Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
02.11.2026 yildagi yangi OʻRQ-1186-son Qonun biznes uchun yongʻin xavfsizligi talablarini oʻzgartiradi. Oʻzgartirishlar bilan bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligiga doir minimal texnik talablar, tekshiruvlarning yangi tartibi, ayrim ob’yektlarni majburiy sugʻurta qilish, yongʻinlar oqibatida odamlarning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun qoʻshimcha toʻlovlar qonunchilik darajasida joriy etilmoqda.
Qonun rasmiy e’lon qilinganidan uch oy oʻtgach, 2027 yil 5 fevraldan kuchga kiradi – yangi talablarga tayyorgarlik koʻrishga ulguring.
E’tibor bering
Muhim yangiliklar va ekspertlarning tushuntirishlarini oʻtkazib yubormaslik uchun Telegram-kanalimizga a’zo boʻling.
Materiallardan nusxa koʻchirish va foydalanishga faqat manbaga faol havola yoki tahririyatning yozma ruxsati boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Yongʻin oqibatlari uchun kompensatsiyalar
Agar yongʻin yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish natijasida kelib chiqqan boʻlsa, aybdor shaxs fuqarolarga va tashkilotlarga yetkazilgan zararni toʻliq hajmda qoplaydi. Odamlarning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zarar birinchi navbatda, davlat foydasiga undiriladigan moliyaviy sanksiyalardan va boshqa jarimalardan oldin qoplanadi.
Zararning oʻrnini qoplashdan tashqari sud aybdor shaxsning zimmasiga kompensatsiya toʻlash majburiyatini yuklashi mumkin:
|
Jabrlanuvchi uchun oqibat |
Kompensatsiya miqdori |
|
Oʻlim |
BHMning 3000 baravarigacha |
|
I guruh nogironligi |
BHMning 1500 baravarigacha |
|
sogʻliqqa boshqacha tarzda shikast yetkazilishi |
BHMning 600 baravarigacha |
Yongʻin tufayli yetkazilgan mulkiy zarar, uning oʻrni qoplanganligidan yoki qoplanmaganligidan qat’i nazar, toʻliq hisobga olinadi. Barcha yongʻinlar va ularning oqibatlari haqidagi ma’lumotlarni yongʻin nazorati «Yongʻinlarni hisobga olish» tizimiga kiritadi.
Oʻt oʻchiruvchilar va yongʻinni oʻchirishda qatnashayotgan boshqa ishtirokchilar ob’yektga toʻsqinliksiz kirish huquqiga ega. Agar ular asosli tavakkalchilik doirasida harakat qilgan boʻlsalar, mol-mulkka yetkazilgan zararni qoplamaydilar.
Tekshiruvlar va mustaqil yongʻin auditi
Tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan ob’yektlarda davlat yongʻin nazorati organlari Yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishini batafsil va nazorat tartibida tekshiruvlar oʻtkazishga haqli. Tekshiruvning ushbu turlari davriyligi FVV tomonidan yongʻin ehtimoli darajasidan kelib chiqqan holda belgilanadigan ob’yekt guruhiga bogʻliq boʻladi.
|
Ob’yekt guruhi |
Tekshiruvlar davriyligi |
|
1-guruh |
bir yilda koʻpi bilan bir marta |
|
2-guruh |
ikki yilda koʻpi bilan bir marta |
|
3-guruh |
uch yilda koʻpi bilan bir marta |
|
4-guruh |
qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi murojaatlar va xabarlar asosida yoki zaruratga qarab |
Tezkor tekshiruv fuqarolar yoki tashkilotlarning murojaati, shuningdek OAV va boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar asosida tayinlanishi mumkin.
Mustaqil yongʻin auditi endilikda qonunda mustahkamlandi. Uni FVVda akkreditatsiyadan oʻtgan tashkilotlar shartnoma asosida oʻtkazishlari mumkin. Oʻtkazish tartibini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi – 2024 yilda maxsus Nizom tasdiqlangan.
Binolari va inshootlari yongʻin xavfsizligi talablariga toʻliq javob beradigan jismoniy va yuridik shaxslarga yongʻin auditi xulosasi beriladi. Ijobiy xulosa davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan 1 yil muddat davomida oʻtkaziladigan tekshiruvlardan ozod qiladi – biroq tezkor tekshiruvlar bundan mustasno.
E’tibor bering
Mulkchilik shaklidan va idoraviy boʻysunuvidan qat’i nazar, barcha korxonalar va tashkilotlar rahbarlari oʻt oʻchiruvchilarning rejalashtirilgan yongʻin oʻchirish amaliy taktik mashgʻulotlari oʻtkazilishiga toʻsqinlik qilishga haqli emas.
Faoliyatni toʻxtatib turish
Agar ob’yektda yongʻin xavfsizligi talablarining buzilishi hollari aniqlansa, uning ishini toʻxtatib turishlari mumkin. Sud qarorisiz – koʻpi bilan 10 ish kuniga; undan ortiq muddatga – faqat sud orqali.
