9 oyni xatolarsiz yopamiz:
14.08.2020 yildagi 489-son VMQ bilan tasdiqlangan QQS soligʻi summasi oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisida nizom bilan QQSni qaytarish tartibi belgilangan. Buxgalter.uz iltimosiga binoan moliya vazirining oʻrinbosari Dilshod SULTONOV bu haqda batafsil gapirib berdi:
Quyidagilar uchun sotib olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha toʻlangan QQS qoplanadi:
- xorijiy davlatlarning Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlari tomonidan rasmiy foydalanish uchun;
- ularning diplomatik va ma’muriy-texnik xodimlarining (Oʻzbekiston fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar bundan mustasno), shu jumladan, ular bilan birga yashovchi oila a’zolarining (keyingi oʻrinlarda-diplomatik va ma’muriy-texnik xodimlar hamda ularning oila a’zolari) shaxsiy ehtiyoji uchun
.
QQSni qaytarish uchun soliq organlariga sotib olish operatsiya sanasini, summasini, xususiyatini aniqlash va uning ishtirokchilarini identifikatsiya qilish imkonini beradigan xaridlarni tasdiqlovchi hujjatlar nusxasini ilova qilgan holda ariza taqdim etish zarur. Bunday hujjatlar jumlasiga yetkazib beruvchilar tomonidan rasmiylashtirilgan QQS summasi alohida ajratib koʻrsatilgan hisobvaraq-fakturalar, invoyslar, nazorat-kassa texnikasining cheklari, davlat soliq xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtgan chiptalar, talonlar, cheklar yoki shularga tenglashtirilgan boshqa hujjatlar kiradi.
Diplomatik va ma’muriy-texnik xodimlar va ularning oila a’zolari tomonidan sotib olingan tovarlar boʻyicha toʻlangan QQS summasi xorijiy davlatlarning diplomatik va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalari orqali qoplanadi
.
Bunda, koʻrsatilgan shaxslar qaysi ob’yekt boʻyicha QQS summasi qoplanishini mustaqil belgilash huquqiga ega boʻladilar.
Taqdim etilgan hujjatlar kameral soliq tekshiruvidan oʻtkaziladi. Ariza berilgan kundan e’tiboran besh kun mobaynida soliq summasini qoplash (toʻliq yoki qisman) yoki soliq summasini qoplashni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi
.
Chet davlatning qonun hujjatlarida Oʻzbekistonning shu kabi shaxslariga nisbatan QQSni qoplashda qoʻshimcha cheklovlar va shartlar mavjud boʻlishi mumkin. Bu holda soliq organi Tashqi ishlar vazirligi taklifiga binoan Nizomda koʻzda tutilmagan qoʻshimcha cheklovlar va shartlarni paritet asosda qoʻllashi mumkin.
Tashqi ishlar vazirligi har yili joriy yilning 1 fevraliga qadar DSQga:
- xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlari roʻyxatini;
- QQSni qoplashda qoʻshimcha cheklovlar va shartlar toʻgʻrisida ma’lumotni va ularni paritet asosda qoʻllanilishining maqsadga muvofiqligi yuzasidan xulosasini taqdim etadi.