqasini hisoblash;
– homiladorlik va tugʻish nafaqasini toʻlash;
– homiladorlik va tugʻish nafaqasiga qoʻshimcha toʻlovning buxgalteriya hisobini yuritish;
– homiladorlik va tugʻish nafaqasiga qoʻshimcha toʻlovga soliq solish.
Tavsiyaga VMning 12.05.2026 yildagi 239-son qaroriga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilgan.
Xodima homiladorlik va tugʻish ta’tilini olish huquqiga ega, u ijtimoiy ta’tillar jumlasiga kiradi
.
Ta’til muddati – tugʻruqqacha 70 kalendar kun hamda tugʻruqdan keyin 56 (tugʻish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tugʻilgan taqdirda – 70) kalendar kun. Ta’tilni ayolga tugʻruqqacha haqiqatda foydalanilgan kunlar sonidan qat’i nazar, toʻliq bering
.
Ayol tugʻishdan oldingi va tugʻishdan keyingi ta’tilda boʻlgan vaqtida unga homiladorlik va tugʻish nafaqasini toʻlang
.
2026 yildan boshlab:
- homiladorlik va tugʻish nafaqasi proaktiv shaklda Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi orqali tayinlanadi va toʻlanadi
; - JShDS boʻyicha soliq stavkasining 0,2 foiz bandi Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasiga sugʻurta badali sifatida yoʻnaltiriladi. Bunda ushbu JShDSdan sugʻurta badali ushlab qolinmaydi
:
– yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga asosan mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan daromadlardan toʻlanadigan;
– toʻlov manbaida ushlab qolingan dividend va foizlar koʻrinishida olinadigan daromadlardan.
«Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida»gi Qonun tatbiq etilmaydigan tashkilotlarning xodimalariga nafaqa maxsus Nizomga muvofiq tayinlanadi va toʻlanadi.
Homiladorlik va tugʻish nafaqasi qanday tayinlanadi
Homiladorlik va tugʻish nafaqasi Nizomga muvofiq sxema boʻyicha davlat ijtimoiy sugʻurtasi doirasida tayinlanadi va toʻlanadi.
Homiladorlik va tugʻish nafaqasini tayinlash uchun asos – mehnatga layoqatsizlik varaqasi.
Nafaqa quyidagi hollarda tayinlanadi:
- uni olish huquqi quyidagi davrlardan birida yuzaga kelganda:
– xodim ish beruvchi bilan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarda boʻlgan davrda, sinov muddati va ishdan boʻshatilgan kunni ham qoʻshgan holda;
– fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar asosida xizmat koʻrsatayotgan (ishlarni bajarayotgan) davrda;
– boshqa rasmiy faoliyat bilan band boʻlgan davrda;
- sugʻurta staji kamida 10 oyni tashkil etadi;
- sugʻurta hodisasi yuz bergan oydan oldingi soʻnggi 6 oy davomida uzluksiz sugʻurta staji boʻlganda (bundan sugʻurtalangan shaxsning homiladorlik va tugʻish yoki bola parvarishlash ta’tilidan chiqqanidan soʻng yoxud bola parvarishlash ta’tilida boʻlgan davrda takroriy nafaqa tayinlanish holatlari mustasno).
Sugʻurta badali eri (xotini) tomonidan toʻlangan ishlamaydigan fuqarolar va yuridik shaxslarning muassislari sifatida daromadlar oladigan fuqarolar uchun nafaqa 2026 yil 1 yanvardan boshlab hisoblanadigan kamida 10 oylik sugʻurta staji asosida tayinlanadi. Bunda ushbu fuqarolar er-xotin yoki yuridik shaxslarning muassislari boʻlmagan davrlarda sugʻurta badallari toʻlanganda, ushbu davrlar sugʻurta staji sifatida hisobga olinmaydi.
Nafaqa «Ijtimoiy sugʻurta» axborot modulida fuqarolarning murojaati talab etilmagan holda (proaktiv shaklda) «Raqamli hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridan olingan ma’lumotlarga asosan tayinlanadi.
Mehnatga layoqatsizlik varaqasi hududiy ambulator-poliklinika yoki tugʻuruqxona muassasasi, shuningdek, boshqa vakolatli tibbiy muassasalar tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligining Yagona tibbiy axborot tizimida elektron shaklda rasmiylashtiriladi.