Binolar va inshootlarga qoʻyiladigan talablar
Qonun funksional yongʻin xavfi sinfidan kelib chiqqan holda binolar va inshootlarning (yakka tartibdagi turar joy binolaridan tashqari) yongʻin xavfsizligi boʻyicha minimal texnik talablarini joriy etadi. Aniq normalar shaharsozlik normalari va qoidalarida hamda texnik hujjatlarda belgilab qoʻyiladi.
Barcha binolar uchun: yongʻin avtomatikasi tizimlari, tashqi va ichki yongʻinga qarshi suv ta’minoti, normativlar boʻyicha evakuatsiya yoʻllari, yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalari, zarur olovga bardoshlilikka ega boʻlgan pardozlash, yongʻin texnikasining erkin oʻtishi.
Balandligi 28 metrdan 50 metrgacha boʻlgan binolar uchun tutun qoplamaydigan zinalar, oʻt oʻchiruvchilar uchun liftlar va fasadda faqat yonmaydigan materiallar qoʻshiladi. Barcha yongʻin xavfsizligi tizimlari avtomatik ravishda almashadigan ikkita mustaqil manbadan elektr energiyasi bilan ta’minlanishi kerak.
Balandligi 50 metrdan yuqori boʻlgan binolar uchun bunga qoʻshimcha ravishda xavfsizlik zonasi, balandligi 50 metrdan oshmaydigan yongʻinga qarshi boʻlmalar va zaxira elektr stansiyasi qoʻshiladi. Yongʻin avtomatikasi signallari parallel ravishda yongʻin-qutqaruv deposining navbatchilik xizmatiga yuborilishi kerak. U yerda yengil alangalanuvchan moddalar qoʻllaniladigan maishiy xizmatlarni joylashtirish mumkin emas.
Yongʻindan majburiy va ixtiyoriy sugʻurta qilish
Bozorlar, savdo komplekslari va savdo-koʻngilochar markazlari mulkdorlari quyidagilarni sugʻurta qilishlari shart:
- uchinchi shaxslarning hayoti va (yoki) sogʻligʻiga yongʻin yuzaga kelishi natijasida zarar yetkazganlik uchun oʻzining fuqarolik javobgarligini;
- ob’yektlarning oʻzini yongʻin sodir boʻlish holati boʻyicha.
Majburiy sugʻurta qilish shartlari va tartibini Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi. Ushbu majburiyatni bajarmaganlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning 50-75 baravari miqdorida jarima solinadi. Bir yil davomida takroran sodir etilgan huquqbuzarlik uchun jarima allaqachon BHMning 75-100 baravarini tashkil etadi (MJtK 211-1-m.).
Bozorlar, savdo komplekslari va savdo-koʻngilochar markazlaridan tashqari boshqa ob’yektlar oʻz mulkdorlarining ixtiyoriga koʻra, ya’ni ixtiyoriy ravishda sugʻurta qilinishi mumkinligi belgilangan.
Faoliyatning alohida turlari boʻyicha oʻzgartirishlar
Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari. Suyultirilgan gazni maishiy ballonlarda berish mumkin emas. Jarima — 3–5 BHMning 3-5 baravarini tashkil etadi (MJtK 101-1-m.).
Qurilish-pudrat tashkilotlari. Qurilish maydonida yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalari, suv, yoritish, yongʻin signalizatsiyasi va yongʻin texnikasining oʻtish yoʻli zarur. Xodimlarni yongʻin xavfsizligiga oʻrgatish shart. Yonuvchan qurilish havozalaridan foydalanishga faqat qat’iy cheklangan hollarda yoʻl qoʻyiladi. Loyiha tashkilotlari loyihalarga yongʻinga qarshi suv ta’minoti, avtomatika, evakuatsiya yoʻllari va boshqa talablarni kiritishlari shart. Davlat organlarining ularning ishiga aralashishi taqiqlanadi.
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari yongʻinga qarshi tizimlarning sozligini nazorat qiladi, har mavsumda tutun va shamollatish tizimlariga xizmat koʻrsatadi, oʻt oʻchiruvchilarni hududga kiritadi. Uy egalari orasidagi qoidabuzarlarni ogohlantirishga, agar qoidabuzarlik bartaraf etilmasa, vakolatli organga xabar berishga haqli.
Oʻz yongʻindan saqlash xizmatiga ega boʻlgan korxonalar FVVning axborot tizimiga shtat, texnika, suv ta’minoti, yongʻinni oʻchirish vositalari va oʻtkazilgan mashgʻulotlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni muntazam ravishda kiritib borishlari shart.
Yongʻin-texnik mahsulotini ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar. Mahsulot majburiy muvofiqlikni baholashdan oʻtadi. Muvofiq boʻlmagan mahsulotni sotish va undan foydalanish taqiqlanadi. Bunday mahsulotlar va xizmatlar roʻyxatini Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi.
![]()