Xalqaro tashishlarda qanday soliqlar toʻlanadi

preview

Oʻzbekiston korxonasi xorijiy kompaniya bilan tovarni Buyuk Britaniyadan Oʻzbekistonga tashish boʻyicha transport xizmatlarini koʻrsatish uchun shartnoma tuzdi. Shartnoma boʻyicha transport xizmatlari koʻrsatish doimiy muassasa tashkil etilishiga olib kelmaydi. Bunday bitimga soliq solish tartibini buxgalter.uz iltimosiga binoan DSQ Soliq solish metodologiyasi departamenti bosh mutaxassisi Rano ALIShAYeVA tushuntirdi:


QQS

Chet el yuridik shaxslari, agar xizmatlarni realizatsiya qilish joyi deb Oʻzbekiston e’tirof etilsa, QQS toʻlovchilari hisoblanadi .

Xorijiy kompaniyalar uchun Oʻzbekiston tashish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish joyi deb e’tirof etiladi, agar joʻnatish punkti va belgilangan punkt Oʻzbekistonda joylashgan boʻlsa. Chet el yuridik shaxslari tomonidan yoʻlovchilarni, pochtani va yukni ushbu yuridik shaxsning doimiy boʻlmagan muassasasi orqali tashishga doir xizmatlar istisno hisoblanadi .

Keltirilgan vaziyatda joʻnatish punkti - Buyuk Britaniyada, belgilangan punkt esa -Oʻzbekistonda. Mazkur vaziyatda:

  • Oʻzbekiston transport xizmatlari koʻrsatish joyi hisoblanmaydi;
  • xorijiy kompaniya QQS toʻlovchisi hisoblanmaydi;
  • Oʻzbekiston korxonasida transport xizmatlaridan QQS hisoblab chiqarish va toʻlash boʻyicha majburiyat yuzaga kelmaydi.

 

Foyda soligʻi

Oʻzbekistonda doimiy muassasa orqali faoliyat koʻrsatuvchi va (yoki) Oʻzbekistondagi manbalardan daromadlar oluvchi xorijiy tashkilotlar foyda soligʻi toʻlovchilari deb e’tirof etiladi.

Oʻzbekistondagi manbalardan olingan va DM bilan bogʻliq boʻlmagan daromadlardan olinadigan soliq norezidentga daromad toʻlovchi soliq agenti tomonidan hisoblab chiqariladi va ushlab qolinadi .

Bunday daromadlarga, boshqalar qatorida, xalqaro tashish boʻyicha xizmatlar kiradi .

Xalqaro tashish deganda yoʻlovchilarni, yuklarni, tovarlarni, shu jumladan pochtani daryo yoki havo kemalari, avtomobil yoki temir yoʻl transporti orqali, davlatlardan biri Oʻzbekiston boʻlgan turli davlatlarda joylashgan punktlar oʻrtasida amalga oshiriladigan har qanday tashish tushuniladi.

Agar xorijiy yuk joʻnatuvchining doimiy turgan joyidagi davlat bilan ikkiyoqlama soliq solishni oldini olish toʻgʻrisida bitim tuzilgan boʻlsa, mazkur xalqaro shartnomaning qoidalari milliy qonunchilik normalari ustidan ustuvorlikka egadir .

Xalqaro tashishdan olingan daromadlarga soliq solishda ikkiyoqlama soliq solishni oldini olish toʻgʻrisidagi tegishli bitimning “Xalqaro transport” moddasiga amal qilish lozim.

Qoidaga koʻra, Oʻzbekiston bilan tuzilgan ikkiyoqlama soliq solishni oldini olish toʻgʻrisidagi shartnomalarda xalqaro tashishdan olingan daromadlar Oʻzbekistonda soliq toʻlashdan ozod qilingan. Buning uchun xorijiy hamkor soliq agentiga uning mazkur davlat hududida roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi kerak.

SK bunday tasdiqnomaning majburiy shaklini belgilamaydi. Doimiy turganligini, masalan, chet davlatning qonunchiligida belgilangan va vakolatli organi bilan tasdiqlangan shakl boʻyicha turgan joyi toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma bilan tasdiqlash mumkin. Bunday organ ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan.

Shuningdek, ushbu hujjatda apostil - imzolarning haqiqiyligini tasdiqlovchi shtamp qoʻyilgan boʻlishi kerak (agar chet davlat - xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi 05.10.1961 yildagi Gaaga konvensiyasi a’zosi boʻlsa).

E’tibor bering
Oʻzbekiston Respublikasi va Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Hukumati oʻrtasidagi ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish hamda daromad va qiymatning oshishidan sarmoya soliqlarini toʻlashdan bosh tortishni bartaraf qilish toʻgʻrisida 15.10.1993 yildagi Konvensiyaning 8-moddasi 1-bandiga asosan bitta Kelishilayotgan Davlat (Buyuk Britaniya) rezidenti tomonidan xalqaro tashishda kemalar, samolyotlar, temir yoʻl va avtomobil transport vositalaridan foydalanishdan olinadigan foydaga faqat ushbu Davlatda (Buyuk Britaniyada) soliq solinadi.

Oʻzbekiston korxonasi soliq solishdan ozod qilishni yoki pasaytirilgan soliq stavkasini, agar daromad oluvchi - Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi tuzilgan davlatning soliq rezidenti boʻlsa, mustaqil ravishda qoʻllash huquqiga ega .

Agar xalqaro shartnoma tuzilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston korxonasi xorijiy tashkilotga daromad toʻlashda SK normalarini qoʻllashga va soliqni ushlab qolishga haqli.

 

Xulosa:

  • xorijiy kompaniya tomonidan tovarni Buyuk Britaniyadan Oʻzbekistonga tashishda QQS toʻlanmaydi, sababi Oʻzbekiston xizmatlar koʻrsatish joyi deb e’tirof etilmaydi;
  • Oʻzbekiston korxonasi foyda soligʻidan ozod etishni qoʻllashga haqli, agar xorijiy kompaniya daromad toʻlash sanasidan kechiktirmay Buyuk Britaniyada soliq rezidentligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etsa;
  • xorijiy kompaniyaning Buyuk Britaniyada soliq rezidentligini tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlmasa, Oʻzbekiston korxonasi xalqaro tashish xizmatlari qiymatidan 6% stavka boʻyicha foyda soligʻini ushlab qolishi kerak. Aks holda Oʻzbekiston korxonasi ushlab qolinmagan soliq summasi va penyani byudjetga oʻtkazishi shart.

QQS: soliq hisobi — maslahatlar QQS QQS (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text172994_halqaro_tashishlarda_qanday_soliqlar_tulanadi