Ushbu tizim tomonidan mehnatga layoqatsizlik varaqasi avtomatik ravishda «Ijtimoiy sugʻurta» axborot moduliga yuboriladi hamda ushbu axborot modulida u ochilgandan boshlab yopilguniga qadar boʻlgan jarayonlar aks ettiriladi.
Barcha shartlarga rioya etilgan taqdirda nafaqa avtomatik ravishda tayinlanadi. Shartlarga rioya etilmaganda nafaqa tayinlash rad etiladi.
Nafaqa tayinlanganligi, uning miqdori, toʻlov shakli va muddati boʻyicha yoki uni tayinlash rad etilganligi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar sugʻurtalangan shaxsga Sogʻliqni saqlash vazirligining yagona tizimida qayd etilgan mobil telefon raqamiga SMS-xabarnoma shaklida yoki YaIDXPdagi shaxsiy kabinetiga hamda uning ish beruvchisining (agar mavjud boʻlsa) Soliq qoʻmitasining axborot tizimidagi va «YaMMT» IDAKdagi shaxsiy kabinetlariga avtomatik tarzda xabarnoma yuboriladi.
Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini rasmiylashtirish qoidalari Yoʻriqnomaning 3-bobida belgilangan.
2024 yildan boshlab Oʻzbekistonning barcha hududlarida mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy ma’lumotnomalar elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Hujjatlarni qogʻoz shaklida talab qilish taqiqlanadi
.
Elektron varaqa YaMMTda xodimning shaxsiy sahifasidagi «Kasallik varaqasi» boʻlimida aks etadi. Zarur boʻlganda uni yuklab olish va qogʻozga chiqarish mumkin. Xodimning oʻzi kasallik varaqasi mavjudligini (ochilgani va yopilganini) YaIDXPda tekshirishi mumkin.
Homiladorlik va tugʻish nafaqasi qanday hisoblanadi
Nafaqa miqdori maxsus Nizomning 3-bobiga muvofiq belgilanadi.
Nafaqa miqdori quyidagi formula boʻyicha belgilanadi:
Nafaqa miqdori = OʻOIH : 25,3 x SK x KS,
bunda:
OʻOIH – hisoblangan oʻrtacha oylik ish haqi;
25,3 – ish kunlarining oʻrtacha oylik soni
;
SK – sugʻurta stajiga mutanosib ravishda oʻrtacha oylik ish haqiga nisbatan qoʻllaniladigan staj koeffitsiyenti;
KS – mehnatga layoqatsizlik varaqasida koʻrsatilgan davr ichidagi Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladigan kunlar soni.
Unda koʻrsatilgan davr ichida yakshanba kuni va (yoki) Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq ishlanmaydigan bayram kunlari mavjud boʻlgan taqdirda, ushbu kunlar nafaqa miqdorini belgilashda inobatga olinmaydi.
Quyidagi sugʻurta stajiga ushbu koeffitsiyentlar qoʻllaniladi:
- 10 oydan 24 oygacha (24-oy ham kiradi) – 75%;
- 25 oydan 60 oygacha (60-oy ham kiradi) – 85%;
- 61 va undan ortiq oy – 100%.
Nafaqa mehnatga layoqatsizlik varaqasida koʻrsatilgan barcha davr uchun, bundan yakshanba kuni va (yoki) ishlanmaydigan bayram kunlari mustasno, hisoblanadi va toʻlanadi.
Homiladorlik va tugʻish boʻyicha mehnatga layoqatsizlik varaqasida koʻrsatilgan davr tugaguncha ona va (yoki) bola vafot etgan holda toʻlangan nafaqa qaytarib olinmaydi.
Oʻrtacha oylik ish haqi miqdori quyidagi formulalar boʻyicha aniqlanadi:
Oʻrtacha oylik ish haqi = Nafaqa tayinlanadigan oydan oldingi sugʻurta staji sifatida inobatga olinadigan 12 oylik davrdagi ish haqi : 12;
Sugʻurta staji 12 oydan kam boʻlsa, oʻrtacha oylik ish haqi = Sugʻurta staji sifatida inobatga olinadigan oylardagi ish haqi : Sugʻurta staji oylari soni.
