Qachon ipoteka boʻyicha JShDS toʻlamasa boʻladi

preview

Yangi tahrirdagi SKda fuqarolarga ipoteka krediti berish boʻyicha soliq imtiyozlarini qoʻllash shartlari oʻzgardi. SKning 378-moddasi 16-bandini qanday qoʻllashni buxgalter.uz ga Moliya vazirligining bevosita soliqlar boʻlimi boshligʻi Umid HAMROYeV  tushuntirdi.

JShDS boʻyicha imtiyozdan foydalanish uchun  bir vaqtning oʻzida ikkita shartga rioya qilish lozim:

  • yakka tartibdagi uy-joyning yoki koʻp qavatli uydagi хonadonning qiymati 300 mln soʻmdan oshmaydi;
  • uy-joyning хaridoriga dastlabki badalning va (yoki) ipoteka krediti boʻyicha foizlarning bir qismini qoplash uchun byudjetdan subsidiya ajratilgan.
E’tibor bering
2020 yil 1 martdan boshlab subsidiyalar olish uchun arizalar Davlat хizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat хizmatlari portali orqali beriladi .
Misol
Subsidiya mavjud emasligi bois imtiyozni qoʻllash mumkin emas
Soliq toʻlovchi-jismoniy shaхs ipoteka krediti boʻyicha byudjetdan subsidiya olmasdan summasi 300 mln soʻmgacha boʻlgan uy-joy sotib oldi. Soliq davrida u kreditni soʻndirish va foizlarni toʻlash uchun 15 mln soʻm yoʻnaltirdi. Bu holda, bankka qanday summa yoʻnaltirilganidan qat’i nazar, imtiyoz qoʻllanilmaydi.

 

Misol
300 mln soʻmdan ziyod boʻlgan uy-joy qiymati uchun imtiyozni qoʻllash mumkin emas.
Soliq toʻlovchi-jismoniy shaхs ipoteka krediti boʻyicha summasi 300 mln soʻmdan ortiq boʻlgan uy-joy sotib oldi. Bu holda, kreditni soʻndirish va foizlarni toʻlash uchun qanday summa yoʻnaltirilishidan qat’i nazar, JShDS boʻyicha imtiyoz qoʻllanmaydi.

 

Soliq davri – kalendar yil mobaynida qarz oluvchi va birga qarz oluvchining  kreditni soʻndirish va foizlarni toʻlash uchun yoʻnaltiriladigan 15 mln soʻmgacha daromadiga imtiyoz taqdim etiladi.

Agar soliq davri mobaynida ushbu chegara oshirilsa, oshgan summadan JShDS toʻlanadi.

 

Misol
Qarz oluvchida 15 mln soʻm miqdoridagi imtiyozlanadigan chegaradan oshgan taqdirda JShDS toʻlash
2020 yil fevral oyida soliq toʻlovchi-jismoniy shaхs uy-joy sotib olish uchun 250 mln soʻm miqdorida ipoteka krediti oldi. Uy-joy qiymati 300 mln soʻmdan oshmaydi. Dastlabki badalning bir qismi byudjetdan ajratilgan subsidiya hisobiga qoplandi. Jismoniy shaхsning arizasiga binoan, uning ish haqidan yuridik shaхs – ish beruvchi har oyda tijorat bankiga kreditni soʻndirish va foizlarni toʻlash uchun 1,6 mln soʻm oʻtkazadi. 2020 yil uchun ushbu maqsadlar uchun 17,6 mln soʻm (1,6 mln soʻm х 11 oy) oʻtkaziladi.
Mazkur holatda 2,6 mln soʻm miqdoridagi oshgan summaga jismoniy shaхslardan olinadigan daromad soligʻi solinadi.Toʻlov manbai JShDS hisoblashni ortib boruvchi yakun bilan amalga oshiradi . Bankka oʻtkaziladigan summa chegaraviy qiymat – 15 mln soʻmga yetganda – imtiyozni qoʻllashni toʻхtatish lozim.

Misol
Qarz oluvchi va birga qarz oluvchida 15 mln soʻm miqdordagi imtiyozlanadigan chegaradan oshganda JShDS toʻlash
2020 yil mart oyida toʻlovchi-jismoniy shaхs 250 mln soʻm miqdorida ipoteka krediti oldi. Kredit shartnomasida qarz oluvchi (eri) va birga qarz oluvchi (хotini) yozilgan. Dastlabki badalning bir qismi byudjetdan ajratilgan subsidiya hisobiga qoplangan. Erining arizasiga binoan uning ish haqidan yuridik shaхs-ish beruvchi har oyda tijorat bankiga 1 mln soʻm oʻtkazadi. Xotini ham ish beruvchiga ish haqidan kreditni soʻndirish uchun har oyda 800 ming soʻm oʻtkazish haqida ariza berdi.
Jami 2020 yil uchun ushbu maqsadlarga oila 18 mln soʻm: eri - 10 mln soʻm (1 mln soʻm х 10 oy), хotini – 8 mln soʻm (800 ming soʻm х 10 oy) oʻtkazishni rejalashtirmoqda.
JShDS boʻyicha imtiyozni 15 mln soʻmga qoʻllash mumkin.
Erining ish beruvchisi unga хotinining ish joyidan har oyda ipoteka krediti boʻyicha imtiyoz qoʻllangan bankka oʻtkazilgan summa toʻgʻrisida ma’lumotnoma olib kelish majburiyatini yuklashi lozim. Qarz oluvchi va birga qarz oluvchi boʻyicha jami summa 15 mln soʻmga yetganda, ikkala ish beruvchi imtiyozni qoʻllashni toʻхtatishi kerak.

OʻRQ-599-son Qonunning 4-moddasiga muvofiq, 2007 yil tahriridagi Soliq kodeksida nazarda tutilgan imtiyozlar 2020 yil 1 aprelgacha amal qiladi. Tegishincha, 1 aprelga qadar ish beruvchilar yosh oilalar va qishloq joylarda quruvchilarga ipoteka krediti boʻyicha ilgari amal qilgan imtiyozlarni qoʻllashlari mumkin.

Yangi SKda ipoteka boʻyicha normalar

Yangi SKda ipoteka krediti berishga taalluqli yana bir nechta oʻzgartirishlar mavjud.

  • Ipoteka boʻyicha sotib olingan uy-joyni endi sotish muddatidan qat’i nazar, toʻlanmagan soliqni qoplamasdan sotish mumkin. Ilgari 5 yil oʻtguncha sotilganda JShDS boʻyicha imtiyozlar summasini qoplash lozim boʻlardi.
  • 36 oydan kam muddatda mulkida boʻlgan turar joylarni, shu jumladan ipoteka boʻyicha sotib olingan turar joylarni sotish chogʻida bitimdan olingan daromadga soliq solinishi lozim .
  • Ish beruvchilarning yosh oilalar tomonidan uy-joy sotib olishi va qishloq joylarda uy-joy qurish uchun  dastlabki badalni toʻlash uchun toʻlovlari endi moddiy naf tarzidagi daromad hisoblanadi va JShDS solinadi . Ilgari ushbu summalar хodimning daromadi sifatida qaralmagan .
JShDS va ijtimoiy soliq JShDS va ijtimoiy soliq JShDS va ijtimoiy soliq /oz/publish/doc/text158163_qachon_ipoteka_buyicha_jshds_tulamasa_buladi