Tekshiruvdan oldingi tahlil natijalari boʻyicha xabarnoma olsangiz

preview

DSQ soliq toʻlovchilarga tekshiruvdan oldingi tahlil natijalari boʻyicha xabarnomalar yoʻlladi. Bunday xat olganlar nima qilishlari lozimligini buxgalter.uz iltimosiga binoan soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA tushuntirdi:

 

– Soliq toʻlovchi SKning 138-moddasiga muvofiq harakat qilishi kerak.

Xabarnomalarda DSQ soliq hisoboti va soliq toʻlovchining faoliyati toʻgʻrisida soliq organida mavjud boʻlgan boshqa ma’lumotlarda aniqlangan tafovutlar haqida xabar beradi. Javob tariqasida soliq toʻlovchi xabarnoma olingan kundan e’tiboran 10 kun ichida aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki aniqlangan tafovutlarning asosnomasini taqdim etishi shart.

Umuman, qoʻl qovushtirib turishga vaqt yoʻq, soliq toʻlovchilar  bunday xabarnomaga toʻgʻri munosabat bildirishlari kerak.

 

Nega hisob-kitoblarni qayta topshirishga toʻgʻri keladi

Buxgalteriya yoki ma’lumotlarni bazaga kiritish uchun mas’ul boʻlgan boshqa shaxs tomonidan kompyuterda terish yoki yozuvda yoʻl qoʻyilgan  yaqqol xatolarni gapirmaymiz. Bu yerda hammasi ayon: xatoni toʻgʻirlashga toʻgʻri keladi. Lekin ancha murakkab boʻlgan boshqa vaziyatlar ham mavjud, ularni hal qilishda soliqchilarning ishtiroki talab qilinadi. Eng koʻp tarqalgan muammolardan biri - yaxlitlash - verguldan keyin koʻp belgilar hosil boʻlgandan keyin muqarrar boʻlgan eng oddiy operatsiya.

E’tibor bering, xabarnomalarda ijrochi va tafsilotlarni aniqlashtirib olish uchun telefon raqami koʻrsatilmagan. Bu xulosalarning muallifi - soliq organlarining axborot tizimi, kompyuter ekanligidan dalolat beradi. Barchasi Soliq kodeksi qoidalariga muvofiq keladi, tekshiruvdan oldingi tahlil - bu avtomatlashtirilgan tahlil.

Bu nega koʻp xabarnomalar boqimondaga bagʻishlangan, degan savolga qisman javob boʻladi. Ayrim hollarda bu bir necha soʻm miqdorida toʻliq toʻlanmagan toʻlovdir. Biroq, bir yilda yaxlitlash natijasida talay summa yigʻilib qolganiga misollar bor. Misol uchun, mening qoʻlimda aniq holat - 58 mln soʻm miqdorida qoʻshimcha hisoblash mavjud. Bularning barchasi yaxlitlash, aniqrogʻi - soliq hisobotini shakllantirishda bu jarayonga birxillashtirilgan yondashuvning mavjud emasligi oqibatidagi yoʻqotishlar.

Xabarnomaga javob tariqasida har qanday holda hisobotni qayta topshirish va qoʻshimcha soliq toʻlashga toʻgʻri keladi. Bunda kelajak har doim ham soliq toʻlovchiga bogʻliq boʻlmaydi: hatto u tajribadan saboq olgan taqdirda ham, u har doim ham katta tomonga yaxlitlay olmaydi, sababi ushbu jarayon bugungi kunda aksariyat hollarda avtomatlashtirilgandir.

Shubhasiz, soliqchilar ham hisobotning barcha shakllari va DSQ axborot tizimlarida qoʻllaniladigan yaxlitlash tartibini birxillashtirishlari va uni soliq toʻlovchilar e’tiboriga yetkazishlari kerak.

Misol uchun, QQS boʻyicha hisobotda hisobga olishning mutanosib usulida imtiyoz butun raqamgacha yaxlitlanadi. Natijada soliq solinadigan aylanma buzib koʻrsatiladi, chiquvchi QQS oshadi va yil yakuni boʻyicha reyestrga toʻgʻri kelmaydi. Bu talay summa boʻladi.

 

Qachon formulalarni qayta ishlash lozim

Mening mijozimda esa oʻzgacha vaziyat: “Bugun aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha tekshiruvdan oldingi nazorat yuzasidan xabarnoma keldi. Ular bank boʻyicha kirimni olib, realizatsiyani ayirib tashlashgan va farqqa 4% soliq hisoblashgan. Bunda - qarz boʻyicha va ustav fondini koʻpaytirish uchun tushumlar boʻlganini hisobga olishmagan”.