Majburiy sugʻurtalangan shaxsga nafaqani hisoblashda nafaqa tayinlanadigan sanadagi MHEKMning 10 baravaridan ortiq boʻlmagan oʻrtacha oylik ish haqining bir qismi inobatga olinadi. Davlat ijtimoiy sugʻurtasi doirasida quyidagi asosda sugʻurtalangan shaxslarning oʻrtacha oylik ish haqi miqdori shunday aniqlanadi:
- majburiy asosda – soliq solinadigan va sugʻurta badali sifatida ajratmalar ajratiladigan mehnatga haq toʻlash tarzidagi barcha daromadlarni inobatga olgan holda;
- ixtiyoriy asosda – ixtiyoriy tarzda toʻlangan sugʻurta badallarini oylik ish haqiga aylantirgan holda – quyidagi formula boʻyicha:
Oʻrtacha oylik ish haqi = 2026 yildan boshlab har oy toʻlangan sugʻurta badallari : Uni toʻlash davrida amalda boʻlgan sugʻurta badali stavkasi x 100%.
Bunda ixtiyoriy sugʻurtalangan shaxslarga nafaqa u tayinlangan sanadagi MHEKMning 5 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda toʻlanadi.
150 000 : 5 x 100 = 3 000 000 soʻmni tashkil qiladi.
Sugʻurtalangan shaxs homiladorlik va tugʻish ta’tili yoki bola parvarishlash ta’tilidan qaytganidan soʻng yoxud bola parvarishlash ta’tilida boʻlgan davrda, homiladorlik va tugʻish boʻyicha takroriy nafaqa tayinlash zaruriyati vujudga kelganda, uning oʻrtacha ish haqi miqdorini aniqlash uchun takroriy nafaqa tayinlanadigan oygacha boʻlgan oylik ish haqi hisoblangan oxirgi 12 oy inobatga olinadi.
Sugʻurtalangan shaxsga takroriy nafaqa tayinlash uchun uning oʻrtacha ish haqi miqdori 12 oylik jami ish haqi miqdorini 12 ga boʻlish yoʻli bilan hisoblanadi. Xodima homiladorlik va tugʻish ta’tilidan qaytgandan keyin, bola parvarishlash ta’tili davrida yoki undan keyin, agar ish haqi hisoblangan yoki ixtiyoriy sugʻurta badali toʻlangan oylar soni quyidagini tashkil etsa:
- 3 oydan kam boʻlsa, oʻrtacha ish haqi miqdoriga nisbatan 0,5 koeffitsiyent;
- 3 oydan 6 oygacha boʻlsa, oʻrtacha ish haqi miqdoriga nisbatan 0,75 koeffitsiyent qoʻllaniladi.
Oʻrtacha oylik ish haqi miqdori minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kam boʻlganda, nafaqani hisoblash uchun MIX summasi olinadi.
Quyidagi davrlar nafaqani tayinlashda sugʻurta staji sifatida hisobga olinadi:
- 2005 yildan 2016 yilga qadar – ShJBPHga majburiy badallar toʻlanganda;
- 2016 yildan 2019 yil 1 yanvarga qadar – byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlanganda;
- 2019 yildan– ish haqi taqdim etilgan soliq hisobotida aks ettirilganda;
Sugʻurtalangan shaxslarning sugʻurta stajiga quyidagi oylar kiritiladi:
- koʻrsatilgan toʻlovlar hisoblangan oy;
- ish haqi saqlangan holda ta’tildagi oy;
- ish haqi qisman saqlanadigan ta’tildagi oy;
- ijodiy ta’tildagi oy;
- harbiy oʻquv yoki tekshiruv yigʻinida qatnashgan oy;
- ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻquv yurtlarida tahsil olish munosabati bilan berilgan oʻquv ta’tilidagi oy.
Agar bitta kalendar oyda ushbu holatlardan ikkitasi mavjud boʻlsa, sugʻurta stajiga faqat bir oy kiritiladi.
Mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun yiliga bir marotaba ijtimoiy soliq toʻlovchi shaxslarning ushbu toʻlovni toʻlagan davri uchun hisoblanadigan mehnat staji sugʻurta staji sifatida hisobga olinmaydi, (yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslardan tashqari).
Agar hisoblangan oylik ish haqi miqdori quyidagini tashkil etsa:
- MHEKMning 0,5 baravaridan 1 baravarigacha – 2 oylik mehnat staji davri bir oy sugʻurta stajiga tenglashtirilgan holda hisoblanadi;
- MHEKMning 0.5 baravaridan kam – mazkur oy sugʻurta staji sifatida hisobga olinmaydi.
