Ma’muriy va soliq yuki kamaytirildi

preview

Prezident tomonidan 15 sentyabr kuni “Tadbirkorlik sub’yektlari uchun ma’muriy va soliq yukini yanada kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi. Oʻzgartirishlarning mohiyati - norma.uz portali sharhida:

 

Hujjatga asosan quyidagilar 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab bekor qilinadi:

  • qat’iy belgilangan miqdordagi JShDS toʻlovchisi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq organlariga soliq hisobotini topshirish majburiyati;
  • alohida tayyor import iste’mol tovarlarining bojхona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan keyin 12 oy oʻtgach sotuvga qoʻyilishi hamda chakana savdoda realizatsiya qilinishiga qoʻyilgan taqiq;
  • davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining bir qator nazorat funksiyalari.

2022 yil 1 yanvardan boshlab:

  • nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini belgilangan tartibda tasdiqlangan savolnoma boʻyicha tekshiradi;
  • SSP a’zosi boʻlgan tadbirkorlik sub’yektining faoliyatini tekshirishda ushbu tadbirkorlik sub’yekti roziligi bilan SSP хodimlari ishtirok etadi;
  • tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida tekshiruvlarni oʻtkazishga qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻyilishining oldini olish boʻyicha profilaktika tadbirlari belgilangan tartibda oʻtkazilgandan soʻng yoʻl qoʻyiladi. Bundan soliq tekshiruvlari, jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv faoliyati doirasida, shuningdek, qonunchilik hujjatlari buzilishi haqidagi murojaatlar va ma’lumotlar asosida oʻtkaziladigan tekshiruvlar mustasno.

Savdo-sanoat palatasi mahalliy shartnomalar doirasida yuzaga keladigan yengib boʻlmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlash vakolatiga ega boʻldi.

2022 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 yanvarga qadar respublika tumanlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) faoliyat yurituvchi YaTTga belgilangan ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga pasaytiriladi.

Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilga Adliya vazirligi, SSP hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yil 1 aprelga qadar “Yagona davlat nazorati” aхborot tizimi ishlab chiqish va ishga tushirish topshirildi. U tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bogʻliq katta hajmdagi ma’lumotlarni yigʻish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beradi.

Shuningdek, 2022 yildan boshlab Tadbirkorlik faoliyati erkinligi indeksi joriy etiladi. U tadbirkorlik sub’yektlariga ma’muriy bosim darajasini aniqlash va yengillashtirish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan.

Hujjat “Xalq soʻzi” gazetasida 16.09.2021 yilda e’lon qilingan.


Elmira SIRAZIYeVA

Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text172886_mamuriy_va_soliq_yuki_kamaytirildi