Shu kabi vaziyatlarda hissiyotga kamroq berilishni maslahat beraman. Soliq toʻlovchi soliq organiga dalillar bilan asoslantirilgan javob yoʻllashi kerak. U SK normalariga muvofiq hisob-kitobni amalga oshirgan va soliqni toʻlagan, inspeksiyaga javob xatida mana shuni batafsil bayon etishi lozim. Soliqchilar bunday tushuntirishni qabul qilishadi va sizga boshqa e’tirozlar boʻlmasligi kerak.

Biroq, soliqchilarga ham mulohazalar mavjud. Mazkur vaziyatda amaliy vaziyatni hisobga olgan holda formulani qayta ishlash lozimligi shubhasidir. Aks holda bunday yozishmalar hech qachon tugamaydi: soliq organi va soliq toʻlovchi bir-biriga ayni bir narsa haqida cheksiz yozishadi.

 

Soliqchilarning mantiqiy fikrini qanday tushunish kerak

Oʻquvchilar e’tiborini yana bir jihatga qaratmoqchiman. Xabarnomani oʻqiyotganda nega bunday baho berilganligi haqidagi fikrni har doim ham darhol tushunmaysiz. Soliqchilar bunday vaziyatni e’tiborga olishgan va bizga kompyuter nima uchun bunday hisob chiqarganligi yuzasidan tushuntirish olish imkoniyatini taqdim etishgan. Buning uchun havola boʻyicha oʻtish va xato bergan formulalarni yuklab olish zarur.

Ushbu axborotni oʻzingizda saqlab qoʻysangiz maqsadga muvofiq boʻladi, chunki vaqti-vaqti bilan u yoʻqolib qoladi. Masalan, juma kuni bunday axborot chiqqan. Bugun esa ertalabdan undan foydalanish imkoniyati boʻlmadi. Men esa juma kuni formulalar yoʻqolib qolishi mumkinligi haqida oʻylamaganimdan afsuslandim! Biroq bugun tushga yaqin ushbu axborotdan yana foydalanish imkoniyati paydo boʻldi va bu juda yaxshi - ishlash uchun biror narsa bor. Bunda, agar siz yuklab olingan formulani olib qoʻygan boʻlsangiz, u bilan ishlashdan oldin yana bir bor saytga nazar soling. Soliqchilar qandaydir oʻzgartirishlar yoki tuzatishlar kiritgan boʻlishlari ehtimoldan holi emas.

Soliq toʻlovchilar, hech boʻlmaganda, dastlabki vaqtlarda bunday xato xulosalar koʻp boʻlishiga tayyor turishlari lozim. Ularning koʻpi dasturga kiritilgan formulalar hayotdagi barcha vaziyatlarni hisobga olmasligi tufayli paydo boʻladi.

Yana amaliyotdan vaziyatlar:

  • xabarnomadan ma’lum boʻlishicha, soliq toʻlovchi asosiy vositalarning eskirishi boʻyicha chiqimlarni oshirib yuborgan. Formulani oʻrganish asnosida biz bunday farq qayerdan kelib chiqqanini koʻrdik. Moliyaviy hisobotdan “eskirish boshiga” va “eskirish oxiriga” satrlari ma’lumotlaridagi farq olingan. Uni foyda soligʻi boʻyicha hisobot ma’lumotlari bilan solishtirishgan va natijani olishgan. Biroq ushbu formula faqat korxonada bir yil davomida asosiy vositalarning harakati boʻlmagan, ya’ni hech narsa xarid qilinmagan va sotilmagan vaziyatlar uchun yaxshidir. Aks holda tizim yoʻq joydan xatoni koʻrsatadi;
  • pechenye ishlab chiqaruvchida JShDS va ijtimoiy soliq boʻyicha hisobot ma’lumotlari foyda soligʻi ma’lumotlariga mos kelmadi. Ishlab chiqarish korxonasi uchun bu - mutlaqo normal holat, sababi uning omborida qoldiqlar bor, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, sotish mavjud. Bunday vaziyatlarda ushbu ikkita hisobotda oʻzaro mos kelish hech qachon boʻlmaydi, formulani qayta ishlash zarur.

Soliq toʻlovchilarning javoblari soliqchilarga formulani takomillashtirishda yordam beradi, deb umid qilaman. Bir-ikki oydan soʻng unda xatolar boʻlmaydi.

  Oleg GAYeVOY tayyorladi


Soliq nazorati: soliq hisobi — maslahatlar Soliq nazorati Soliq nazorati (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text179590_tekshiruvdan_oldingi_tahlil_natijalari_buyicha_habarnoma_olsangiz