Homiladorlik va tugʻish nafaqasi qanday toʻlanadi
Davlat ijtimoiy sugʻurtasi doirasida homiladorlik va tugʻish nafaqasini moliyaviy agent – vakolatli tijorat banki toʻlaydi
.
Toʻlov roʻyxatlari «Ijtimoiy sugʻurta» axborot moduli orqali shakllantiriladi.
Nafaqa quyidagilarga toʻlanadi:
- sugʻurtalangan shaxsning ijtimoiy kartasiga (mavjud boʻlganda);
- aktiv holatda boʻlgan hamda oxirgi tranzaksiyalar oxirgi 60 kun davomida amalga oshirilgan boʻlib, amal qilish muddati tugashiga kamida 15 kun qolgan bank kartasiga;
- agar sugʻurtalangan shaxsning ijtimoiy va bank kartalari boʻlmasa, unga ochib beriladigan virtual ijtimoiy kartaga.
Moliyaviy agent toʻlov roʻyxatlarini olgach 5 ish kuni ichida nafaqa toʻlaydi.
Sugʻurtalangan shaxs tomonidan tibbiy yoki boshqa muassasalarga notoʻgʻri ma’lumotlar taqdim etilganligi yoki hisob-kitoblarda xato qilinganligi sababli notoʻgʻri toʻlangan nafaqa uni oluvchi tomonidan bir oy ichida Jamgʻarmaga qaytarilishi lozim. Bunda mablagʻlar:
- ixtiyoriy ravishda qaytarilmagan yoki toʻliq hajmda qaytarilmaganda – sud tartibida undiriladi;
- axborot tizimlaridagi kamchiliklar, texnik xatolar yoki ma’lumotlarni qayta almashishda sugʻurta staji davrining oʻzgarishi sababli ortiqcha toʻlangan mablagʻlar qaytarilmaydi va Jamgʻarma xarajatlari sifatida hisobga olinadi.
Homiladorlik va tugʻish nafaqasiga qoʻshimcha toʻlovning buxgalteriya hisobi
Ish beruvchilar jamoa shartnomalarida va ichki hujjatlarda homiladorlik va tugʻish uchun qoʻshimcha toʻlov belgilashlari mumkin
.
Oʻz mablagʻlari hisobidan toʻlanadigan qoʻshimcha toʻlovlar va ular boʻyicha ijtimoiy soliqni tashkilotning boshqa operatsion xarajatlariga (9430-hisobvaraq) kiriting
.
Buxgalteriya oʻtkazmalari:
|
Xoʻjalik operatsiyaci |
Hisobvaraqlar bogʻlanishi |
|
|
debet |
kredit |
|
|
Homiladorlik va tugʻish nafaqasiga qoʻshimcha toʻlov hisoblandi |
||
|
JShDS ushlab qolindi |
||
|
ShJBPHga badallar ushlab qolindi |
6530* |
|
|
Ijtimoiy soliq hisoblandi |
||
|
Tashkilot kassasidan toʻlandi |
||
|
Plastik kartaga (bankdagi hisobraqamga) oʻtkazildi |
||
*6530-«ShJBPHga badallar» hisobvaragʻini hisobvaraqlar ishchi rejasiga kiritish tavsiya etiladi.
Homiladorlik va tugʻish nafaqasiga qoʻshimcha toʻlovni soliqqa tortish
Homiladorlik va tugʻish nafaqasiga qoʻshimcha toʻlov:
- mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar tarkibida ishlab berilmagan vaqt uchun toʻlov hisoblanadi, demak, unga JShDS va ijtimoiy soliq solinadi
; - agar tashkilot uning iqtisodiy jihatdan asoslanganligini isbotlasa, foyda soligʻini hisoblashda chegirib tashlanadi
.
Buxgalter.uz yangiliklarini birinchi boʻlib olish uchun Telegram-kanalga obuna boʻling
- Homiladorlik va tugʻish nafaqasini toʻlash boʻyicha chek-list
- Homiladorlik va tugʻish ta’tili qanday beriladi va toʻlanadi
- Bola parvarishi boʻyicha nafaqani tayinlash va toʻlash tartibi
- Jismoniy shaxslarning qaysi daromadlari jami daromadga kiritilmaydi va ish beruvchining faoliyati bilan bogʻliq emas
- Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boʻyicha nafaqa miqdori qanday aniqlanadi

Bizning Facebook
Telegram kanali @uz_buxgalter