Xavfli chiqindilar boʻyicha kimlar hisobot topshirishi kerak

preview

2026 yil 1 oktyabrdan boshlab faoliyatida I–IV xavflilik sinfiga mansub chiqindilar hosil boʻladigan korxonalar statistika hisobotini shakllantirishi shart. Ushbu va boshqa majburiyatlar Prezidentning 03.08.2026 yildagi PQ-289-son qarorida belgilangan.

Batafsil – buxgalter.uz sharhida.

Yangi NHH sharhlarini Telegram-kanalimizda kuzatib borish qulay.

E’tibor bering

Materiallardan nusxa koʻchirish va foydalanishga faqat manbaga faol havola mavjud boʻlganda yoki tahririyatning yozma ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.

 

Xavfli chiqindilar bilan muomalada boʻlish boʻyicha yangi talablar kimlarga taalluqli

Prezidentning PQ-289-son qarorining amal qilishi I–IV xavflilik sinfiga (Chiqindilarning tasnif katalogiga muvofiq) mansub chiqindilar (keyingi oʻrinlarda – xavfli chiqindilar) bilan muomalada boʻlishga tatbiq etiladi va quyidagilarga taalluqlidir:

  • faoliyati davomida radioaktiv va kimyoviy xavfli chiqindilar hosil boʻladigan yuridik shaxslar (xavfli chiqindilar egalari). Xususan, bular togʻ-kon, metallurgiya va kimyo sanoati, neft-gaz va elektr energetikasi sohalaridagi korxonalar, shuningdek xavfli chiqindilar hosil boʻladigan boshqa ishlab chiqarish korxonalari;
  • tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, qonunchilikka muvofiq xavfli chiqindilarni mustaqil ravishda qayta ishlash, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish yoki koʻmishga ruxsat berilgan boshqa tashkilotlar – ularda tegishli vakolatlar, infratuzilma va ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasi mavjud boʻlgan taqdirda;
  • tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, faqat ushbu faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchi ixtisoslashgan kompaniyalar.

 

Korxonalarga qoʻyiladigan talablar

2027 yil 1 yanvardan boshlab xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar bunday chiqindilarni boshqarish boʻyicha yillik rejalarni ishlab chiqishi va ularni Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi bilan kelishishi shart.

Bunday rejada korxona hosil boʻladigan xavfli chiqindilar hajmini qanday kamaytirishini, ularni qayta ishlash va xavfsiz joylashtirish ulushini oshirishni, chiqindilarni koʻmish uchun faqat ixtisoslashgan tashkilotlarga topshirish masalalarini hamda xavfli chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha yechim va texnologiyalarni joriy etishni belgilashi lozim.

Qarorda ma’lumotlarni yigʻishning quyidagi tartibi belgilanmoqda:

  • 2026 yil 1 oktyabrdan boshlab faoliyatida xavfli chiqindilar hosil boʻladigan tashkilotlar yil yakunlari boʻyicha statistika hisobotlarini shakllantirishi va ularni Agentlikning hududiy boshqarmalariga taqdim etishi shart;
  • tadbirkorlik sub’yektlari xavfli chiqindilarning hajmi va ularning keyingi harakati toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni belgilangan tartibda Yagona hisobotlar tizimi orqali kiritadilar;
  • xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar har chorakda (hisobot choragidan keyingi oyning 20-sanasiga qadar) hosil boʻlgan chiqindilar hajmi va ularning keyingi harakati toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni Agentlikning axborot tizimiga kiritib borishlari shart.

Yillik rejalarda nazarda tutilgan koʻrsatkichlarning bajarilishi ustidan nazorat Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlarning (xavfli chiqindilar egasi boʻlgan yuridik shaxslarning) xavfli chiqindilar bilan bogʻliq investitsiya loyihalari (tarkibida qimmatbaho, rangli, noyob, qora metallar va sanoat uchun muhim minerallar mavjud boʻlgan chiqindilar bundan mustasno) Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda amalga oshirilishi, bunda Agentlik davlat ishtirokchisi hisoblanishi belgilandi.

 

Prezident qarori 2026 yil 4 avgustdan e’tiboran kuchga kiradi.

 

 

 

Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text216596_havfli_chiqindilar_buyicha_kimlar_hisobot_topshirishi_kerak